islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Islomda ijtimoiy himoyaning jamiyat barqarorligida tutgan o’rni

Bugungi globallashuv jarayonida dunyoning ko’plab hududlarida xavf-xatarlar, tahdidlar kuchaygan bir davrda tinchlikning qadri yanada ortib bormoqda. Har bir davlatda tinchlikni saqlashga xizmat qiluvchi omillardan biri sifatida ijtimoiy himoya sohasi ham muhim o’rin tutadi. Insonlarning oʻzaro bir jamoa boʻlib yashashi, ijtimoiylashuvi hayotiy ehtiyoj hisoblanib, jamiyatning tinchligi, farovon va barqaror rivoji, uning aʼzolari orasida oʻzaro yordam, qoʻllab-quvvatlash va mustahkam munosabatlar bilan amalga oshiriladi.

Insonlar oʻz ehtiyojlarini qondirish, kamol topish uchun jamoaga birlashuvlari zarur boʻladi. Bu jamoada har bir shaxs oʻz tabiatiga, isteʼdodi va qobiliyatiga yarasha kasb-hunarlarni oʻrganib, har kun oʻz sanʼatida (hunarida) kamolotga yetishga harakat qiladi. Shu sababli (turli millat va dinga mansub) turfa-xil joylarda yashovchi odamlar jamiyatlarga birlashadilar[1].

Islomda ham jamiyatning ahamiyati katta boʻlib, maʼlum toifa kishilarning bir joyda oʻzaro teng huquqqa ega holatda hamkor boʻlib, qoʻllab-quvvatlab, istiqomat qilishiga aytiladi. Bugungi kundagi oʻzini-oʻzi boshqaruvchi davlat organi hisoblangan “Mahalla” institutiga toʻgʻri keladi.

Har bir davr va jamiyatda insonlar qisqa yoki uzoq umrlari davomida turli xil tabiiy va ijtimoiy xavf-xatarlarga duch kelishadi. Insonlar va muassasalar hayot va mulk xavfsizligiga turli shakl va darajada tahdid soluvchi omillarga qarshi doimiy kurash olib borishadi. Inson tabiatidagi mohiyatdan kelib chiqadigan bu tuygʻusi tarixning keyingi davrlarida tajribalar bilan taraqqiy etgan va ayni maqsadni amalga oshirish uchun har bir mamlakatning madaniy tuzilishiga mos ravishda turli yoʻllar bilan ishlab chiqishga harakat qilingan[2].

Ijtimoiy himoya – davlat tomonidan kam taʼminlangan qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tizimlashtirilgan yordam sistemasi boʻlib, davlatning fuqarolarga xizmat qiluvchi ijtimoiy xususiyatini oʻzida aks ettiradi. Bu tizim – mehnat qobiliyatini yoʻqotib, oʻzi ishlab topa olmaydigan, boquvchisini yoʻqotgan bolalar, qariyalar, jismoniy nuqsoni boʻlgan taʼminotga muhtoj insonlarga  nafaqa berishni oʻz ichiga oladi.

Islom huquqida ijtimoiy himoya himoya paygʻambar Muhammad (s.a.v.) asos solgan Madina shahar davlatida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ijtimoiy himoya xizmatlarini amalga oshirgan. Shuningdek, oʻsha davrdagi muhojirlar va ansorlarning oʻrtasida oʻzaro birodarlik munosabatlarini shakllantirish siyosatini olib borganligida namoyon boʻladi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Rasululloh (s.a.v.) Madinada birinchi islom jamiyatiga asos solib, u adolat, muhabbat va ijtimoiy tenglik asosida qurilgan[3]” deb ilmiy xulosasini keltirgan.

Ijtimoiy himoya deganda, avvalo, aholi orasida iqtisodiy jihatdan qiynalgan, oʻzining ehtiyojini qoplash imkoniyatiga ega boʻlmagan fuqarolarga moddiy-maʼnaviy koʻmak berish tushuniladi. Islomda uchta asosiy qism – eʼtiqod, shariat va axloqdan tashkil topgan boʻlsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga rahnamolik qilish ana shu qismlarning har biri bilan chambars-chars bogʻliqdir. Eʼtiqod va iymon bilan bogʻliq jihati Alloh taolo hamma narsaning egasi degan aqidaga tayanadi. Banda qoʻlidagi molidan bir qismini muhtojlarga berishga buyurilgan. Moʻmin kishi bunga sodiq qolgan holda ushbu buyruqni bajaradi. Ijtimoiy himoyaning shariat bilan bogʻliqligi islomning arkonlaridan biri boʻlmish zakotda yaqqol namoyon boʻladi. Axloq bilan bogʻliqligini boshqa sadaqalar borasida koʻrish mumkin. Shuni ham aytish lozimki, islomda ijtimoiy himoya nafaqat moddiy, balki ijtimoiy va ruhiy qoʻllab-quvvatlash bilan ham oʻziga xosdir[4].

Shuningdek, ijtimoiy himoya atamasiga sinonim sifatida qoʻllaniladigan ijtimoiy xavfsizlik tushunchasi islom huquqshunosligidagi (التكافل الاجتماعي) “at-takoful al-ijtimaʼiy” atamasiga bogʻlagan boʻlib, nafaqat maʼno jihatidan, balki xususiyatlari va vazifalari tarafidan ham oʻxshash boʻlib, asosan iqtisodiyot sohasiga qaratilgan. Bu jamiyatning tarkibiy qismlaridan biri sanalib, uning farovonligi va omon qolishining iqtisodiy tizimi hisoblanadi. Bu esa shaxslar va oilalarning real ehtiyojlari isteʼmoli uzoq muddatlik, shuningdek hukumat, jamiyat va shaxslar ishtirokidagi qisqa muddatli hodisalarni himoya qilish uchun moʻljallangan. Shu maqsadda ishlatilishi mumkin boʻlgan boshqa atamalar ham mavjud boʻlib, (ضمان اجتماعي)  “daman ijtimaʼ” yoki (تأمين اجتماعي)  “taʼmin ijtimaʼ”ni oʻz ichiga oladi. “Takoful” soʻzma-soʻz tarjima qilinganda “oʻzaro tovon puli” degan maʼnoni beradi. “Takoful ijtimaʼ” – bu jamiyat aʼzolarining oʻzaro yordamini anglatadi[5]. Demak, ushbu atama oʻzidagi xususiyatlari bilan ijtimoiy himoyani oʻzida aks ettirib, ayrim funksiyalarini bajaradi. Shu jihatdan sinonim sifatida qoʻllash mumkin.

Manbalarda ijtimoiy xavfsizlik toʻgʻrisidagi huquq, gʻoya va tavhid eʼtiqodi moʻminlarni bir vujudga oʻxshashligini taʼkidlaydi. Uning umumiy ruhidan anglash mumkinki, keng maʼnoda ijtimoiy burch va masʼuliyatga shaxslar va jamiyatlarda ijtimoiy masʼuliyat hissini yaratish orqali eʼtibor qaratilgan[6].

Ijtimoiy xavfsizlik quyidagi sabablarga koʻra islom nuqtai nazardan muhimdir:

  1. Adolat va adolatning amalga oshishi.
  2. Asosiy ehtiyojlarni qondirish.
  3. Insonning besh asosiy manfaatlar (shariat maqsadlari)ni himoya qilish.
  4. Odamlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish.

Islom huquqida ijtimoiy himoya ilohiy harakterga ega boʻlib, uning bosh maqsadi “odamlarni Alloh rizoligi uchun xolis himoya qilish” hisoblanadi. Uning tizimlashtirilgan meʼyorlarini amalga oshirish orqali musulmon dunyo va oxirat uchun manfaat topadi.

Demak, ijtimoiy himoya bilan bogʻliq muammolar ham avvalo, shaxs, soʻng oila va jamiyat kabi bir-biriga uzviy bogʻliq boʻlgan zanjir shaklda oʻz ifodasini topgan. Ularni hal qilishda mana shu silsilaga muvofiq yondashib yechimlarini hal qilish lozim.

Islomda faqirlik muammosini avvalo, oʻsha faqirlarni mehnat qilishga targʻib qilish bilan erishiladi. Chunki, mehnat qilish asosiy vazifa hisoblanadi. Biroq jamiyatda mehnatga yaramaydigan yoki munosib ish topa olmayotgan yoxud ishi bor-u, biroq undan oladigan daromadi ehtiyojini qoplashga yetmaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga nisbatan ham zakot, yaqin qarindoshlarga berilishi vojib boʻlgan nafaqa, nafl sadaqa, xayriya, vaqf ishlari, nazrlar, kafforatlar, qoʻshnilar haqi, musofirlar haqi, yetimlarga gʻamxoʻrlik qilish, davlat tomonidan ijtimoiy taʼminot uchun ajratiladigan ajratiladigan haqlar kabilar bilan yordam berib muammolarga yechim bergan[7].

Demak, jamiyatda ijtimoiy himoya masalalarga qanchalik yuqori e’tibor berilsa, u bilan bog’liq muammolar bartaraf qilinsa, bu – tinchlik, farovonlikning ta’minlanishiga xizmat qiladi hamda insonlar o’rtasida norozilik, ziddiyatlar vujudga kelishi oldi olinadi.

Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi

o’qituvchisi, islomshunoslik fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD)

Maxfuzaxon Jaloldinova

[1] Абу Наср Фаробий. Фозил одамлар шаҳри. – Тошкент: Ёшлар матбуоти. 2022. – Б. 238.

[2] Hadi Sağlam. İslam hukuk tarihinde sosyal güvenlik kurumları ve sosyal yardımlaşma ve dayanışma teknikleri

http://www.e-akademi.org/makaleler/hsaglam-2.htm.

[3] Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф. Ислом тарихи. Ж.1. – Тошкент: Hilol-Nashr, 2018. – B. 354.

[4] Ishmatbekov H. Islom – ma’rifat dini. – Toshkent: Qamar-media. 2022. – B. 175, 177-180.

[5] Jalil.А, Haris.А, Ramli.А. The Concept of Social Security in Islamic economy. www.researchgate.net\ publication\312032278.

[6] Hadi Sağlam. İslam hukuk tarihinde sosyal güvenlik kurumları ve sosyal yardımlaşma ve dayanışma teknikleri

http://www.e-akademi.org/makaleler/hsaglam-2.htm.

[7] Ишматбеков Ҳ. Ислом – маърифат дини. – Тошкент: Қамар-медиа. 2022. – Б. 178-179.

436710cookie-checkIslomda ijtimoiy himoyaning jamiyat barqarorligida tutgan o’rni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: