islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Imom Birgiviyning “Zuxr al-mutaahhilin va-n-niso” risolasining fiqhiy-amaliy mazmuni va zamonaviy ahamiyati

Annotatsiya

Mazkur maqolada Imom Muhammad ibn Pir Ali al-Birgiviyning “Zuxr al-mutaahhilin va-n-niso fī ta‘rif al-athar va-d-dima” nomli risolasi haqida ma’lumot berilgan. Muallifning hayoti, ilmiy merosi, risolaning tuzilishi, alloma Ibn Obidinning bu asarga yozgan sharhi bayon qilingan. Xususan, Hidaya Hartford va Ashraf Munib tomonidan tayyorlangan 2005-yilgi tanqidiy nashrning ilmiy ahamiyati, risolaga qo‘shilgan izohlar hamda ayollar fiqhiga qo‘shgan hissasi alohida yoritilgan. Tadqiqot davomida risolaning 6 fasli bo‘yicha fiqhiy mazmun ochib berilib, uning hanafiy fiqhida ayollarning poklik va ibodat masalalarini tartibga soluvchi asosiy manbalardan biri ekanligi ilmiy jihatdan isbotlangan.

Kalit so‘zlar: Imom Birgiviy, ayollar qonlari, hayz, nifos, istihoza, poklik.

Ayollar pokligi masalalari fiqhning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib, har bir musulmon jamiyatida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Chunki bu masalalar voyaga yetgan barcha ayol-qizlar bilishi vojib bo‘lgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoz, ro‘za, haj kabi ibodatlarga bog‘liq bo‘lgan ilmdir. Shuning uchun barcha fiqhiy asarlarda bu mavzu uchun alohida bob ajratilib, batafsil bayon qilingan, alohida risolalar yozilgan.

Mana shunday manbalardan biri Imom Muhammad ibn Pir Ali al-Birgiviy[1]ning “Zuxr al-mutaahhilin va-n-niso fī ta‘rif al-athar va-d-dima” nomli risolasidir. Imom Birgiviy hijriy 929-yilda Turkiyaning Balikesir viloyatida tug‘ilgan, to‘liq ismi Muhammad ibn Pir Ali ibn Iskandar ar-Rumiy bo‘lgan. U Muhyiddin, Taqiyuddin, Zaynuddin laqablari bilan mashhur bo‘lib, hanafiy mazhabining yetuk faqihlaridan sanaladi.[2] Imom Birgiviyning fiqh, aqida, hadis, tafsir, tasavvuf, siyosat va axloq sohalarida yozgan ko‘plab asarlari mavjudbo‘lib, ularning ko‘pchiligi bugungi kunda nashr qilinib, boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Ayniqsa, “Zuxr al-mutaahhilin” risolasi ayollarga xos qonlar va poklik holatlariga bag‘ishlangan mukammal tartibli asarlardan biridir.

Asar muqaddima va olti fasldan iborat bo‘lib, muqaddima qismida ayollarga oid masalarda ishlatiladigan hayz, nifos, istihoza, sahih, fosid, tom va noqis poklik, mubtada’a, mu’tada, mudilla kabi lafzlarning ta’rif- tavsifi hamda umumiy usullar va qoidalar keltirilgan.  Muallif bu istilohlarni hanafiy fiqh asosida, qisqa, lekin juda aniq shaklda ta’riflagan.

Birinchi faslda hayz, nifos va istihozaning boshlanishi hamda tugashi, ularning kayfiyati, ranglari, homila tushishiga oid hukmlar, hayz ko‘rmaydigan yoshga yetgan ayolga oid hukmlar va boshqalar yoritilgan.

Ikkinchi faslda mubtadia (ilk bor hayz yoki nifos ko‘rgan ayol) va mu’tada (hayz va nifosda o‘zining odati bor ayol) ga oid hukmlar, odatning adad yoki zamon jihatidan o‘zgarishi kabilar yoritilgan hamda bir qator misollar keltirib o‘tilgan.

Uchinchi fasl qonning to‘xtashiga haqida bo‘lib, bu faslda qon qachon to‘xtashiga (odat kunida, odatdan oldin yo keyin yoki 10 kundan oshgach) ko‘ra hukmlar turlicha bo‘lishi bayon qilingan, bu holatlarda namoz, ro‘za va yaqinlik masalalari keltirilgan.

To‘rtinchi fasl istimror – qon davomiy kelishi haqidagi fasl bo‘lib, bu faslda ilk bor hayz ko‘rgan yoki odati bor ayolda qon davomiy kelishiga oid hukmlar, misollar va fosid qon turlari haqida ma’lumotlar berilgan.

Beshinchi faslda odatini unutgan ayol (mudilla)ga tegishli hukmlar – namoz, ro‘za, masjidga kirish, tavof va boshqa masalalar yoritilgan.

Oltinchi faslda namoz, ro‘za, tavof, qiroat, masjidga kirish va jimoning haromligi kabi hayz va nifosga tegishli umumiy hukmlar, bundan tashqari istihoza va sohibi uzr hukmlari ham keltirilgan.

Asar hajmi kichik bo‘lsada, mavzu doirasidagi barcha masalalarni qamrab olgan, misollar bilan yoritilgan.

Hanafiy fiqhida o‘zining “Roddul muxtor” asari bilan mashhur bo‘lgan alloma ibn Obidin ushbu “Zuhrul mutaahhilin” asariga sharx yozgan va uni “Manhalul vaaridiin min bihaaril fayz ala zuxril mutaahhilin fiy masailil hayz” deb nomlagan. Ushbu sharh orqali asar yanada tushunarli bo‘lgan, keltirilgan misollar tahlil qilinib, yechim berilgan. Bundan tashqari bir qator mo‘tamad fiqhiy manbalardan iqtiboslar keltirilib, yanada boyitilgan.

Asar haqida so‘z ketar ekan zamonamiz tadqiqotchilari bo‘lmish Hidoya Hartford hamda uning turmush o‘rtog‘i Ashraf Muniblarning xizmatini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Asarning bugungi kundagi ko‘rinishga kelishida ularning xissasi beqiyos. Ular tarafidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

– “Zuhrul mutaahhilin” asarining bir nechta qo‘lyozma nusxalarini solishtirib, aniq matnni xosil qilindi;

– til va imlo jihatidan tuzatishlar kiritildi;

– ilmiy izohlar qo‘shildi;

– muallif va shorihning tarjimai hollari muqaddima sifatida qo‘shildi;

– asarga “Irshodul mukallifin ila daqoiqi zuhrul mutaahhilin” nomli qo‘shimcha qism qo‘shilib, 2005-yil “Darul fikr” nashriyoti tomonidan nashr qilindi.

Bu ishlar sababli asarning amaliy va ilmiy qiymati yanada oshdi.

“Irshodul mukallifin” qismida hayz va nifosga kulliy qoidalar jamlanmasi keltirilgan, imom Birgiviy keltirgan misollar jadvallar orqali juda oson tarzda hal qilinib, mufassal tarzda bayon qilingan.

Quyida nifos borasida keltirilgan bir misol orqali muallif, shorih hamda muhaqqiqlarning ishlarini yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Imom Birgiviy nifosga misollar qatorida:

“Ayolning nifosdagi odati 20 kun. Farzand ko‘rgach 10 kun qon keldi, so‘ng 20 kun poklik, so‘ngra 11 kun qon ko‘rdi”[3] deya misol keltiradi.

Ibn Obidin esa quyidagicha sharhlaydi:

“Bu “nifos agar 40 kundan oshsa” degan so‘ziga misoldir. Bunda poklik ikki qon orasida kelgani uchun uzluksiz kelayotgan qon hukmida bo‘ladi. Dastlabgi 20 kun garchi poklik bilan tugasa ham odatiga qaytgani jihatidan nifos bo‘ladi. Qolgan 21 kun esa istihoza bo‘ladi.”[4]

Hidaya Hartfort va Ashraf Muniblar esa bu misolga tegishli barcha qoida va hukmlarni quyidagicha jamlaganlar.

1-misol. Ayolning nifosdagi odati 20 kun. Farzand ko‘rgach 10 kun qon keldi, so‘ng 20 kun poklik, so‘ngra 11 kun qon ko‘rdi.

Ayolning odati:

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20

Ayolning odati

Masalaning surati:

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 20 29 30 31 38 39 40 41

10 kun qon

20 kun poklik

11 kun qon

  1. Masalaning tahlili
  2. 1-10 kundagi qon – nifos qonidir, chunki u tug‘ruqdan keyin kelgan.
  3. 11-dan 30-kungacha bo‘lgan poklik – tom poklik, zohiran sahih, ma’nan fosid. Chunki u 40 kun ichida ikki qon orasida keldi, bu ikkisini orasini ajrata olmaydi va ular bilan birgalikda uzliksiz kelgan qon kabi bo‘ladi. Demak u hukman qondir.
  4. 31-kundan 41-kungacha kelgan qon o‘zidan oldingi haqiqiy va hukmiy qonga qo‘shiladi.
  5. Ayol ko‘rgan qon jami 41 kun bo‘ldi.
  6. Masalaning qisqacha hukmi

Qon 40 kundan oshgani sababli ayol nifosdagi odatiga qaytariladi.

Masalaning oxirgi surati:

1 2 10 11 20 21 30 31 40 41
20 kun nifos 21 kun istihoza
  1. 1-dan 20-kungacha nifos.
  2. 21-dan 41-kungacha istihoza.

     III. Masalaning batafsil hukmi

  1. Tug‘ruqdan so‘ng qon ko‘rgan vaqtda namoz va ro‘zani to‘xtatadi.
  2. 11-kun qon to‘xtaganda g‘usl qiladi va namoz o‘qib, ro‘za tutaveradi.
  3. 11-kundan 20-kungacha garchi qon ko‘rmasa ham, garchi namoz o‘qib, ro‘za tutayotgan bo‘lsa ham eri ayoliga yaqinlik qilishi halol bo‘lmaydi. Chunki odat kunlari davomida yana qon kelishi ehtimoli bor.
  4. 20-kuni odati tugagan vaqtda garchi pok bo‘lsada, odatiga qaytarilish ehtimoli borligi uchun g‘usl qiladi.
  5. 31-kuni yana qayta qon ko‘rganda namoz va ro‘zani to‘xtatadi.
  6. 31-kuni qon ko‘rishi bilan undan oldingi poklik fosid poklik ekanligi ma’lum bo‘ladi. Chunki u 40 kun ichida ikki qon orasida voqe’ bo‘ldi, shuning uchun u davom etayotgan qon deb e’tiborga olinadi.
  7. 40 kun nihoyasiga yetgach garchi qon davom etayotgan bo‘lsada g‘usl qiladi va namoz o‘qib, ro‘za tutaveradi.

41-kun qonning 40 kundan oshib ketgani aniq bo‘ladi va masalaning hukmiga qayta qarash va to‘g‘irlash vojib bo‘ladi.

IV.Masalaning tas’hihi

  1. Qon 40 kundan oshib ketgani uchun ayol nifosdagi odatiga qaytariladi.
  2. 11-dan 20-kungacha ayol pokligining hukmi bekor bo‘ladi, shu sababli quyidagilar lozim bo‘ladi:

– namozlari sahih emas, chunki hukman nifosli bo‘lgan holatida o‘qigan, lekin unga gunoh bo‘lmaydi, qayta o‘qishi ham vojib bo‘lmaydi. Illo agar o‘sha vaqtda qazo yo nazr namoz o‘qigan bo‘lsa, endi uni qayta o‘qishi vojib bo‘ladi.

– agar farz yoki vojib ro‘za tutgan bo‘lsa qayta tutishi vojib bo‘ladi, unga gunoh bo‘lmaydi.

  1. 21-kundan 30-kungacha

– ro‘zalari sahih.

– namozlariga qaraydi: agar 20-kuni ehtiyotan g‘usl qilgan bo‘lsa namozlari sahih, g‘usl qilmagan bo‘lsa sahih emas, qazosini o‘qishi vojib bo‘ladi.

  1. 31-kundan 40-kungacha nifos hukmi bekor bo‘ladi

– tark etgan namozlarining qazosi vojib bo‘ladi, bu kunlarda namoz o‘qimagani uchun gunoh bo‘lmaydi.

– agar bu kunlar ramazon kunlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu kunlarning qazosi vojib bo‘ladi, ayolga gunoh bo‘lmaydi.

  1. Masalaga tegishli qoidalar
  2. Har bir ayol o‘zining hayz, nifos va poklikdagi odatini – qachon va necha kun bo‘lishini bilishi vojib bo‘ladi.
  3. 40 kun muddat ichida qonni ko‘rish bilanoq namoz va ro‘zani to‘xtatishi vojib.
  4. 40 kun muddat ichida qon to‘xtashi bilan g‘usl qilish vojib.
  5. Agar qon odatidan oldin tugasa to odat kunlari o‘tmagunigacha eri unga yaqinlik qilishi halol bo‘lmaydi.
  6. Nifosdagi ikki qon orasidagi poklik bu ikki qon orasini ajrata olmaydi va davom etayotgan qon deb e’tiborga olinadi.
  7. Agar qon haqiqatan yoki hukman 40 kundan oshsa odatiga qaytariladi, odat kunlaridan ziyoda bo‘lgani istihoza bo‘ladi.
  8. Agar odati bor ayolda qon haqiqatan yoki hukman 40 kundan oshsa odatdan ziyoda bo‘lgan kunlardagi namozlarning qazosini o‘qishga buyuriladi.
  9. Nifos poklik bilan tugashi joiz.
  10. Garchi pok bo‘lsada hukmiy nifosdan chiqishda g‘usl vojib. [5]

Ushbu misolni keltirishdan maqsad mualliflarning ilmiy mehnatini namoyish etish bilan birga, ayollar fiqhiga oid masalalarning naqadar nozik va muhimligini ko‘rsatish hamdir. Ayol-qizlar bu masalaga yanada chuqurroq e’tibor berishlari lozim, chunki ozgina beparvolik ham ko‘plab diniy-amaliy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Birgiviyning “Zuxr al-mutaahhilin va-n-niso” risolasi hanafiy fiqhida ayollarga xos hayz, nifos va istihoza masalalarini tartibga soluvchi mukammal manbalardan biridir. Asar hajmi kichik bo‘lsa-da, mavzu doirasidagi barcha masalalarni qamrab olgan. Ibn Obidin tomonidan yozilgan sharh hamda Hidaya Hartford va Ashraf Muniblarning tadqiqiy nashri orqali risola yanada boyitilib, ilmiy va amaliy ahamiyati oshgan. Mazkur manba bugungi kunda ham ayollar fiqhiy savodxonligini oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 403-guruh talabasi Saydillayeva Jannatxon

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

الأمام البركوي . ذخر المتأهلين والنساء في تعريف الأحكام والدماء. دار الفكر – دمشق، ٢٠٠٥. -٤٩٤ ص

إعلام السلفية(١٦) ترجمة الشيخ محمد بن بير علي البركوي. مركز يلف للبحوث والدراسات.  ١١ ص

[1] Vafot etgan shahri – “Birgi”ga nisbat berilgan. Umrining oxirgi yillari shu shaharda o‘tgan.

Qarang: الأمام البركوي . ذخر المتأهلين والنساء في تعريف الأحكام والدماء. دار الفكر – دمشق، ٢٠٠٥. -٣١ ص

[2] Qarang : إعلام السلفية(١٦) ترجمة الشيخ محمد بن بير علي البركوي. مركز يلف للبحوث والدراسات. ص ١

[3] الأمام البركوي . ذخر المتأهلين والنساء في تعريف الأحكام والدماء. دار الفكر – دمشق، ٢٠٠٥. -٧٥ ص

[4] الأمام البركوي . ذخر المتأهلين والنساء في تعريف الأحكام والدماء. دار الفكر – دمشق، ٢٠٠٥. -١٨٧ ص

[5] الأمام البركوي . ذخر المتأهلين والنساء في تعريف الأحكام والدماء. دار الفكر – دمشق، ٢٠٠٥. -٣٢٠-٣٢٤ ص

459970cookie-checkImom Birgiviyning “Zuxr al-mutaahhilin va-n-niso” risolasining fiqhiy-amaliy mazmuni va zamonaviy ahamiyati

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: