islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Payg’ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning ta’lim va tarbiya uslublari

Qalam bilan ilm oʻrgatgan, insonga bilmagan narsasini taʼlim  bergan Allo taologa hamd-sanolar boʻlsin. Butun bashariyatga muallim qilib yubori Rosululloh sallallohu alayhi vasallamga salotu-salomlar boʻlsin.

Oʻqish, yozishni, biron- bir insondan taʼlim olmasdan butun basharga muallim etib yuborilgan Rosululloh sallallohu alayhi vasallamga salotu-salomlar boʻlsin.

Ta’lim va tarbiyaning o‘rtasida ochiq-oydin farq bor. Ta’lim, tarbiyaning bir juz’idir. Tarbiya esa ta’limni o‘z ichiga oladi, aksincha emas. Demak, tarbiya o‘z-o‘zidan ta’limga nisbatan komil va keng qamrovlidir. Islomiy tarbiyaning ma’nosi esa jamiyatda har taraflama komil inson shaxsiyatini barpo qilish va albatta, bu tarbiya ruhiy, aqliy va jismoniy taraflarni o‘z ichiga oladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini yaxshilab o‘rganish asnosida u zotning nafaqat ibodatda, balki, jamiyki o‘rinlarda: xulq-atvor, muomala va ta’lim-tarbiya berishda ham namuna ekanliklarini bilib olamiz.

Alloh taolo oʻzining kitobi Qurʼoni karimda u zotni butun bashariyatga muallim qilib yuborgani haqida shunday marhamat qiladi.

هُوَ ٱلَّذِى بَعَثَ فِى ٱلْأُمِّيِّنَ رَسُولًا مِّنْهُمْ يَتْلُوا۟ عَلَيْهِمْ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلْكِتَٰبَ وَٱلْحِكْمَةَ وَإِن كَانُوا۟ مِن قَبْلُ لَفِى ضَلَٰل مُّبِينٍ

U zot savodsizlar ichidan, garchi ular bundan avval ochiq zalolatda bo‘lsalar ham, ularga oyatlarini o‘qib beradigan va ularni poklaydigan hamda kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Payg‘ambarni yubordi. [1]

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng yaxshi muallim bo‘lganlar. Bugungi kunda barcha muallimlar u zotdan o‘rnak olishlari lozim. U zotning ta’lim uslublari shu qadar mukammal va manfaatli bo‘lganki, u zot bergan ta’lim-tarbiyani o‘zlashtirgan tolibi ilmlar butun jahonga mashhur bo‘lishgan. Shu qatorda yurtimizdan chiqqan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Ibn Sino kabi ulamolarimiz bunga yorqin dalildirlar.

Muoviya ibn Hakam as-Sulamiy roziyallohu anhu aytadilar: “Ota-onam u zotga fido bo‘lsin! U zotdan oldin ham, keyin ham u zotdan yaxshiroq muallimni ko‘rmadim. Allohga qasamki, u zot meni jerkimadilar, urmadilar va so‘kmadilar!” (Imom Muslim rivoyati).

Quyida bugungi kunda muallimlar muhtoj bo‘ladigan u zotning odob-axloq, chiroyli ta’lim berish va go‘zal uslublari bilan tanishamiz:

  1. Ta’lim oluvchiga savol berish uslubari:

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga: “Allohning bandalariga va bandalarning Allohga bo‘lgan haqlarini bilasanmi?” dedilar. U kishi esa “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq” javob berdilar. Bu holat uch marotaba takrorlandi. U zot: “Allohning bandalari ustidagi haqqi ular Allohgagina ibodat qilishliklari va Unga biror narsani sherik keltirmasliklaridir. Bandalarning Alloh taolodagi haqlari esa Alloh Unga sherik keltirmagan kishini azoblamasligidir” deb aytdilar.

Abu Hurayra raziyallohudan rivoyat qilinadi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “

«Aytinglar-chi, agar biringizning eshigi oldida anhor bo‘lsa, u o‘shanda har kuni besh marta yuvinib tursa, uning kiridan biror narsa qoladimi?» dedilar.

«Uning kiridan hech narsa qolmaydi», deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Ana shunga o‘xshab, Alloh besh vaqt namoz ila xatolarni yuvadi», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.[2]

Bu usulda ikkita foida bor:

Ta’lim oluvchida javobga shavq uyg‘onadi va uni eshitgandan so‘ng unda chuqur ilm hosil bo‘ladi.

Ta’lim oluvchi o‘zidagi tushunchani aytadi. Agar tushunchasi to‘g‘ri bo‘lsa muallim uni rag‘batlantiradi. Agar tushunchasi noto‘g‘ri bo‘lsa, muallim uni to‘g‘rilab qo‘yadi.

  1. Savolni takrorlashni so‘rash va so‘rovchini maqtash uslublari

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Menga meni Jannatga yaqinlashtirib, do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering” deb so‘raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga qarab: “Darhaqiqat, to‘g‘ri yo‘l topdi” dedilar. So‘ng: “Nima deding?” dedilar. U kishi savolini qaytardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘g‘ridan-to‘g‘ri haligi kishiga javob bermadilar. Birinchi sahobalariga qarab, ularning e’tiborini tortib, so‘ng savolni qaytarishni buyurdilar. Chunki, ko‘pincha talabalar chalg‘ib qolishi mumkin. Shu sababdan ularning e’tiborini tortib, so‘ng javob berish kerak.

  1. Yangi ma’lumot yetkazishlikka ta’lim oluvchini qiziqtirib qo‘yish uslublari:

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Abu Said ibn Muallo roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Masjiddan chiqishingdan oldin senga Qur’oni karimdagi ulug‘ suralardan birini o‘rgataman” dedilar. Keyinroq qo‘limdan ushlab masjiddan chiqa boshlagan edilar men u zotga: “Menga Qur’oni karimdagi ulug‘ suralardan birini o‘rgataman deb aytmaganmidingiz?” dedim. So‘ng u zot: “Alhamdulillahi Robbil aalamiyn (Fotiha surasi). Ikki marta nozil bo‘lgan yetti oyat” dedilar. Talabalarni bir yangilik aytaman deb qiziqtirib qo‘yish, dars mobaynida sergak o‘tirishlarini ta’minlaydi.

  1. Taʼlim oluvchida taassurot qoldirish uslublari:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim besh xislatni o‘rganib unga amal qilishni yoki amal qiladigan kishiga o‘rgatishni xohlaydi” dedilar. Shunda “Men” dedim. U zot mening qo‘limdan tutib, barmoqlarimda sanay boshladilar: “Haromlardan saqlan —insonlarning obidrog’i bo‘lasan, Alloh senga taqsim qilgan narsaga rozi bo‘l —insonlarning behojati bo‘lasan, qo‘shningga yaxshilik qil —(komil) mo‘min bo‘lasan, o‘zingga yaxshi ko‘rgan narsangni insonlarga ham yaxshi ko‘r (komil) — musulmon bo‘lasan va ko‘p kulmagin chunki u qalbni o‘ldiradi” (Imom Ahmad rivoyati). Bu usulda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhuning qo‘llaridan tutib, barmoqlari oraqali besh xislatni sanab, ko‘rsatib berdilar. Shunga o’xshash usul ta’limda qo’llanilsa, talabalarning zehnida ilm yaxshi o‘rnashadi.

  1. Ma’noni ochib berishda ishora qilish uslublari:

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari bilan ishora qilib “Men va yetimni kafillikka olgan kishi jannatda bunday bo‘ladi” dedilar.

  1. Rosululloh sallalohu alayhi vasallamning shariat ilmlarini oʻrgatishliklarida tadrij (bosqichma-bosqich ) bilan taʼlim berishlari.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga shariat ilmlarini qalbida yaxshi oʻrnashib, unga amal qilish oson boʻlishi va zehnlarida saqlab qolishlari uchun birin-ketin, ketma-ket, avval eng muhimi soʻng undan keyingi oʻrindagisini taʼlim berar edilar.

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu  shunday dedilar – “Biz Rosululloh sallollohu alayhi vasallam bilan birga edik,  biz esa  endi balogʻatga yetgan ikki oʻspirin edik . U kishi bizga avval quronni taʼlim berishdan avval iymonni taʼlim berdilar, soʻng Qurʼonni oʻrgandik, shu sababli iymonimiz yanada ziyoda boʻldi.[3]  Yangi taʼlim olishni boshlagan oʻquvchilarga ham qiyin shunarsiz mavzudan koʻra sodda va oson mavzularni taʼlim berish, oʻquvchini zerikib, malollanib qolishdan saqlaydi.

  1. Taʼlim berishda zarbul masal keltirish.

Rosululloh Sollallohu alayhi vasallam sahobalarga taʼlim berishda koʻzlagan maqsadlariga yetish uchun koʻp oʻrinlarda  zarbul masal keltirar edilar. Bu uslub taʼlim oluvchini tushunishini osonlashtiradi,  daqiq maʼlumotlarni zehnida saqlab qoladi. Alloh taolo oʻz kitobida juda koʻp misollar keltirgan Rosululloh sallollohu alayhi vasallam ham oʻzlarini maviza va kalomlarida Qurʼoni karimga ergashib misollar keltirdilar.

“Qur’on o‘quvchi va unga amal qiluvchi mo‘minning misoli utrujja (apelsin) kabi, uning ta’mi ham, hidi ham shirin. Qur’on o‘qimaydigan mo‘minning misoli xurmo kabi, uning ta’mi shirin, lekin hidi yo‘q. Qur’on o‘qiydigan fojirning misoli rayhon kabidir. Uning mazasi achchiq, biroq hidi shirin. O‘zi fojir, buning ustiga Qur’on o‘qimaydigan kishining misoli qalampir kabi, uning hidi ham yo‘q, mazasi ham achchiq”, deyiladi. [4]

  1. Rosululloh sallallahu alayhi vasallamning taʼlim berishda yerga va tuproqqa rasm chizish bilan taʼlim berishlari.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “ Biz  Paygʻambarimiz sollollohi alayhi vasallam huzurlarida oʻtirgan edik, qo’llari bilan yerga chiziq chizdilar va “Bu Allohning to’g’ri yo’lidir”, dedilar. So’ng chiziqning o’ng va chap tomonlariga ikkita chiziq chizdilar va bu yo’llar Shaytonning yo’llaridir, undan soʻng oʻrtadagi chiziqqa qoʻllarini qoʻyib ushbu oyatni tilovat qildilar”.

عن سبيله ذلكم وصاكم به لعلكم تتقون} وأن هذا صراطي مستقيما فاتبعوه ولا تتبعوا السبل فتفرق بكم

Albatta, mana shu Mening To’g’ri Yo’limdir. Bas shu yo’lga ergashinglar! (Boshqa) yo’llarga
ergashmangizki, ular sizlarni Uning yo’lidan uzib qo’yar. Shoyad taqvo qilsangiz,  sizlarni mana shu narsalarga buyurdi”[5]

Oʻquvchilarga taʼlim berishda ularni zehnida qolishi uchun turli rasmlar va koʻrgazmali qurollar bilan foydalanish ularni yanada rivojlantiradi.

    9.Rosululloh sallalohu alayhi vasallam qaytarilgan narsani xaromligini taʼkidlash uchun qoʻllarida koʻrsatib taʼlim berish.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “ Rosululloh sallalohu alayhi vasallam chap qoʻllarida  ipakni, oʻng qoʻllarida oltinni oldilarda u ikkisi bilan qoʻllarini yuqoriga koʻtarib, “ bu ikkisi ummatimni erkaklariga xarom ayollariga halol “- deb aytdilar.

Taʼlim berishda qaytarilgan narsani faqat soʻz bilan emas qoʻl bilan koʻrsatilsa zehnda qoladi, xaromligi  yanada taʼkidli boʻladi.

    10.Rosululloh sallalohu alayhi vasallam sahobalarga savol berib, toʻgʻri topsa uni maqtab qoʻyishga.

Muoz ibni Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “ Rosululloh sallalohu alayhi vasallam: “Ey Muoz, (sendan bir masala so‘ralganda) nima bilan hukm qilasan?” Men: “Allohning kitobi bilan”, dedim. “Agar undan (javobni) topa olmasang-chi?” so‘radilar yana. “Rasulullohning sunnatlari bilan”, deb javob qildim. “Undan ham topa olmasang-chi?” yana savol berdilar Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam). “U holda o‘z ra’yim bilan ijtihod qilaman”, dedim. Shunda u zot alayhissalom qoʻllari bilan koʻksimga urib: “Rasulullohning elchisini Alloh va rasuli rozi bo‘ladigan ishlarga muvofiq qilib qo‘ygan Rabbimizga hamd bo‘lsin”, dedilar.

Rosululloh sallalohu alayhi vasallam sahobalarga gohida bilimlarini sinash uchun savol berar edilar har ular toʻgʻri topsalar ularni maqtab, unga boʻlgan muhabbatni izhor qilar edilar. Oʻqituvchi ham bilimdon iqtidorli talabalarni tengdoshlari orasida maqtab, ularga tashakkurlar aytsa bu talabani oʻqishga yanada ragʻbati oshadi.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’lim berish usullarining bir qanchasinigina zikr etdik xolos. Bulardan boshqa usullari ham mavjud. Yuqoridagilar asosiy usullaridan bo‘lganligi bois ularni keltirdik. Hozirgi kunda zamonaviy oʻqitish metodikasini kashf etdik deb bong urayotgan gʻarb olimlari Rosululloh sallalohu alayhi vasallamni sahobalarga bergan taʼlim- tarbiyalariga biroz eʼtibor qaratsa unda  eng manfaatli va samarali taʼlimga guvoh boʻladi.

Alloh taolo yurtimizdagi ustozlarga va tolibi ilmlarga barakalarini yog‘dirsin!

Toshkent islom instituti talabasi

Xasanov Husniddin

 

[1] Juma surasi 2-oyat

[2] “Ar-Rosul al-muallim va asaliybuhu fit-taʼlim” Abdulfattoh Abu Gʻudda  93- bet.

[3] “Ar-Rosul al-muallim va asaliybuhu fit-taʼlim” Abdulfattoh Abu Gʻudda  77- bet.

[4] Ar-Rosul al-muallim va asaliybuhu fit-taʼlim” Abdulfattoh Abu Gʻudda  114- bet.

[5] [An’om 153]

414390cookie-checkPayg’ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning ta’lim va tarbiya uslublari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: