Imom Jazariy rohmatullohi alayhning “Muqoddimatul-jazariyya” asarlariga ko‘pgina ulamolar sharhlar bitishgan. Bu sharhlarni yozgan ulamolar “Muqoddimatul-jazariyya” ga ko‘plab foydali jihatlarni, nozik o‘rinlarga munosib izohlarni, baytlarga turli-tuman ma’nolarni kiritishganki, bu ishlarning ahamiyati haligacha o‘z qiymatini yo‘qotgani yo‘q. Mazkur shorihlar muallifning baytlardan nazarda tutgan ma’nolarini o‘quvchi kishilarga oson va tushunarli qilib yetkazishda jiddu-jahd qilishgan. Har bir shorih o‘z asari avvalgi shorihlarning asarlari bilan bir xil bo‘lib qolmasligi, ularni takrorlamasligi uchun harakat qilgan. Buning sababi ular o‘zidan avvalgi sharhlarda e’tiborsiz o‘tib ketilgan o‘rinlarni to‘ldirib qo‘yishlaridir.
“Muqoddimatul-jazariyya” ga yozilgan sharhlarning umumiy soni 30 taga yetadi. Quyida biz ulardan ayrimlarini zikr qilib o‘tamiz.
Birinchi bo‘lib sharh yozgan olim Imom Jazariyning o‘g‘illari Imom Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Jazariydir.[1] U kishi o‘zlari yozgan sharhni “Al havashiy al mufhima fi sharhil muqoddima” deb nomlaganlar.
Bu kitob ancha yillar avval Misrda chop etilgan. Islom diyorlaridagi ko‘plab kutubxonalarda mazkur kitobning asl nusxalari saqlanadi.
U kishidan keyin “Muqoddimatul-jazariyya” ga AbdudDoim al Azhariy (vafoti hij. 870 yil) degan olim sharh yozib, uni “At tirozotul mu’lima fi sharhil muqoddima” deb nomlagan. Bu asar ham nashr etilgan.
Alloma Zaynuddin Xolid ibn Abdulloh Ibn Abu Bakr ibn Muhammad Jurjoviy al Azhariy (vafoti hij. 905 yil) ham bu asarga sharh yozganlar. Bu sharhning nomi haqida ma’lumotlar kelmagan. Ammo ulamolar o‘z davrida bu sharhni maqtab gapirganliklari rivoyatlarda vorid bo‘lgan. Bir necha marotaba nashr etilgan.
Mazkur sharhni arabchadan turkiy tilga “So‘fizoda” nomi bilan mashhur bo‘lgan Muhammad ibn Ahmad (vafoti hij. 1024 yil) tarjima qilgan. Hijriy 1004 yilda bu kitob nashr etilgan.
Burhoniddin Ibrohim ibn Abdurrahmon ibn Ahmad al Ansoriy (9 asrda yashab o‘tgan Misrlik olim) ham sharh yozgan. Bu asarning bitta nusxasi Misrdagi Azhariyya kutubxonasida saqlanadi.
Shayxul islom Abu Yahyo Zakariyyo al-Ansoriy (vafoti hij. 962 yil) muxtasar va yengil hamda barcha uchun tushunilishi oson bo‘lgan sharh yozganlar. Ko‘pgina ulamolar tomonidan bu kitob yaxshi qabul qilingan. Dunyoning deyarli barcha musulmon mamlakatlariga tarqalgan. Muallif bu asarni “Daqoiqul muhkama fi sharhil muqoddima” deb nomlaganlar. Ko‘p marotaba nashr etilgan.[2]
Ba’zi ulamolar Zakariyyo al-Ansoriyning asarlariga ham sharh yozishgan. Ulardan biri “Muqriy” nomi bilan mashhur bo‘lgan Shayx Abun Nasr Abdurrahmon ibn Muhammad an Nahroviy al Misriydir. Juda ham foydali bo‘lgan bu kitobni muallif “An nukatul hasson ala sharhi shayxil islam li muqoddimati tajvidil Qur’an” deb nomlaganlar. Bu asar ham Misrda bir necha bor nashr etilgan.
Shuningdek, Sayyid Loshiyn ham Zakariyyo al-Ansoriyning asarlariga sharh bitib, uni “Durusun muhimma sharhid daqoiqil muhkama fi sharhil muqoddima” deb nomlaganlar. Bu asar ham chop etilgan.[3]
“Muqoddimatul-jazariyya” ga shuningdek, Shayx Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad Qostaloniy (vafoti hij. 923 yil) ham sharh yozib, uni “Al laa’liy as saniyya fi sharhil muqoddimatil jazariyya” deb nomlaganlar.
Muhammad ibn Umayr ibn Muborak al-Xazromiy (laqabi: Bahroq. Vafoti hij. 930 yil) “Tarjamatul mustafiyd li maa’niy muqoddimatit tajvid” degan sharh bitgan. Bu sharhning bir nusxasi Hindistonning Borampur shahridagi kutubxonada saqlanadi.
Shayx Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad ad-Daljiy (vafoti hij. 947 yil) va Shayx Muhammad ibn Umar (vafoti hij. 996 yil) kabi olimlar ham “Muqoddimatul-jazariyya” ga sharh yozishgan. Ammo ularning asarlari haqida deyarli ma’lumotlar saqlanib qolmagan.[4]
Tarixchi olim Isomiddin Abul Xoyr Ahmad ibn Mustafo Toshko‘prizoda (vafoti hij. 968 yil) ham sharh bitganlar. Bu sharh, ulamolarning fikricha, o‘zidan avvalgi sharhlardan hech bir jabhada qolishmaydi. Qur’on qorilari uni o‘qishdan faqatgina foyda topadilar, xolos. Ammo bu asar juda kam nashr etilgan. Chop etilgan nusxalarida ham qayerda, nechanchi yil nashr etilganligi haqida yozilmagan.
Shayx Hasan ibn Ali Muhammad ibn Kamoliddin al Madaniy degan olim ham sharh yozib, uni “Favoidul muharraro fi sharhil muqoddima” deb nomlaganlar. Bu asarning qo‘lyozma nusxasi Tunisdagi “Vataniyya” nomli kutubxonada 10847 raqam bilan ro‘yxatga olingan holda saqlanadi.
Mansur ibn Iyso ibn G‘oziy al-Ansoriy as-Samnudiy (vafoti hij. 1084 yillardan so‘ng) qalamiga mansub sharh “Ad durratul munazzoma al bahiyya fi halli alfazil muqoddimatil jazariyya” deb nomlangan. Tunisdagi kutubxonada bu asarning nusxalari bor.
Zamondosh ulamolardan biri Abdurrazzoq ibn Ali Muso yengil bir sharh yozib, uni “Al favaidut tajvidiyya fi sharhil muqoddimatil jazariyya” deb nomlaganlar. Bu kitob bir necha tanbehlarni o‘z ichiga olgan. Ko‘p marotaba chop etilgan.[5]
Abdurrahmon Honiy ibn Muhammad al Qozi “Al minahul ilahiyya fi sharhi muqoddimatil jazariyya” deb nomlangan sharh yozgan. Bu asar chop etilgan va hozirda ham chop etilmoqda.[6]
Mahmud Muhammad Abdul Mun’im Abd degan zamondosh olim ham “Muqoddimatul-jazariyya” ga sharh yozib, uni “Ar rovzatun nadiyya sharhu matnil jazariyya” deb nomlagan.[7]
Bu narsa “Muqoddimatul-jazariyya” asarining tajvid ilmi ulamolari orasida naqadar yuqori martabada turishiga dalolat qiladi. Bu asarning mashhur bo‘lib ketishiga birinchi sabab muallifning o‘zi bo‘lsa, ya’ni uning ilmdagi martabasi naqadar buyuk ekanligi bo‘lsa, ikkinchisi mazkur asar tajvid ilmidagi barcha qoidalarni yengil tarzda o‘zida jamlaganligi va iboralarining tilga osonligidadir.
TII 4-kurs talabasi Meliboyev Abdumo‘min
[1] Tahminan hijriy 835 yillarda Sherozda vafot etgan qiroat va hadis ilmi olimlaridan biri. Imom Jazariyning farzandlari. Hadis va qiroat fanlariga oid 15 ga yaqin asarlari borligi rivoyat qilingan.
[2] Zakariyo al Ansoriy. Daqoiqul muhkama fi sharhi muqoddima. Damashq: Maktabatul G‘azzoliy, 1992. – B. 20-21
[3] O‘sha manba. – B. 22
[4] Ali Qori. Minahul fikriyya fi sharhi muqoddimatil jazariyya. Halab: Dorul g‘ovsaniy, 2012. – B. 22
[5] Doktor Ayman Rushdiy tahqiqi. Manzumat ul mukaddima. Bayrut: Dorul minxoj, 2005. – B. 125
[6] Ali Qori. Minahul fikriyya fi sharhi muqoddimatil jazariyya. Halab: Dorul g‘ovsaniy, 2012. – B. 24
[7] O‘sha manba. – B. 25