islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Qanday qilib olov suv ostida o‘chmaydi?

Mo‘jizalari ila butun koinotni hidoyatga chorlovchi Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Mo‘jizalarni go‘zal ifodalar bilan bizlarga yetkazgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga durud-u salovatlar bo‘lsin.

Qur’on va hadis nuri o‘n to‘rt asrdirki, insoniyatni ilmga, tafakkurga va hidoyatga chorlab kelmoqda. Ilm-fanning turli sohalari birin-ketin kashf etayotgan haqiqatlar esa vahiy yog‘dusining nechog‘lik chuqur va abadiy ekanini yana bir bor yoritib bermoqda.

Yer yuzining eng sirli, eng chuqur va eng jim dunyosi – okean tubi. Uning zulmat bag‘rida inson ko‘zi hech qachon o‘zicha kuzata olmaydigan ulkan kuchlar yashirin. Qorong‘u tubda ba’zan yorqin chiroqdek qizil nurlar porlaydi, bug‘, gaz pufakchalari ko‘tariladi va go‘yo suvning o‘zidan olov alangalanayotgandek manzara yuzaga keladi. Bu manzarani ko‘rgan kishi beixtiyor hayratga cho‘madi: qanday qilib olov suv ostida o‘chmaydi?

Ajablanarlisi shundaki, ushbu g‘aroyib jarayon haqida ilm kashfiyotlaridan o‘n to‘rt asr avval Rasululloh ﷺ bir jumla bilan ishora qilib ketganlar:

عن أنس بن مالك رضي الله عنه قال: قال رسولُ الله ﷺ إِنَّ تَحْتَ البَحْرِ نَارًا، وَتَحْتَ النَّارِ بَحْرًا

( رواه أبو يعلى في مسنده، والطبراني في الأوسط )

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Rasululloh ﷺ:“Darhaqiqat, dengiz ostida olov bor va olov ostida yana dengiz bor”, dedilar. (Abu Ya’la va Tabaroniy rivoyati)

Bu qisqa jumla insoniyatga dengiz tubidagi sirlarni eslatadi. Lekin bu gapni faqat majoz deb qabul qilish – uning umumiy kuchini toraytirishdir. Chunki zamonaviy geologiya, suv osti ilmiy robotlari va okeanologiya aynan shu haqiqatni kashf qildi: dengiz ostida olovga o‘xshash kuchli issiqlik jarayonlari mavjud. Va bu issiqlik jarayonlari dengiz ostidan ko‘tarilib, yana suv qatlamlari bilan o‘raladi; xuddi hadisdagi “olov ostida yana dengiz” tasviriga uyg‘un tarzda.

Okean yuzasi tinch. Ammo uning 3–5 kilometr pastida, zulmat ichida, Yerning ichki yuragi – magma – harakatda. Tektonik plitalar ajralgan joylarda yoriqlar ochiladi va shu yoriqlardan yer ichidagi qizigan magma 1000–1200°C haroratda okean tubiga otilib chiqadi. Bu jarayon suv osti bo‘lgani uchun biz odatdagi otilishni ko‘rmaymiz, ammo lava suvga tegishi bilan atrofida ulkan bug‘ portlashlari, shisha qobiq qatlamlari hosil bo‘ladi.

Suv lava bilan to‘qnashgan ilk oniyoq suv darhol bug‘lanadi. Bu bug‘ lava ustida maxsus “havo pardasi” hosil qilib, suv bilan lavaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasini vaqtincha to‘xtatadi. Mana shu – suv ostida “olov o‘chmayotgandek” manzaraning siri. Lava o‘z kirishimida oqishda davom etadi, suv esa uning chetlarida shaffof shisha qobiq hosil qilib boradi. Shu jarayonni yaqindan tushunib qaralsa, hadisdagi tasvir go‘yo ilmiy laboratoriyada qayta jonlangandek tuyuladi: ostida lava – issiq, yong‘in va o‘t kuchiga o‘xshash energiya; ustida suv – okeanning ulkan qatlami.

Ilm ayniqsa 20-asrning oxirlarida ulkan ochiq kashf qildi: okean tubida 400°C gacha yetadigan issiq suyuqlik oqib chiqadigan manbalar bor – ularni gidrotermal ventlar deyishadi. Bu manbalardan chiqqan suv oddiy suv emas, balki qora tutunga o‘xshash: unda temir, sulfid, og‘ir minerallar eritilgan.

Demak, okean tubida faqat magma emas, balki magmaning issiqligi bilan qaynab chiqqan suv ham bor. Ya’ni issiq suv ustida sovuq suv qatlami, undan pastda yana qaynayotgan suv, undan pastroqda esa magma – bir-biriga qorishib, bir tizimni hosil qiladi.

Gidrotermal ventlar atrofida quyosh nuri mutlaqo yetib bormaydigan joyda hayot bor.

Bu jonzotlar ozuqani quyoshdan emas, balki issiq manbadagi kimyoviy moddalar oksidlanishidan oladi. Olimlar bu jarayonni kemiosintez deb atashadi.

Bu hadisdan kashf qilingan mo’jizani bir qismi bo’lib agar bu haqida gaplashilsa vaqtlar yetmaydi. Shu sababdan bugungi suhbatimizni shu yerda yakunlaymiz-da qolgan qismini keyingi maqolalarimizda gaplashib boramiz.

Munavvaraxon ISLOMIDDIN QIZI,

TII 2-kurs talabasi

460170cookie-checkQanday qilib olov suv ostida o‘chmaydi?

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: