islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Xulqi Qur’on bo‘lgan Zot…

Olamlar Parvardigori Alloh Taolo barcha narsani yaratishdan oldin Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning nurlarini yaratdi, hamda nurni otamiz Odam alayhissalom peshonalariga joyladi. Bu nur Odam alayhissalomdan keyingi Payg‘ambarlarga o‘tib keldi va alal-oqibat olamlarni yoritguvchi nur – Nabiyimiz buzrukvorlari Abdulloh ibn Abdumutallibning peshonalariga ko‘chdi. U zotning peshonalaridagi nur qalb ko‘zi ochiqlargagina ko‘ringan. Nabiyimiz otalari Abdullohning onalari Ominaga nikohlari barokatidan olamlarga rahmat bo‘lgan Rasulimiz tavallud topdilar. Bu kun Fil yilida, Rabiul avval oyining o‘n ikkinchisi Dushanba kuni edi. Rabiul avval oyi suyukli Nabiyimiz tavallud topgan kun bo‘lgani bois o‘zgacha shukuhda o‘tkaziladi.

Imomul Anbiyo val-Mursalin, Sayyidul avliyo val-axirin, Hazrati Mustafo va Janob Ahmad Mujtabo sollallohu alayhi vasallam quyosh chiqmay turib, Makkai Mukarramada, amakilari Abu Tolib uyida dunyo yuzini ko‘rdilar. Hazrati Karim Nabiy alayhis-salom otadan ham onadan ham yolg‘iz farzand edilar. Dunyoga kelmaslaridan oldin otadan yetim qoldilar. Bobolari Abdulmuttolib nabiralarining ismlarini ta’rif-u maqtovga haqli bo‘lsin deb “Muhammad” qo‘ydilar. U zotni olamlar Parvardigori O‘zining  Aziz kalomida maqtagan, maloikalar va mo‘minlar maqtab hamd aytishadi. Suyukli Nabiyimiz xulqlari bilan Alloh Taolo olamdagi makorimul axloqni komil qildi. U zot-u bobarakotni Alloh Taolo o‘z bandalarini zulmatdan nurga chiqarish, ularga tavhidni yetkazish, halol va harom orasini ajratish, makorimul axloqni mukammal qilish, hamda o‘zining rozi bo‘lgan dini bo‘lmish Islom risolatini u zot vositalarida o‘zining bandalariga rahmat o‘laroq yetkazishni iroda qildi. U Zotning xulqlari Qur’on edi, shuningdek, odob-axloqlar ichida eng go‘zali, komili, yoqimlisi edi. U Zot Qur’onda qanday yaxshi sifatlar, maqtalgan odoblar bo‘lsa, ular u bilan ziynatlangan, qanday razil yomon xulqlar bo‘lsa, ulardan xoli edilar.

Hayo dinimizda maqtalgan fazilat sanaladi. Bu borada Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bizga o‘rnak bo‘ldilar. Rasululloh agar biror narsani xush ko‘rmasalar ochiq aytmas edilar, balki yuzlaridan bilinar edi. Hech urushib, koyib, malomat qilmaganlar. Bunga quyidagi hadis misol bo‘ladi:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga 10-yil xizmat qildim, menga biror marta uf demadilar, shu bilan birga buni nimaga qilding yoki buni nimaga qilmading”, demadilar.

Bundan olinadigan ibrat 2 turli bo‘lib:

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘l ostilaridagilarga qilgan go‘zal muomalalari.
  2. Anas roziyallohu anhuning xolis qilgan xizmatlari. Ular Rasulullohning xizmatlariga chog‘lanishganda doim avvalgi safga haris bo‘lganlar. Anas roziyallohu anhuni Rasululloh erkalab Unays yoki o‘g‘ilcham deb chaqirar edilar.

Rasululloh sabrlilarning eng sabrlisi bo‘lganlar. Hattoki sahobalar yozishni, o‘qishni bilmaganliklari uchun zehnlarida yaxshi qolishiga chizib, turli uslublarni qo‘llab ta’lim berganlar. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam mo‘minlarga eng buyuk muallim bo‘ldilar. Alloh Subhanahu Taolo O‘zining kalomi bo‘lmish Qur’oni karimda Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni maqtab zikr etdi: “Sen ulug‘ xulq uzradirsan”. Sharhi: Bu odob Qur’ondir. Alloh Sizni Qur’on bilan odoblantirdi, ya’ni xulqingizni Qur’on qildi. Qur’oniy odob Islom va Allohning shariatidir.[1]

U Zot majlislariga qavm ichida eng yomon, beadab qo‘pol kimsa kelib qolsa ham, uni ochiq chehra bilan kutib olar, shirin so‘zlar aytib yuzlarini unga qaratar, so‘zlari bilan ham unga bee’tibor emasliklarini bildirardilar.

Rasululloh besabab g‘azab qilmas edilar, ularga biror narsa xush kelmasa, yuzlari qizarib ketar, agar ma’qul deb topsalar, tabassum qilar edilar. Nabiy alayhissalomni ayollariga ham chiroyli xulq bilan muomala qilganlariga guvoh bo‘lamiz. Rasululloh ayollari rashk qilib jahl qilganda ham og‘ir-bosiqlik bilan go‘zal o‘rnak bo‘lganlarini quyidagi hadisda ko‘rishimiz mumkin:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom ayollaridan birining huzurida edilar. Mo‘minlarning onalarining birlari idishga taom solib, o‘z xodimlaridan yubordilar. Bas, U (ayol) idishni qo‘li bilan urib sindirdi. Nabiy alayhissalom idishning ikki bo‘lagini bir-biriga qo‘shib jamlab, unga taomni yig‘a boshladilar va : “Onangiz rashk qildi, yenglar”, – dedilar. Ular to u ayolninng idishi kelguncha yedilar. U Zot : “Yenglar”, deb, xizmatchini ham, idishni ham tutib turdilar. Toki ular taom yemoqdan forig‘ bo‘lganlarida butun idishni xizmatchiga berdilar”[2].

Ushbu hadisdagi Rasululloh huzurlaridagi zavjai mutohharalari Oisha onamiz bo‘ladilar. Roviylar bu ishni maqtovga sazovor emas, deb tushunib, U kishini ismlarini ochiq aytishmagan. Rasulullohga taom yuborgan zavjalari Sofiya onamiz bo‘ladilar. Bu o‘rinda bizga ibrat bo‘ladigan jihat Rasulullohning go‘zal tarzda Oisha onamizga ta’lim berganlaridir. Oisha onamiz bu ishlaridan xijolat bo‘lib, Rasulullohdan bu ishimning kafforati nima, Yo Rasulalloh? –deb so‘raydilar. U Zot idishga o‘xshash idish, taomga o‘xshash taom deb javob beradilar.

Agar U Zotga biror kishi yomonlik qilsa, yomonlik bilan qaytarmas, aybidan o‘tar, kechirib yuborar edilar. Aslida yomonlikni yomonlik bilan jazolash joiz bo‘lsa-da, yuksak odob sohibi bo‘lgan Payg‘ambarimiz aynan shunday yo‘l tutganlar. Albatta, bu o‘ch olishga ojizlikdan emas, karami kengligidan qilinadi.

Rasululloh sollallohu alyhi vasallam siyosat bobida ham mohir yetakchi bo‘lganlar. Odamlar qalbini ochiq chehra, go‘zal muomala keng karam, mehr-oqibat bilan zabt etar, haq dinga kirishga moyil qilardilar.

Habibimiz alayhissalom ummatlariga ikki dunyoda ham rahmat o‘laroq jon kuydirganlar. Bu dunyo diyorida ularning o‘gitlari hidoyat chirog‘i bo‘lib kelmoqda. Oxirat diyorida esa Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning Alloh Taolodan ummatlari uchun so‘ragan shafoatlari mo‘minlar uchun cheksiz in’omdir.

Toshkent islom instituti talabasi

Ismatullayeva Odina

[1] Tafsiriy Tobariy. 564-bet. Qalam surasi 4-oyat sharhi.

[2] Sahihi Buxoriy. 5225-bet.. Fathul Boriy. 125 24/5.

423180cookie-checkXulqi Qur’on bo‘lgan Zot…

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: