islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Islom ta’limotlarida Vatanga muhabbat va uni himoya qilishga oid ko’rsatmalar

Vatan, insonning tug‘ilgan yeri yoki o‘zini unga mansub deb hisoblashi mumkin bo‘lgan hudud. Vatan — bu shaxsning milliy, madaniy, tarixiy va ba’zan diniy merosi bilan bog’langan o‘zi yashaydigan maskan. Vatan, ko‘pincha ota-onadan, oiladan, xalqdan, til va urf-odatlardan ajralmas bo‘lgan tuyg‘ularni ham o‘z ichiga oladi. U, shuningdek, insonning kimligini shakllantirishda, uning qadr-qimmatini, g‘ururini va mas’uliyatini his qilishda muhim o‘rin tutadi. Vatan, shaxsning mas’uliyati va burchlari bilan bog‘liq tushunchadir. Uni sevish hurmat qilish va himoya qilish har bir insonning muqaddas burchidir.

Islom dini insoniyatga tinchlik, adolat va yaxshilikni targ‘ib etuvchi ilohiy din sifatida barcha sohalarda yo‘l-yo‘riq beradi. Vatanni sevish, uni himoya qilish va ravnaqini ta’minlash ham Islomning muhim qoidalaridan biridir. Islomga ko‘ra, Vatanni sevish nafaqat diniy burch, balki insonning fitratidandir. Qur’on va hadislar mazmunida bu masalaga katta e’tibor berilgan.

Rasululloh Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makka  mushriklarining zulmlari haddan oshib jonlariga qasd qilish darajasiga yetganlaridan keyin, Allohning buyrug‘i bilan u yerdan chiqib keta turib shunday deganlar: (Ey Makka) sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq Shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim[1]. Ushbu hadisdan Vatanni sevish musulmonning qalbida qanday ulug‘ fazilat ekanini anglash mumkin. Hatto hadislarda Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilgan bandani do‘zax azobiga yo‘liqmasligi ta’kidlangan. Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Bir kecha-kunduz ribotda turish bir oylik (nafl) ro‘za va bir oy kechasida turib (nafl) ibodat qilishdan yaxshidir. Agar u o‘sha qilib turgan ishi ustida vafot topsa, o‘sha ishi(ning savobi) to‘xtamay joriy bo‘lib turadi. Unga rizqi ham yetkazilib turiladi va fatton(munkar-nakir)dan omonda bo‘ladi” deyayotganlarini eshitdim.[2]

Bilol roziyallohu anhu isitmalagan holda ham, kasallik bilan ovora bo‘lishdan ko‘ra, bir kun yoki hatto yarim kun o‘z yurtida bo‘lishni orzu qilganlari vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbatning yorqin ifodasidir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu holatni sukut bilan qabul qilganlari, unga e’tiroz bildirmaganliklari, balki Madinaning haqqi uchun duo qilganlari vatanni sevishning shar’iy asosga ega ekanligini namoyon etadi.

Bobolarimizdan biri, ulug‘ adib Alisher Navoiy, vatanning ahamiyatini quyidagicha ta’riflaydi:

Vatan tarkin bir nafas aylama,
Yana ranji g‘urbat havas aylama.

Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi ulug‘ allomalarimiz vatanga bo‘lgan muhabbatlari tufayli o‘z asarlariga yurt nomini bog‘lashganligi tarixdan ayon.

Najmiddin Kubro ham vatanparvarlikning yorqin namunasidir. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar hujumi haqida xabar topgach, birinchi bo‘lib vatan himoyasiga otlangan. Mo‘g‘ul hukmdorlari uning xalq orasidagi nufuzini ko‘rib, shaharni tashlab ketishini tavsiya etishgan. Lekin Najmiddin Kubro vatanni o‘z hayotidan ustun bilib, bosqinchilarga qarshi jangga kirgan va shahid bo‘lgan.

Atoqli olim va adib, ulkan davlat arbobi va sarkardasi, Islom mutafakkiri Alixonto‘ra Sog‘uniy “Vatan va ilm yoki yetti yulduz” nomli she’rida quyidagilarni yozgan:

Vatan asli seningdur O‘zbekiston,

O‘g‘izdan qolmish erdi bu guliston.

….

Vatanni do‘st tutish iymonidin ermish,

Oningchun Haq rasulidin naql bo‘lmish.

Vatanni sevmaganlar bizdan ermas,

Buni kim bilmasa iymonga kirmas.

Shuningdek, vatanga xiyonat qattiq qoralanadi. Hadisi sharifda Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Men Rosululloh sollalohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyodan qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o‘rnatib qo‘yiladi.”, deb aytganlarini eshitdim.” [3] Demak, ona vatan hech qachon sotilmaydi, xiyonat qilnmaydi. Chunki Vatan – insonning tug‘ilgan joyi, tarbiya topgan maskani, ota-onasi, yaqinlari va ummatining yashash manzilidir. Vatan ravnaqi musulmon ummatining ravnaqidir.

Islom dinida vatan himoyasi buyuk mas’uliyatlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida: “Kim o‘z molini, jonini va oilasini himoya qilib o‘lsa, shahid bo’ladi”[4] deyilgan. Bu esa vatan himoyasining qanchalik ulug‘ vazifa ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasiga ko‘ra: “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir”. Shuningdek, Bosh Qomusning 49-moddasiga “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab-asrashga majburdirlar”, deb qayd etilgan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabriklarida ta’kidlaganlaridek: “Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va to‘qnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishimiz shart”.

Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish

Vatanni faqat tashqi dushmanlardan himoya qilish emas, balki uning ravnaqi uchun harakat qilish ham musulmonning vazifasidir. Ilm olish, mehnat qilish, halol kasb topish va jamiyatga foyda keltirish orqali ham vatan oldidagi burchni ado etish mumkin. Misol uchun, musulmonlar o‘z kasbiy faoliyatlarida halollik va adolatga rioya qilishlari kerak, chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, Alloh kasb bilan shug‘ullanuvchi kishini yaxshi ko‘radi”[5] deb aytganlar. Shuningdek, jamiyatga xizmat qilish orqali bir insonning nafaqat o‘z oilasi, balki butun bir ummat uchun foyda keltirishi Qur’onning “Bir-biringizga yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling”[6] degan ko‘rsatmasiga mos keladi.

Islom musulmonlarni har jihatdan mas’uliyatli bo‘lishga chaqiradi. Biror jamiyat a’zolari ilmli, halol va vijdonli bo‘lsa, u jamiyat rivojlanadi va mustahkamlanadi.

Xulosa

Vatanparvarlik har bir insonning tug‘ma burchi va ulug‘ fazilatidir. O‘z yurtiga bo‘lgan muhabbat va sadoqat insonni birlashishga, fidoyilik ko‘rsatishga undaydi. Vatan uchun xizmat qilish, uni asrash va kelajak avlodlarga tinch va farovon holatda topshirish har birimizning yuksak maqsadimizdir. Chunki vatanparvarlik nafaqat so‘zda, balki amalda namoyon bo‘ladigan oliy qadriyatlardan biridir.

Vatan himoyasi Islomda faqat huquq emas, balki burch sifatida qaraladi. Vatanparvarlik musulmonning iymoni bilan uzviy bog‘liqdir. Har bir musulmon o‘z vatanini sevishi, uni himoya qilishi va ravnaqiga hissa qo‘shishi kerak. Chunki vatan ravnaqi – ummat ravnaqi, vatan tinchligi – ummat tinchligi demakdir. Bunga amaliy misollar quyidagicha bo‘lishi mumkin:

  • Har bir fuqaro o‘z vatanining qonunlariga rioya qilish orqali tinchlikni ta’minlashga hissa qo‘shishi kerak.
  • Ilm olish va kasbiy mahoratni oshirish orqali jamiyat ravnaqiga xizmat qilish.
  • Muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni tejash orqali kelajak avlodlar uchun barqaror muhit yaratish.
  • Yordamga muhtojlarga ko‘mak berish orqali jamiyatdagi birlik va birdamlikni mustahkamlash.
  • Yosh avlodga vatanparvarlikni o‘rgatish va ularda milliy qadriyatlarga hurmatni shakllantirish.

Mana shu ishlar vatan ravnaqi va tinchligi uchun muhim hissa qo‘shadi.

Shunday ekan, barchamiz vatanimiz obodligi va ravnaqi yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shib, har xil yovuz niyatdagi kimsalardan uni ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylab umrguzaronlik qilish maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo aziz va mo‘tabar vatanimizni bundan-da farovon va musaffo qilib, xalqimizni tinch va osuda aylab, ikki dunyo saodatiga Musharraf aylasin! Omin!

TII 3-kurs talabasi Abdullayeva Shahzodaxon

[1] Imom Termiziy rivoyati

[2] Imom Muslim rivoyati

[3] Imom Buxoriy 3188 – hadis

[4] Abu Dovud rivoyati

[5] Imom Termiziy rivoyati.

[6] Moida surasi, 2-oyat

436120cookie-checkIslom ta’limotlarida Vatanga muhabbat va uni himoya qilishga oid ko’rsatmalar

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: