Tarjima san’atiga oid qarashlar insoniyat muloqotga ehtiyoj sezgan ilk davrlardayoq shakllana boshlagan. Tarixga nazar tashlasak, har bir tarjimon o‘z faoliyati davomida muayyan tamoyillar va shaxsiy qarashlariga tayanib ish ko‘rganini ko‘ramiz. IX asrning birinchi yarmida xalifa Ma’mun ar-Rashid tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan “Bayt ul-hikma” (Donishmandlar uyi) akademiyasi tarjimonlik faoliyatini tizimli asosga qo‘ygan ilk yirik ilmiy markazlardan biridir. Bu yerda yunon, fors, yahudiy, sanskrit va suryoniy tillaridan ko‘plab ilmiy, falsafiy hamda axloqiy asarlar arab tiliga o‘girilib, sharhlar bilan boyitilgan holda Islom olamiga tarqatilgan.