islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Usmon roziyallohu anhu yaqin qarindoshlarini hokimiyatga olib kelgani haqdagi xabarlar qanchalik haqiqat?

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ilk peshqadam sahobalardan biri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikki qizlariga uylangan kuyovlari, roshid (toʻgʻri yoʻldagi) xalifalarning uchinchisi. Abu Bakr roziyallohu anhu daʼvati bilan islomni qabul qilgan. Umar roziyallohu anhu vafotidan keyin shuro (maslahat kengashi) yoʻli bilan xalifalikka saylangan. Xalifalik muddati 12 yil davom etgan.

Tarixchilarning ayrimlari Usmon roziyallohu anhu oʻz yaqinlarini hokimiyatning turli jabhalariga noloyiq boʻlgan hollarida tayinlaganini aytib, bu gaplari bilan u zotning shaʼniga nisbatan tuhmat qilganlar. Usmon roziyallohu anhu qarindoshlari ichidan voliylikka tayinlanganlari 5 nafar boʻlib, ular: Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu, Abdulloh ibn Abu Sarh, Valid ibn Uqba, Said ibn Os, Abdulloh ibn Omir. Endi ushbu taʼnaning boʻhton ekanini ochiqlaydigan boʻlsak:

  • avvalambor shuni bilishimiz kerakki, Usmon roziyallohu anhuning jami voliylari ichidan faqat shu beshtalari qarin Uning voliylarini tartib bilan sanaydigan boʻlsak, ular:
  1. Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhu
  2. Qaʼqoʼ ibn Amr
  3. Jobir Muzaniy
  4. Habib ibn Maslama
  5. Abdurrahmon ibn Xolid ibn Valid
  6. Abul Aʼvar Sulamiy
  7. Hakim ibn Saloma
  8. Ashʼas ibn Qays
  9. Jarir ibn Abdulloh Bajliy
  10. Uyayna ibn Nuhos
  11. Molik ibn Habib
  12. Nasir Ajliy
  13. Soib ibn Aqroʼ
  14. Said ibn Qays
  15. Salmon ibn Robiyʼa
  16. Xunays ibn Hubaysh
  17. Ahnaf ibn Qays
  18. Abdurrahmon ibn Robiyʼa
  19. Yaʼlo ibn Munya
  20. Abdulloh ibn Amr Hazramiy
  21. Ali ibn Robiyʼa ibn Abdul Uzzo

Yuqorida sanalgan umaviy besh voliyni ham qoʻshib hisoblasak, jami 26 nafar voliy boʻladi.

Ushbu besh voliyning barchasi bir vaqtda tayinlanmagan. Usmon roziyallohu anhu Valid ibn Uqbani Kufaga voliy qilib tayinlagan, soʻng uni boʻshatib, oʻrniga Said ibn Osni tayinlagan. Keyin uni ham bu vazifadan ozod qilgan. Usmon roziyallohu anhu vafot etgan vaqtlarida umaviylardan faqat uch kishi voliy edi: Muoviya, Abdulloh ibn Abu Sarh, Abdulloh ibn Omir.

Banu Umayya vakillari Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham, u zotdan keyin ham voliylikka tayinlanganlar va bu borada birorta ham eʼtirozlar boʻlmagan. Hattoki, tahlil qiladigan boʻlsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng koʻp Banu Umayya vakillarini omil (ishchi) qilganlarini bilamiz. Masalan, Attob ibn Usayd ibn Abul Os Makkaga, Abu Sufyon ibn Harb Najronga voliy boʻlgan, Xolid ibn Said Banu Muzjah qabilasining zakotiga oshirlikka, Abon ibn Saʼd baʼzi sariyyalarga, soʻng Bahraynga amir boʻlgan. Avvalgi ikki xalifa faoliyatida ham ular faol ishtirok etganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu Yazid ibn Abu Sufyonni Shom fath etilishi uchun yuborilgan qoʻshinlardan biriga qoʻmondon qilgan, undan keyin Umar roziyallohu anhu ham uni oʻrnida qoldirgan, vafotidan soʻng uning oʻrniga ukasi Muoviya roziyallohu anhuni Shom voliysi qilib tayinlagan.

Koʻrinib turibdiki, Usmon roziyallohu anhudan ham avval Banu Umayya davlat ishlarida ishtirok etgan.

Endi navbatdagi savol: Usmon roziyallohu anhu tayinlagan voliylarda ushbu mansabga loyiqlik bor edimi? Ular voliy boʻlib turgan chogʻlarida qanday ishlar olib bordilar? Ushbu soʻroqlarga javob topish uchun biz Usmon roziyallohu anhu Banu Umayyadan tayinlagan voliylarning shaxsiyati, u haqidagi xolis odamlar fikri, faoliyati haqida maʼlumot berib oʻtishimiz zarur.

  1. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu. Tarjimai hol olimlari u kishining koʻplab fazilatlarini sanab oʻtishgan. Biz bir nechtasini eslab oʻtamiz:

Qurʼoni Karimdan:

Tavba, 26-oyat.

Muoviya roziyallohu anhu Hunayn gʻazotida ishtirok etgan, Alloh Nabiysi va yonidagilarga sakinat tushirganlar sirasidan edi.

Sunnatdan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoviya roziyallohu anhu haqqiga koʻplab duolar qilganlar, masalan: «Allohim, uni hidoyatga boshlovchi, hidoyat topgan qilgin», «Allohim, Muoviyaga yozish va hisobni oʻrgat hamda uni azobdan asra». Yana Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ummatimdan Qaysar shahriga birinchi boʻlib gʻazot qilgan qoʻshin magʻfirat qilinadi», deb aytganlar. Muoviya roziyallohu anhu birinchi boʻlib dengiz osha Qustantiniyyaga gʻazot qilgan.

Ahli ilmlarning u zot haqidagi maqtovlari:

Ibn Abbos roziyallohu anhumoga: «Amirul muʼminin Muoviyaga qaramaysizmi, u vitrni bir rakat oʻqiydi», deyildi. Ibn Abbos: «Albatta u faqihdir», dedilar.

Qobiysa ibn Jobir dedi: «Muoviyaga hamroh boʻldim, undan koʻra halim, jahli sekin, qaysarlikdan uzoq odamni koʻrmadim».

Shunindek, uning vahiy kotibi boʻlgani, saxovatli boʻlgani, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaynogʻa boʻlgani, hadisi maqbul roviy ekani kabi koʻplab fazilatlari bor.

Qozi Abu Bakr Ibnul Arabiy shunday degan: «Abu Bakr Siddiq akasi Yazidni voliy qildi, u esa Yaziddan oʻrinbosar boʻldi, Umar uni voliyligini maʼqulladi, Usmon uni Umarning ishiga bogʻlab, tan oldi. Siz bu mustahkam zanjir silsilasiga boqing».

Demak, xulosa qiladigan boʻlsak, Usmon roziyallohu anhu Muoviyani bu ishga tayinlamagan, uni voliyligini eʼtirof qilib, oʻz oʻrnida qoldirgan va oʻzidan avvalgilarni ishini davom ettirgan. Muoviya roziyallohu anhu ham ushbu mansabga loyiq inson ekani uning raiyyati toʻlaligicha unga boʻysunib, itoat qilganidan bilish mumkin.

  1. Abdulloh ibn Omir ibn Kurayz ibn Abdushshams. Hijratning 4-yili tugʻilgan. Hijratning 7-yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qazo umrasi uchun Makkaga borganlarida uni koʻtarib, ogʻziga tuflaganlari haqida maʼlumotlar bor. Usmon roziyallohu anhu bilan ona tarafdan ham qarindoshligi bor, uning togʻasini oʻgʻli hisoblanadi. Hijratning 29-yili Usmon roziyallohu anhu tarafidan Basra shahrining voliysi bo’ladi. Voliy bo’lgach, Basrada juda ko’p islohotlarni amalga oshirgan. O’zining shaxsiy mablag’idan Basra bozorini sotib olib, xalqqa tuhfa etgan. Basrada ikkita daryo qazdirgan. Shu kabi ko’p ishlari tufayli Basra ahlining muhabbati va hurmatiga sazovor bo’lgan. Imom Zahabiy u haqida: “Arab amirlarining ulug’i, shijoatlisi, saxiyi edi. Unda halimlik va marhamat bor edi”, deb aytgan.
  2. Abdulloh ibn Sa’d ibn Abu Sarh. Usmon roziyallohu anhuning emikdosh ukasi. Misrga voliylik qilgan. Agar uning harbiy faoliyatiga nazar soladigan bo’lsak, naqadar mohir sarkarda bo’lganini ko’ramiz. Ilk bor Nubiya (Afrikadagi davlat)ni fath qilgan. Rumliklar bilan yuz bergan Zotus Suvaro jangida g’alaba qilgan. Voliylik qilgan vaqtida Misr ahli undan juda mamnun bo’lgan. To Abdulloh ibn Saba’ boshliq fitnachilar avj olmagunicha, Misrda osoyishtalik hukm surgan. Usmon roziyallohu anhu fitnachilar tomonidan shahid etilgach, ishdan bo’shab, Falastinning Ramla hududiga ketadi va o’sha yerda vafot topadi.
  3. Valid ibn Uqba ibn Abu Muayt. Valid ibn Uqba Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhumo) davrlarida davlat boshqaruvida ishtirok etgan shaxslardan bo’lgan. Abu Bakr (roziyallohu anhu) xalifalik vaqtida qo’mondon Xolid ibn Valid (roziyallohu anhu)ga xalifaning maxfiy buyruqlarini yetkazuvchi odam bo’lgan. Hijriy 13-yilda Banu Quzoadan zakot olishga yuboriladi. Keyinchalik Shom diyorini fath qilish uchun yo’lga chiqqan qo’shinga madad kuchi sifatida yuboriladi. Umar (roziyallohu anhu) davrida Banu Tag’lib va Arab orollariga amir bo’ladi. Kufa amiri etib Usmon (roziyallohu anhu) tayinlaydi. Ko’plab kitoblarda kelganidek, u haqida “Ey iymon keltirganlar, agar sizga bir fosiq xabar olib kelsa, tekshirib ko’ring” oyati nozil bo’lmagan. Chunki oyat nozil bo’lishiga sabab bo’lgan odam Banu Musta’liq qabilasiga zakot olish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan yuborilgan odam bo’lgan. U vaqtda Validning yoshi kichik bo’lib, sahih ma’lumotlar shuni tasdiqlaydi.

Uning xamr ichgani, 2 rak’at namozni 4 rak’at qilib o’qib bergani haqidai ma’lumotlar Sahihi buxoriy va Muslimda kelgan.  Usmon roziyallohu anhu jazo sifatida uni darralagan. Lekin bu Usmon roziyallohu anhuga ta’na qiladigan emas, balki maqtaladigan ishdir. Shu bilan birga, garchi sahih hadislar mavjud bo’lsada, Ibn Xaldun, Ibn Hajar Asqaloniy, Muhiddin Xatib kabi ulamolar buni Validning sha’nini yerga urish maqsadida to’qib chiqarilgan yolg’on deganlar. Voliylaridan doimiy ravishda arz qiluvchi kufaliklar uning ustidan ham shikoyat qilavergach, Usmon roziyallohu anhu uni ishdan bo’shatadi.

  1. Said ibn Os. Valid ibn Uqbadan keyingi Kufaning voliysi. Usmon mus’hafini yozishda ishtirok etgan insonlardan. Nabiy alayhissalom vafot etganlarida 9 yoshda bo’lgan. Kufada voliy bo’lib turgan vaqtida Tabaristonni fath qiladi, Jurjonga yurish qiladi. Qo’shinida Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu kabi sahobalar bo’lgan.

Umaviylar orasidan Usmon roziyallohu anhu davrida voliy bo’lganlar shu besh kishi edi. Har birlari haqida qisqacha berilgan ma’lumotlar orqali ham ko’rinib turibdiki, Usmon roziyallohu anhu ularni yaqin qarindoshlari bo’lgani uchun emas, voliy bo’lioshga loyiq bo’lganlari uchun ixtiyor qilgan. Darhaqiqat, Usmon roziyallohu anhu xusumatchilarining avvalgilari tuhmat qilgan, keyingilari insof qilmagan mazlum xalifa edi.

 

Doktor Aliy Sallobiyning “Mo’minlar amiri

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) shaxsiyati va asri”

 kitobi asosida Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent Islom Instituning 4-kurs talabasi

 Yusufiy Rokiya tayyorladi

277570cookie-checkUsmon roziyallohu anhu yaqin qarindoshlarini hokimiyatga olib kelgani haqdagi xabarlar qanchalik haqiqat?

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: