islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Oʻzbekiston – Misr: hamkorlik aloqalarini mustahkamlash sari yangi qadamlar

Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va boshqa masʼullardan iborat delegatsiya Misr Arab Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Safar davomida delegatsiya vakillari Misrning “Al-Azhar” majmuasi rahbarining oʻrinbosari shayx Muhammad ad-Duvayniy bilan uchrashishdi.

Muloqot avvalida, soha masʼullari tomonidan yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, ajdodlar va dunyo olimlarining boy ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha olib borilayotgan sermahsul faoliyat, bu borada, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining oʻrni va ahamiyati va boshqa bir qator muhim sohaviy yangiliklar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Oʻz navbatida, Al-Azhar universiteti butun dunyoda islom asoslarini puxta oʻzlashtirgan, zamonaviy bilimlarga ega yetuk kadrlarni yetishtirib beruvchi taʼlim muassasasi sifatida shuhrat qozongani, musulmon ummatiga islomning asl insonparvar gʻoyalarini tushuntirish, jaholat bilan maʼrifat oʻrtasidagi farqni ochib berishga ehtiyoj kuchaygan bugungi kunda mazkur taʼlim dargohining ahamiyati yuqori ekani alohida taʼkidlandi.

Tomonlar oʻzaro muloqotda, bugungi kunda inson ongi va dunyoqarashi uchun gʻoyaviy kurash kechayotgani, bu jarayonda, dunyoqarashi toʻliq shakllanmagan baʼzi yoshlarning soxta diniy shiorlar taʼsirida buzgʻunchi oqimlar taʼsiriga tushib qolayotgani dunyo jamoatchiligini tashvish va xavotirga solayotgani aytildi. Bu borada tizimli ishlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Shu kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi Al-Azhar majmuasi tarkibidagi Ekstremizmga qarshi kurash Observatoriyasi (Marsad) faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Maʼlumot uchun mazkur Observatoriya tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan materiallar muntazam tahlil qilib boriladi hamda ekstremistik guruhlarning maʼlumotlari chuqur oʻrganiladi va ularga munosib ilmiy raddiya va munosabatlar beriladi.

Uchrashuv davomida tomonlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish va mavjud hamkorlikni yanada kengaytirish masalasi gʻoyat ahamiyatli ekani alohida qayd etildi.

Kunning ikkinchi yarmida, Oʻzbekiston delegatsiyasi Misr muftiysi, Misr fatvo markazi (Dorul Ifto) rahbari Shavqiy Allom bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Misr fatvo markazi faoliyati va bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar haqida delegatsiyamiz vakillariga maʼlumot berildi.

Oʻz navbatida, oʻzaro hamkorlik aloqalarining istiqbollari haqida soʻz yuritildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Misrdagi turdosh tashkilot va muassasalarda boʻlib oʻtgan muloqotlari oʻzaro samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga safari davom etmoqda.

Manba:

Din ishlari boʻyicha qoʻmita Axborot xizmati

372520cookie-checkOʻzbekiston – Misr: hamkorlik aloqalarini mustahkamlash sari yangi qadamlar

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: