Abu Zayd Dabusiy (367-430/978-1039)ning to‘liq ismi Ubaydulloh ibn Umar ibn Iso Dabusiy bo‘lib, “Abu Zayd” uning kunyasidir. Buxoroning mashhur yetti qozisidan biri bo‘lgan. Abu Zayd Dabusiyning ota-onasi, oilasi va yoshligi haqida cheklangan miqdordagi ma’lumot uchraydi. Abu Zayd Dabusiy yashagan davr Movarounnahrda ilm-fan rivojlanayotgan davr bo‘lib, hanafiy va shofi’iy mazhablari o‘rtasida ilmiy munozaralar kuchaygan edi[1].
Dabusiy ikki buyuk faqih Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy va Abu Bakr Jassosning shogirdi Abu Ja’far Abdulloh Ustrushoniylardan fiqh, usulul fiqh, xilof, jadal va tasavvuf ilmlarini o‘rganib, fiqh bo‘yicha iqtidorli olim darajasiga yetdi[2]. Uning ilmiy salohiyati va iste’dodi aksar olimlar tarafidan e’tirof etilgan. Dabusiy ijtihod va taxrij (hukmlarni manbadan chiqarib olish) salohiyatiga ega bo‘lgan hurfikr olim edi. Fiqh ilmi, hanafiy mazhabi takomili, shuningdek boshqa fanlar rivojiga ham katta hissa qo‘shdi va yuksak ilmiy ahamiyatga molik asarlar yozdi. Dabusiy nafaqat fiqh sohasida, balki arab tili, tasavvuf va axloq-odob sohalarida ham bilimga ega bo‘lgan. Olimning qalamiga mansub “Amadul aqso” asarida keltirilgan ma’lumotlar bu fikrga asos bo‘ladi.
X-XI asrlarda Movarounnahrda fiqh ilmi rivojida Abu Zayd Dabusiyning salmoqli o‘rni bor. Abu Zayd Dabusiy yashagan davr Abbosiylar hukmronligi davrining (132-656/750-1258) o‘rtasiga to‘g‘ri keladi. Abu Zayd Dabusiyning to‘rtta asari bugungacha yetib kelgan. Ulardan uchtasi to‘liq nashr qilingan:
- “Taqvimul adilla fi usulil fiqh” (تقويم الأدلة في أصول الفقه – “Usul alfiqhdagi dalillarni to‘g‘rilash”). Bu asari hanafiy usulul fiqhi bo‘yicha yozilgan ilk manbalardan biridir. Shu bilan birga, u o‘sha davrda Movarounnahrda bu sohada yozilgan va bizgacha yetib kelgan ilk manbadir. Asar usulul fiqh ilmiga oid bo‘lishi bilan bir qatorda, unda ba’zi aqida masalalari ham bayon e
- “Ta’sisun nazar” (تأسيس النظر – “Fikr-mulohazani asoslash”). Bu asarda hanafiy mazhabi mujtahidlari, shuningdek, hanafiylar va boshqa mazhab mujtahidlari o‘rtasidagi o‘zaro ixtilofli masalalar to‘plangan.
- “Amadul aqso” (الأمد الأقصى – “Eng oxirgi maqsad”).
- “Asror fil usul val furu‘“ (الأسرار في الأصول و الفروع – “Usulul fiqh va furu‘ul fiqhdagi sirlar”).
Quyida keltiriladigan beshta asar ham Dabusiyga nisbat beriladi, lekin ularning qo‘lyozmalari hozirgacha topilmagan:
- “Anvor fi usulil fiqh” (الأنوار في أصول الفقه – “Usulul fiqhdagi nurlar”). Hoji Xalifa “Bu ─ muxtasardir. U “أعلى منزلة المؤمنين الحمد ﷲ الذي” “mo‘minlarning darajasini yuqori qilgan Allohga hamd bo‘lsin!” so‘zlari bilan boshlanadi”[3] deb ta’rif bergan.
- “Xizonatul huda” (خزانة الهدى – “Hidoyatga olib boruvchi xazina”). Dabusiyning Turkiyada saqlanuvchi ikkita asari “Amadul aqso fi xizonatil huda” (أمد الأقصى في خزانة الهدى – “Hidoyatga olib boruvchi xazinaning eng oxirgi chegarasi”) deb nomlanadi[4]. Bu esa “Amadul aqso” va “Xizonatul huda” asarlari mazmun jihatidan yaqin bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
- “Sharhul Jomi‘il kabir” (شرح الجامع الكبير – “Katta to‘plam sharhi”). Bu Muhammad Shayboniyning (vaf. 189/804) “Jomi’ul kabir” asariga yozilgan sharhdir.
- “Tajnisud Dabusiy” (تجنيس الدبوسي – “Dabusiyga mansub “Tajnis”“)[5].
- “Nuzum fil fatovo” (النظم في الفتاوى – “Fatvolardagi tartib-qoidalar”). Asarning nomidan unda fatvolarning qay tarzda va tartibda yozilishi lozimligi bayon etilgan degan ma’no tushuniladi.
Yuqoridagi ma’lumotlar asosida Dabusiy asarlarini to‘rt yo‘nalishga bo‘lish mumkin. Ular:
- Usulul fiqh – “Taqvimul adilla” asari doirasida;
- furu‘ul fiqh – “Asror” asari doirasida;
- ilmul xilof – “Ta’sisun nazar” asari doirasida;
- axloq-odob mavzusi – “Amadul aqso” asari doirasida.
Abu Zayd Dabusiyning “Taqvimul adilla” asarini yozishdan maqsadi –hanafiy usulul fiqhi sohasida o‘zigacha davom etib kelayotgan ayrim xatoliklarni to‘g‘rilash bo‘lgan. Olim o‘z sohasi bo‘yicha maqsadiga qay darajada erishganidan qat’iy nazar, asarda uning o‘zi yozgan asarlari “Amadul aqso”, “Asror” va “Xizonatul huda”da bildirgan qarashlari kamoliga yetkazilgan. Dabusiy usulul fiqh sohasida Iroq va Movarounnahr hanafiy faqihlari qo‘llagan uslublar va ularning dalillaridan yaxshi xabardor bo‘lgan. Chuqur bilimi sababli olim ikki hudud faqihlarining qarashlarini bir-biridan ajrata olgan. Bunga qo‘shimcha ravishda, asarda as’hobut tard, hashaviyya, zohiriy mazhabi va bugungacha yetib kelmagan boshqa oqimlarning qarashlari ham keltirilgani sababli asar Movarounnahrda usulul fiqh va furu‘ul fiqh bilan bir qatorda sunniylik yo‘nalishi tarixini o‘rganishda ham muhim manba vazifasini bajaradi.
Toshkent islom instituti talabasi
Orifjon Ergashev
- [1] ابوحفص نجم الدين عمر النسفي. القند فى ذآر علماء سمرقند. تحقيق يوسف الهادي. تهران: آينه ميراث، 1420\1999. ─ B. 467
- [2] Abul-Yusr Muhammad al-Bazdaviy. Kitob fi usul ad-din / H.-P. Linss tahriri ostida. ─ Qohira: Dor ihyo’ al-kutub al-‘arabiyya, 1963. ─ B. 154-155.
- [3] Mustafo ibn ‘Abdulloh Kotib Chalabiy Hoji Xalifa. Kashf az-zunun ‘an asomi-lkutub va-l-funun: 2 jild. ─ Istanbul:.– B. 168.; B. 568.
- [4] Abu Zayd Dabusiy. Amadul aqso fi xizonatil huda. Istanbul: Beyazit kutubxonasi. Veliyuddin efendi bo‘limi. Qo‘lyozma № 1633, 1682.
- [5] Mustafo ibn Abdulloh Kotib Chalabiy Hoji Xalifa. Kashf az-zunun an asomi-lkutub va-l-funun: 2 jild. ─ Istanbul: Maarıf vekaleti, 1941-1943─ T. 2. ─ B. 703.