Musulmon odam iymon shartlaridan biri hisoblangan Alloh taolo tomonidan yuborilgan barcha payg‘ambarlarga ham iymon keltirishlari lozim bo‘ladi[1]. Ularni o‘z payg‘ambarlari kabi yaxshi ko‘rishlari va e’tirof etishlari zarurdir. Boshqa dinlardagi ba’zi toifalarga o‘xshab ularni so‘kish, nafrat izhor qilish va inkor qilishdan mutlaq, qat’iy qaytarilgan. Biz ushbu kichik maqolamizda Iso alayhissalom borasida mo‘min kishining e’tiqodi qanday bo‘lishi kerakligi haqida Alloh taoloning kalomida bayon qilingan oyatlarning mazmunini yoritib berish bilan kifoyalanmoqlikni maqsadga muvofiq deb bildik.
Payg‘ambarlar ichida martabalari ulug‘ “ulul a’zm” deb nomlangan payg‘ambarlar bo‘lib, ular beshtadir: Nuh, Ibrohim, Muso, Iso va Muhammad alayhimussalomlardir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga eng yaqin rosul Iso alayhissalom mana shu “ulul a’zm” payg‘ambarlardan biridir. Qur’oni Karimda Iso alayhissalomning muborak ismlari yigirma besh marta zikr qilingan. U zot haqlarida “Baqara” (3 marta), “Oli Imron” (5 marta), “Niso” (3 marta), “Moida” (6 marta), “An’om” (bir marta), “Maryam” (bir marta), “Ahzob” (bir marta), “Shuro” (bir marta), “Zuxruf” (bir marta), “Hadid” (bir marta) va “Sof” (2 marta) suralarida oyatlar kelgan. U zotning ismlari Iso, laqablari Masih, kunyalari ibn Maryamdir. Iso alayhissalomning nasablari haqida nasorolar turli ixtiloflar qilganlar. U zotning nasablari haqida ikkita Injil[2]da ikki xil ma’lumot bor. Luqo[3] injilida Iso alayhissalomni Yusuf an-Najjor ibn Elax ibn Mattot ibn Levi ibn Malkiy deyilgan[4]. Mutto[5] injilida esa Yusuf an-Najjor ibn Ya’qub ibn Matton ibn Elazar deyilgan[6]. Agar bu ikki nasabni solishtiradigan bo‘lsak, oradagi ixtilofdan xayron qolmay, iloj yo‘q. Biri “Yusuf an-Najjor ibn Elax”, deydi. Ikkinchisi “Yusuf an-Najjor ibn Ya’qub”, deydi. Bu ixtilof silsilaning keyingi halqalarida ham davom etaveradi. O‘ylab ko‘rilsa, Injil ilohiy kitob bo‘lsa, uning nasabini har xil zikr qilinishi haqida faqat bir narsa – Luqo, Mutto va boshqa ismli kishilarning o‘zlari Allohning nomidan kitob yozgan va ixtilof qilgan bo‘lishlari mumkin, deya javob berilishi mumkin xolos.
Iso alayhissalom haqidagi har bir so‘z U zotning onalari Maryam binti Imronsiz o‘tmaydi albatta. Shuning uchun avval Qur’oni Karim orqali u zot bilan tanishib olmog‘imiz lozim bo‘ladi. “Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va u Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi” (Tahrim surasi, 12-oyat). Maryam binti Imron Alloh taologa sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. U kishining otalari Imron katta obro‘ egasi va Bani Isroilning ulug‘ ulamolaridan biri edi. U farzandsiz ham edi. Shuning uchun xotinlari «Farzand tug‘sam, Baytul Maqdis xizmatiga beraman», deb nazr qilib qo‘ygan edi. Alloh taolo Jabroil farishta orqali o‘sha pok jasadga o‘z ruhidan “Puf” deyishi bilan Iso alayhissalomni ato qilgan. U kishi Allohning so‘zlariga va kitoblariga iymon keltirganlar hamda itoatkorlardan bo‘lganlar.
“Men Allohning bandasiman”
Alloh taolo har narsaga qodir. U xohlagan ish bo‘ladi. Beshikdagi go‘dak – Iso alayhissalom tilga kirgan. Beshikda yotgan Iso alayhissalomning tillaridan yosh bolaning emas, “ulul a’zm” payg‘ambarning so‘zlari yangragan. Va bu nido Iso alayhissalomning ta’limoti, u zot haqlaridagi botil g‘oyalarni muolaja qiladi. U zotning gaplariga e’tibor beraylik: “U dedi: “Albatta, men Allohning bandasiman. U Zot menga kitob berdi va meni Nabiy qildi. Meni qayerda bo‘lsam ham, muborak qildi. Modomiki, hayot ekanman, namoz va zakotni tavsiya qildi. Va volidamga mehribon (qildi) va jabrchi, badbaxt qilmadi. Menga tug‘ilgan kunimda ham, o‘ladigan kunimda ham va qayta tiriladigan kunimda ham salom bordir”.[7]
Go‘yoki bu gaplari orqali bunday demoqdalar: “Albatta, men Allohning bandasiman” – “Ha, ta’kidlab aytaman, men Allohning bandasiman. Alloh emasman. Uning sherigi ham emasman. Uchlikning biri ham emasman. Allohning o‘g‘li ham emasman. Men insonman”,
“U Zot menga kitob berdi…” – “Alloh menga ilohiy kitob – Injilni berdi. Injilni men berganim yo‘q”,
“…va meni Nabiy qildi” – “Alloh taolo meni O‘ziga Payg‘ambar qildi. Bilib qo‘yinglar, men Allohning Payg‘ambariman. Men Alloh emasman”,
“Meni qayerda bo‘lsam ham, muborak qildi” – “Men qayerga borsam, Alloh o‘sha erni xayr-barakotli, bandalarga saodat keltiradigan makon qilib qo‘ydi. Mening oyog‘im etgan joylardagi barakotlarni o‘zim hosil qilmayman. Bu yakka va yagona, sheriksiz Allohning qudratidir”,
“Modomiki hayot ekanman, namoz va zakotni tavsiya qildi” – “Bu ham mening Allohning bandasi ekanligimdan dalolat. Chunki hayoti davomida namoz o‘qib, zakot berish bandaning vazifasidir”,
“Meni onamga mehribon qildi…” – “Maryam – mening onam. Xudoning xotini emas. Men insonman, meni inson tuqqan. Inson bolasi onasiga mehribon bo‘lganidek, men ham onamga mehribonman”,
Alloh meni: “…jabrchi, badbaxt qilmadi” – “Onamga mehribon bo‘lganimdek, boshqa insonlarga ham shafqatliman, hech kimga jabr-sitam etkazmayman”,
“Menga tug‘ilgan kunimda ham…” – “Bashar kabi tug‘ilgan zot hech qachon Xudo bo‘la olmaydi. U Xudo bo‘lishi mumkin emas”,
“…o‘ladigan kunimda ham…” – Demak, Iso o‘ladi. Bu sifati ham u zotning Xudo bo‘lishi mumkin emasligini tasdiqlaydi. O‘lish bandaga xos hodisa bo‘lib, Xudoga xos emas,
“…va qayta tiriladigan kunimda ham…” – Qayta tirilish ham bandaga xos,
“…salom bordir”, dedi. Ya’ni “Menga har uch holatimda – tug‘ilgan, o‘lgan va qayta tirilgan kunimda salomatlik, omonlik va xotirjamlik bordir”. Diqqat qiladigan bo‘lsak, Allohning bandasi va Payg‘ambari bo‘lmish Iso alayhissalomning bu sifatlari u zotdan oldin kelgan Yahyo alayhissalomdagi sifatlarning aynan o‘zi. Bu ham Iso alayhissalomning Xudo emas, Xudoning Payg‘ambari ekanliklarini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘ttiz yoshga etganlarida Alloh taolo u zotni payg‘ambar qilib yubordi. Iso alayhissalomning payg‘ambar etib yuborilishlari va o‘shanda u zotning qavmiga aytgan gaplari haqida bir qancha oyati karimalar kelgan. “Moida” surasi 46-oyat Alloh taolo “Iso ibn Maryamni yahudiylarning payg‘ambarlari izidan payg‘ambar qilib yubordik”, deydi. Iso alayhissalom o‘zlaridan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi bo‘lib kelganlar “o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi”. Ya’ni Injil Tavrot shariatiga ba’zi o‘zgarishlar kiritgan, xolos. Alloh taolo u zotga Injil kitobini bergan “… Unga Injilni … berdik”. Bunda ham Iso alayhissalomning Xudo emas, Xudoning Payg‘ambari ekanliklarini yana bir bor tasdiqlaydi.
Iso alayhissalomning yangi payg‘ambar bo‘lib borgan chog‘larida qavmlariga aytgan gaplaridan Allohning vahdoniyatiga va o‘zlarining haq Payg‘ambar ekanliklariga dalolat qiluvchi “Zuxruf” surasi 63-64-oyatlarida namuna kelgan: “Albatta, Alloh mening ham Robbim, sizning ham Robbingizdir”. Demak, Iso alayhissalom qavmlariga “Alloh mening Robbim”, deganlar. “U mening otam”, degan emaslar. Demak, Alloh taolo boshqa bandalarga Robb bo‘lgani kabi, Iso alayhissalomga ham Robbdir. “Bas, Unga ibodat qiling”. Demak, Iso alayhissalom “Menga ibodat eting”, degan emaslar, balki “Allohga ibodat qiling”, deganlar. Kimki boshqa gap aytsa, yolg‘on aytibdi. U zotning o‘zlari ham: “Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir”, dedilar. Ya’ni “Allohga ibodat qilish to‘g‘ri yo‘ldir”, dedilar. Lekin qavmlari bu ko‘rsatmaga hozirgacha amal qilmadilar.
Demak yuqoridagi oyatlarning mazmunidan ma’lum bo‘ldiki, Iso alayhissalom hech qanday xudo, uning o‘g‘li yoki uchtaning bittasi ham emas ekan. Musulmon shaxs nafaqat Iso alayhissalom, balki barcha payg‘ambar alayhimussalomlar haqida “ular Allohning bandalari va elchilari” ekanligiga ishonchlari komil bo‘lishi lozim bo‘ladi.
Endi biz Iso alayhissalomning qiyomatga yaqin vaqtda qayta yer yuziga tushirilishi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Nasroniylar e’tiqodida Iso alayhissalom insonlarning gunohlari uchun o‘zlarini qurbon qilganligi, o‘z hayotini fido qilib, odamlarning abadiy yashashiga va rohatlanishlariga imkon yaratgan[8]. Islomda esa Alloh taolo u zotni Alloh tiriklayn o‘z huzuriga ko‘targan, qiymatga yaqin yana qayta tushadi. Bunda u zot Muhammad alayhissalom shariatlariga ergashadilar va uni davom ettiradilar. Iso alayhissalom oxir zamonda yer yuziga yangi risolat (shariat) olib tushmaydi.
Imom Qurtubiy rohimahulloh aytadi: “Iso alayhissalom shariati Muhammadiyani e’tirof etib, uni yangilab tushadi. Chunki, u shariatlarning oxirgisi. Shuningdek, Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham rosullarning oxirgisi. Iso adolatli hakam bo‘lib tushadi. Demak, u imom ham, qozi ham, muftiy ham emas. Balki musulmonlarning o‘sha vaqtdagi rahbari bo‘ladi.”
Imom Buxoriy rohimahulloh o‘z “Sahih”larida Abu Hurayra roziyallohu anhuda keltiradi: Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Orangizga Ibn Maryam adolatli hokim bo‘lib tushmagunicha qiyomat qoim bo‘lmaydi. U xochni sindiradi, cho‘chqani o‘ldiradi, jizyani bekor qiladi, mol-dunyo to‘lib-toshib ketadi, hatto uni hech kim qabul qilmay qo‘yadi.”[9]
Hadis mazmuni Qiyomat kuni bo‘lishi alomatidan biri, albatta Iso alayhisallomning yer yuziga tushishi ekanligi, xochni sindirishi, cho‘chqani o‘ldirishi va jizyani bekor qilishi o‘sha davrdagi har bir kishilardan Islomdan boshqa narsani qabul qilinmasligini anglatadi. Ammo bu u kishiga, o‘sha vaqt uchun xos hukmdir.
Imom Qurtubiy rohimahulloh aytadi: “Iso alayhissalom yer yuziga tushishining sababi, Dajjolni o‘ldirish emas, balki, ajalining yaqinlashgani uchundir. Chunki Iso ibn Maryam hozir tirik, Alloh uni o‘z huzuriga ko‘targan. Tuproqdan yaralgan maxluq samoda o‘lishga mumkin emas. Alloh taolo aytadi: “Biz sizlarni (yerdan) yaratdik, yana unga qaytarurmiz va (qiyomat kuni) sizlarni yana bir bor undan chiqarurmiz”.[10] Alloh taolo Iso alayhissalomni yerga tushirib, birinchi marta uni yerga dafn qiladi. Mo‘minlar Isoni dafnga tayyorlab, janoza namozini o‘qiydilar. Keyin ajdodlari bo‘lgan payg‘ambarlar dafn qilingan joy — “Muqaddas yer”[11]ga dafn qilinadi. Qiyomatda ham ular bir bilan birga qayta turg‘aziladi. Iso alayhissalomning yer yuziga tushirilishining sababi shu. Iso alayhissalomning qayerga dafn qilinishi xususida har xil gaplar bor. Halimiy: “Muqaddas yerga”, deb aytsa, boshqalar, “Nabiyyimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan birga dafn qilinadi”, deydilar. Vallohu a’lam”
Xulosa qilib aytganda, Alloh taolo tomonidan yuborilgan bizga ismlari ma’lum bo‘lsin yoki noma’lum payg‘ambarlarga iymon keltirishimiz lozim. Ularning barchalari Alloh bandalari, rosullari va nabiylaridir. Biz ushbu maqolamizda faqat bir payg‘ambar misolida u zotga nisbatan xato e’tiqodiy tushunchalar to‘g‘risida bayon qilishga harakat qildik. Ularni birortasini Robbilariga teng, sherik qilish yoki nasab jihat aloqasi bor degan e’tiqoddan mutlaq yiroq bo‘lishimiz kerak.
Toshkent islom instituti talabasi
Nishonov Nodirbek
______________________________________
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
- “Qur’oni Karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi”. Usmonxon Alimov
- “Hadis va Hayot” 20-juz. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
- “Al Badr al Anvar sharh ul fiqh il akbar”. Nidol Aleh Rashshiy.
- uz.wikipedia.org
- ar.wikipedia.org
- n.ziyouz.com
[1] Nidol Aleh Rashshiy. Al Badr al Anvar sharh ul fiqh il akbar. Amman: Dar ul nur il mubin. 2017. – 76-78 b.
[2] Nasroniylik dinining muqaddas kitobi. Iso alayhissalomga yuborilgan.
[3] Iso alayhissalomning havoriylaridan biri.
[4] Muqaddas kitob. Toshkent:“O‘zbekiston bibliya jamiyati. Muqaddas kitobni tarjima qilish intituti”. 2020. – 1845-1846 b. (Luqo, 3-bob, 8-9 b.)
[5] Iso alayhissalomning havoriylaridan biri.
[6] Muqaddas kitob. Toshkent:“O‘zbekiston bibliya jamiyati. Muqaddas kitobni tarjima qilish intituti”. 2020. – 1724-1725 b. (Matto, 1-bob, 1-2 b.)
[7] Maryam surasi, 30-33-oyatlar
[8] Muqaddas kitob. Toshkent:“O‘zbekiston bibliya jamiyati. Muqaddas kitobni tarjima qilish intituti”. 2020. – 1917 b. (Yuhanno, 3-bob:16. 6 b.)
[9] Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahah al Buxoriy. 2-juz. Karachi: Bushro. 2022. 2476-hadis
[10] Toha surasi, 55-oyat
[11] Quddus va uning atrofidagi Falastin yerlari