islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Najmiddin Kubro – Kubroviya tariqatining asoschisi

Shayx Najmiddin Kubro haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?

Hazrat Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul uns” asarida yozilishicha: “Ahmad yoshligidan ilmga qiziqib, Islom asoslari shariat ilmlarini juda tez o‘zlashtirib, o‘zidagi qobiliyati asosida Xorazmning mana-man degan ulamolaridan o‘zib ketadi va ilmiy bahslarda barchani olqishiga sazovar bo‘ladi. Shu bois u “Tammatul Kubaro”, yani ulamolarning yetugi, ulug‘vori va ilm balosi degan laqabni oladi. Buning yoniga “Najmiddin”-“dinning yulduzi” degan martabali unvon qo‘shilib, Ahmad ibn Umar shundan keyin Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur bo‘ladi” – deyilgan.

XII-XIII asr tasavvufining eng yorqin va eng buyuk namoyandalaridan biri bo’lmish ulug‘ mutafakkir olim Najmiddin Kubro-buyuk zotlardan biri bo‘lgan. Shayx Najmiddin Kubro (1145-1221) – buyuk olim, shoir, tasavvuf ta’limotining asoschilaridan biri, valiylarning murabbiysi va o‘z ona Vatannining vatanparvari, mard, botir o‘g‘lonlaridan biri edi. Bu zot mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashgan.

Nadmiddin Kubroning holatlari shunday ekanki, u kishi ba’zan birdan jo‘shib, o‘zga kayfiyatga kirib, vujudlari balqib ketar ekan, ba’zida esa o‘ychan, g’oyat kamgap bo’lib qolar ekanlar. Ba’zan xushchaqchaq va ochiq chehra bilan suhbatga berilar, g‘oyat nozik did va o‘tkir so‘zlar bilan muridlar qalbiga olovli cho‘g‘ tashlar, turli ishoralar, harakatlar va ruhiy karomatlar orqali atrofdagilarni hayratga solar ekan.

Ahmad ibn Umar yoshligidan ilmga qiziqqan, qobiliyatli inson bo‘lgan. U shariat ilmlarini puxta egallab, yigitlik pallasida tengqurlari bilan bo‘lgan barcha bahslarda hamisha g‘olib chiqqani uchun uni “Tamattul-Kubro” deb atashgan.

Bu buyuk zot arab va fors tillarida tasavvufga oid she’rlar va risolalar yozgan. Shayx Najmiddin Kubro odamlarni ezgulikka, ilmga, sahovat va mardlikka da’vat qilgan. Shayx Najmiddin Kubroning hayoti katta saboq, ulkan maktabdir.

Hazrat Najmiddin Kubro o‘z ta’limotida inson omilini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Bu zot inson tafakkuri kuchiga yuksak baho berib shunday deydi:“Valiylik inson bolasiga azaldan nasibadir, chunki odam Allohning suygan mahluqi, Parvardigor odamga ong-aql bergan, botiniy nur bergan, uni barcha mavjudotdan afzal qilib yaratgan”.

Taxminan 1145 yilda Najmiddin Kubro Xiva shahrida dunyoga keldi. Bu zotning asl ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad al–Xevakiy al-Xorazmiydir. Otasi Umar, onasi Bibi Hojar (hozirda qabri Xiva yaqinidagi “Sayot” qishlog‘ida) bo‘lgan. “Najmiddin”, “Kubro”, “Abuljannob”, “Valiytarosh” so‘zlari bul zotga berilgan laqab, unvon va kuniyatdir. Shayx bag‘oyat zukko, salobatli, haybatli kishi bo‘lgan. Kechalari aksar bedor o‘tirib, ibodat qilib, surunkali ro‘za tutishni odat qilib, ilhomli damlarda xonaqoh hovlisini kezib xushnud sayr etar ekan. Bu zot 25 yildan ortiq umrini ilm olishga bag‘ishlaydi. U Xorazmga qaytgach, katta xonaqoh qurdirib Kubraviya ta’limotiga asos soladi. Uning qo‘li ostida yuzlab odamlar tarbiyalanib tahsil olishadi. Najmiddin Kubro odamlarni ezgulikka, ilmga, sahovat va mardlikka da’vat etgan. Najmiddin Kubro tarixda buyuk allomagina emas, balki o’z Vatanining ozodligi uchun mislsiz mardlik namunalarini ko’rsatgan milliy qahramon sifatida ham nom qoldirgandir.

Najmiddin Kubro qalbida ruhiy ma’naviy kamolatga, g‘ayb asrori, karomat va kashfu hol ilmi hisoblanmish tasavvuf ta’limotiga ishtiyoq zo‘r edi. Shu sababdan bu zot shariat ilmlarini o‘rganish bilan birga tariqatdan ham xabardor bo‘lishga intilib, shayxlar, darveshlar suhbatida bo‘ladi, xonaqolarda xilvat o‘ltirib, riyozat bilan mashg‘ul bo’ladi.

“Abuljannob” so‘zi esa Najmiddin Kubroning kuniyatidir. “Kuniyat”-arablarda hurmat yuzasidan beriladigan laqabdir. Abdurahmon Jomiy hazratlari yozadilarki:“Najmiddin Kubro Iskandariyada muhaddis ulamolardan hadis ilmini o‘rganib qaytayotganida, yo‘lda bir kecha hazrati Payg’ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassalamni tushida ko‘radi va ul zotga murojaat qilib,“menga kuniyat bag‘ishlang”, – deydi. Shunda hazrati Payg‘ambarimiz Najmiddinga:“Sening kuniyating Abuljannob-dunyodan ijtinob, parhez etuvchi bo‘ladi”, -deb marhamat qiladilar. Shundan keyin Kubro “Jannob” laqabini olishga musharraf bo‘ladi. “Jannob–ijtinob qiluvchi, poklik parheziga amal etguvchi ma’nosidadir”.

“Valiytarosh” laqabiga kelsak, bu so‘zning ma’nosi valiylarni tarbiyalovchi demakdir. Zero, Najmiddin Kubroning nafaslari, nazarlari shunchalik, zo‘r bo‘lganki, qalblarida ilhom jo‘sh urgan paytda kimga nazarlari tushsa, u valiylik martabasiga erishar ekan. Najmiddin Kubro o‘n olti-o‘n yetti yoshida ona Vatani Xorazmni tark etib, tahsilni chuqurlashtirish maqsadida Eron, Misr, Shomu Iroq mamlakatlarini boradi. Bu zotni ilmga chanqoq qalbi uni hech tinch qo‘ymas, qayerda biror nomdor olimni ovozasini eshitsa, darhol yo‘lga tushar, goh piyoda, goh ot-ulov yoki tuyada haftalab, ba’zan oylab yo‘l bosar, qidirgan kishisini topib, undan sidqidildan saboq olardi. Agar uning tahsildan ko‘ngli to’lmasa, ustozidan ijozat olib, yana yo‘lga tushardi.

Najmiddin Kubro Misrda Sharq falsafasi bilan shug‘ullanadi va uning sirlarini o‘rganadi. U hadis ilmi bilan qiziib Nishopur shahrida Abul Makkorim Lubon va Abu Jafar Samdloniy, Tabriz shahrida Abu Mansur Xaft, Makkai Mukarramada Abu Muhammad Tabbex shahri va Iskandariya shahrida Abu Tohir Salafiy xizmatlarida bo‘lib, ulardan hadis ilmlarini o‘rgandi.

Lekin olgan bilimlar ilm talabi yosh Najmiddin Kubroni qoniqtirmadi, u yuqoridagi olimlardan olgan ilmlarini rivojlantirib yangi yo‘nalish tariqatdan saboq olish uchun dunyo kezdi. Najmiddin Kubroning tariqat yo’lidagi pirlari Shayx Ro‘zbehon Misriy, Shayx Ammor Yosir, va Shayx Ismoil Qasriylardir. Ularning ustozi Shayx Abulnajib Suhravardiy bo‘lib, hazrat Abdurahmon Jomiyning yozishicha, zohiriy va botiniy ilmlarda barkamol kishi bo‘lgan, u ko‘p risola va kitoblar yozib so‘fiylik nisbatida Shayx Ahmad G‘azzoliyga borib tutashadi. Abulnajib Suhravardiy faqirlik bilan futuvvatni (javonmardlik) birga olib tushintiradi. Faqirlik uning talqinida faqat qashshoqlik, bechoralik emas, “faqirlik-Xudo oldida talabkorlik, ojizlik, ammo bandalari oldida adolat va saxovat posboni bo‘lish, hammaga har erda yordam ko‘rsatishdir” Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassalamning:-“Beruvchi qo‘l oluvchi qo’ldan afzaldir” degan muborak hadisi shariflariga muvofiq, “bag‘ishlovchi qo‘l-faqr eshigini ochuvchidir”, degan fikrlarni bayon qilgan Shayx Abulnajib Suhravardiy boylikni qoralamaydi, balki zulmu sitamni va talonchilikni, haromxo‘rlikni va xasislikni mazammat (malomat) etadi. Abulnajib Suhravardiy shogirdlari bo‘lgan Shayx Ro‘zbehon Misriy, Shayx Ammor Yosir, va Shayx Ismoil Qasriylarda qalb saxovati bilan birga murid tarbiyasida qattiqqo‘l bo‘lish, botiniy ko‘z bilan muridning xayollarini, ruhiyatini uqib olish va unga ruhiy ta’sir o‘tqazish qobiliyati yaxshi rivojlangan edi.

Najmiddin Kubro ulardan har tomonlama saboqlarni olgach, yana safarga chiqdi. U Tabriz shahriga Abumansur Hafdah oldiga borib shogird tushadi, u yerda hadis ilmiga bag‘ishlangan “Sharhus–sunna” kitobidan saboq oladi. Bir kun muridlar madrasa darsxonasida saboq olib o‘tirishganida u yerga bir darvesh kirib keladi. Shunda Najmiddin Kubroda kitob o‘qish majoli qolmaydi va darveshga ko‘zi tushishi bilan qalbida mehrli bir o‘zgarish yuz beradi. Darvesh chiqib ketganidan keyin Najmiddin Kubro saboqdoshlaridan: – “Bu odam kim ?” deb so‘raydi.Ular “Bu shu yerlik hazrat Bobo Faraj Tabriziydir” deydilar. Shu kuni kechasi bilan Najmiddin Kubro uxlamay chiqadi va erta tongdanoq uztozi va saboqdoshlariga: – “Yuringlar, Bobo Faraj oldiga boramiz” deydi. Ular boboning xonaqosiga borganlarida, xizmatkor ularni kelganligini darveshga aytadi. Bobo Faraj xizmatkoriga: “Agar ular Tangri Taolo dargohiga kelganday bo‘lib kira olsalar, kirsinlar”,- deydi. Shunda Najmiddin darrov kiyimlarini yechadi, hamxonalari ham unga ergashadilar. Ular Bobo Faraj huzuriga kelib indamay bir chekkada o‘tiradilar. Bobo Farajning tanasi quyosh parchasiday porlab uning yirtiq to‘nining yoriqlaridan nur tarala boshlaydi. Birozdan keyin Bobo Faraj o‘rnidan turib to‘nini yechib Najmiddin Kubroning ustiga yopadi. Najmiddin Kubro uchun bu yirtiq to‘n tabarruk tuhfa edi. So‘ngra Bobo Faraj Najmiddin Kubroga qarab, “Sening daftaru kitob o‘qish vaqting o‘tdi, balki o‘zing endi butun olam sardaftari bo‘ladigan vaqt etdi” deydi. Bobo Farajning xonaqasidan chiqqanlaridan keyin Najmiddin Kubroga ustozi “Sharhus–sunna” kitobidan ozgina qoldi, bir-ikki kun shug‘ullansang tugatasan, keyin qayerga borsang ixtiyoring deydi. Najmiddin Kubro ustozining maslahatiga quloq solib darsxonaga kiradi. Ammo shu zahoti Bobo Faraj kelib unga tanbeh beradi. “Hozirgina ilmul yaqindin ming farsax uzoqlashgan eding, endi yana ilm qoshiga keldingmi?”,-deydi. Shundan keyin Najmiddin o‘rganiyotgan ilmni to‘htatib, riyozat bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Insoniyat–ma’naviy olamida eng yetuk va eng murakkab ta’limot tasavvuf ilmiy ta’limotidir. Tasavvuf ta’limoti Allohga intilish bo‘lib, o‘zligini anglab, qalbining ochilmagan imkoniyatlarini ishga solish, bu bilan Allohning karomat nuridan bahramand bo‘lish uchun o‘z kamolati sari yo‘l tutib, ya’ni inson o‘z ruhini Allohga yaqinlashtiradi, o‘z ruhini Alloh qudratiga bag’ishlashdi.

Tariqat ilmi o‘zi uchun mujassamlashtiradigan odob-ahloqdir. Ma’rifat ilmi avliyolarning o‘zini anglab yetishi sari yo‘l tutishi, nafsni tiyishi, o‘zlikni yo‘qotishidir. Haqiqat ilmi esa o‘z ruhini Tangri qudrati bilan bog‘lashdir.

Kubroviya tariqati ham Quroni karim va Hadisi sharifdagi ta’limot asosida shakllangandir. Komil insonni tarbiyalash bu tariqatning asosiy vazifasi bo‘lib, Shayx Najmiddin Kubroning hayoti katta saboq, ulkan maktabdir. Kubroviya tariqatida talab, sadoqat, ishq, muhabbat, oshiqlikning inson uchun naqadar zarur ekanligi ta’kidlanadi.

Hazrat Najmiddin Kubro o‘z ta’limotida inson omilini birinchi o‘ringa qo‘yadi. U inson tafakkuri kuchiga yuksak baho berib shunday deydi:“Valiylik inson bolasiga azaldan nasibadir, chunki odam Allohning suygan mahluqi, parvardigor odamga ong-aql bergan, botiniy nur bergan, uni barcha mavjudotdan afzal qilib yaratgan”.

Shayx Najmiddin Kubro o‘nlab asarlar muallifi hamdir. Jumladan, uning “Fiodobus solikin” (“Soliklar odobi haqida”), “Risola attul xayf ul-xoim an lavmat il-loim” (“Qo‘rquvchi ovvoralar va malomat etuvchi malomatiylar haqida”), “Favoyihul jamol”(“Go‘zallikni egallash”), “Ruboiylar to‘plami”, “Favoyihul jamol va favotihul jalol” (“Jamol xushbo’yliklari va jalolning kashfi”), “Al-usul al-ashara” (“O‘nta usul”), “Risola at-turuq” nomli asarlarida Allohni tanish, halollik va mardlikni ulug‘lab, ilm olish va ilm berish savobi barcha mo‘min musulmonning burchidir degan fikrlar oldinga surilgan. Uning tasavvuf tarixidagi yana bir xizmatlari-javonmardlik g‘oyalarini tariqatga joriy etish bo‘ldi. Natijada mardlik va poklik, qahramonlik va fidoyilik, ma’rifat va jismoniy-ruhiy qudrat birlashtirildi, inson kamolatida ahloqiy yuksaklik, vatanparvarlik g‘oyalari qo‘shilib ifodalandi.

Najmiddin Kubro kishilarni ezgulikka, ilmga, sahovat va mardlikka da’vat etdi. Uning muridlari orasidan Shayx Najmiddin Bog’dodiy, Shayx Farididdin Attor, Sultonul ulamo Shayx Bahovuddin Valad, Shayx Sa’diddin Hamaviy, Shayx Sayfiddin Boharziy, Shayx Jaloliddin Geyliy singari ko‘plab musulmon olamiga dong‘i ketgan valiy insonlar etishib chiqqanlar. Najmiddin Kubroning muridlari ko‘p bo‘lgan. Eron, Arabiston, Kavkaz, Shomu, Iroqning turli joylaridan kelib, ulug‘ shayx ma’rifatidan bahramand bo‘lganlar, suhbatlarida ishtirok etganlar. Uning muridlari Kubroviya tariqatining davomchilari hisoblanadilar. Kubroviya tariqati o‘z davrida dunyoning barcha yerlariga kirib borgan. Xorazmlik buyuk shayxning tariqati butun dunyoga tarqalgan. Uning iste’dodli muridlari donishmandlik, islomiy hikmat va insoniy poklik, ilohiy ma’rifat g‘oyalarini turli millat va elatlar orasiga yoydilar.

Kubroviya tariqatidan keyinchalik bir qancha shahobchalar ajralib chiqib, butun dunyoda tasavvufning eng ko’p tarqalgan yo‘llaridan biriga aylanadi. Bular Hazrat Najmiddin Kubroning shogirdlari tomonidan tarqatilgan bo‘lib, shu kunimizgacha ayrim mamlakatlarda turli xil ko‘rinishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Najmiddin Kubro tarixda buyuk allomagina emas, balki o‘z ona Vatanining ozodligi uchun mislsiz mardlik namunalarini ko‘rsatgan milliy qahramon sifatida ham nom qoldirgandir. XIII asrning boshlariga kelib (1206-1215) Mo‘g‘ulistonda Chingizxon boshchiligida ko‘chmanchi mo‘g‘ullarning ulkan davlati paydo bo‘ldi. Bu davrda g‘arbda Xorazmshohlar davlati yuksalib o‘z hududini sharqdagi o‘lkalar hisobiga kengaytirib, juda katta hududni egallab dunyoga yakka hukmron bo‘lish g‘oyasi bu davlatning maqsadi va orzusi edi.

“Har qanday davlat ezgulik tarafdori bo‘lib rivojlansa, miskinlar ko‘z yoshin oqizmasa ham ichki va tashqi dushmanlar xuruji tufayli inqirozga yuz tutadi”, – degandi Najmiddin Kubro.

Harbiy jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rgan mo‘g‘ul qo‘shinlari Xorazmshohlar davlatiga yurish qilib qisqa muddatda (1218-1221) bu davlat hududini bosib oladi. Mo‘g‘ullar qurgan tuzoqlarga bir necha marta tushib, o‘z harbiy kuchlarining (O‘trorda 60 ming, Xo‘janda 10 ming, Samarqandda 110 ming, Buxoroda 50 ming) anchagina qismidan ajralgan Xorazmshoh Muhammad o‘z yurtini, poytaxti Gurganch shahrini tashlab ketadi. Shahar aholisi, himoyasiz, etakchilik qiladigan sardorsiz qoladi. Shunday og‘ir vaziyatda 76 yoshli Najmiddin Kubro shaharni himoya qilishni o‘z zimmasiga oladi. Shayx muridlarini jamlab, ularga qarab bunday deydi: “Mashriqdan kelgan bu balo Mashriqu- Mag‘ribni yakson etadi, yondirib kul qiladi. Sizlar har biringiz o‘z yurtingizga boring, o‘z joningizni asrash payida bo‘ling” Ashob shayxga iltimos qilib dedilar: – “Ot–ulovlar tayyor, agar shayx biz bilan hamroh ketishni ixtiyor etsalar, yaxshi bo‘lardi”. Bunga javoban shayx Najmiddin Kubro deydi:“Men bu yerda shahid bo’laman, menga Xorazmni tark etishga ruxsat yo‘q” deydi. Shayx shahar mudofaasini tashkil etish bilangina cheklanmay, qo‘liga qilich olib jang qiladi. Ancha vaqtgacha mo‘g‘ullar shahar himoyachilarining qarshiligini yenga olmaydilar. Shunda ular hiyla-nayrang ishlatish, sotqinlar ko’magidan foydalanish yo‘liga o‘tadilar va biladilarki shahar mudofaasi boshida shayx turibdi, darrov shayxni oldiga elchilar jo‘natib biz tomonga o‘ting sizga omonlik va boylik ato qilamiz deydilar.

Amir Temurning nevarasi, Ulug’bek Mirzo ibn Shohrux Mirzo (1394-1449) o’zining “Tarixi arba’ ulus” (“To’rt ulus tarixi”, 1425) nomli tarixiy asarida Shayx Najmiddin Kubro janoblarini sharhlab bunday deb yozadi: – “Mana yetmish yildirki, Xorazm xalqi bilan yashab kelmoqdaman. Bugungi kunda qazoyi ilohiy balo jazosini yubordi. Ularning kallasida muruvvat degan narsa bo’lmaydiki, orasidan qochib o’zimni bir chekkaga olsam. Balki, ular bilan birga beg’amona yag’moga duchor bo’lganim tuzukroq bo’lar. Balolarga ham ular bilan yor bo’lsam!”

Nazm (mazmuni): – “Bir keksa umri oxirlashib qolgandi. Shu sababdan unga so’z kor qilmadi. Quyidagicha javob berdi: Yetmish yildirki, Xorazmda hushhol yashayman. Taqdir muruvvati shuni taqozo qiladiki, kelgan baloga tan bergum goho. Qonimni shu erda to‘kadigan bo‘lishsa, tangri farmonidan qochmagum. Kiyna olovi yongan ekan, Gurganchda ho‘lu quruq yondi. Shoh lashkari o‘qu tig‘ bilan band, donoyu nodon holi bilan ishi yo‘q. Uning boshini kesmasang yaxshi bo‘lardi degan, pandni mo‘g‘ulning eshitgisi yo‘q. Qazo teg‘i taqdir tufayli o‘tkirlashgan ekan, keksayu yoshning boshi kesilgusi”.

Najmiddin Kubro shahar himoyachilariga qarata iltijo bilan “Yo Vatan, yo sharafli o‘lim!” deb xitob qiladi. Mo‘g‘ullar hali biron yerda bunchalik qattiq qarshilikka duch kelmagan edi, hali biron joyda mo‘g‘ul askarlari bunchalik ko‘p qirg’in qilinmagan edi. Dahshatli qirg‘inbarot Gurganch fojiasi yetti oy davom etdi. Son jihatdan ustun bo‘lgan dushman mashaqqatlar va hisobsiz qurbonlar evaziga g‘alabaga erishadi. Qo‘lida qurol ushlashga majoli qolmagan gurganchliklar ilojsizlikdan taslim bo‘ladi. Jarohatlangan Shayx Najmiddin Kubro o‘limi oldidan tug‘ tutgan mo‘g‘ul sarboziga tashlanib, bir qo‘li bilan uni qatl etayotgan mo‘g‘ul yalovining uchini ushlab turgan. Oxiri qo‘lini qirqib tug‘ni olganlar… .

Hazrati Shayxi buzrukvorning Xorazm qatli omidagi qatli muborak turkiy yund yiliga muvofiq keladigan 618 hijriyda sodir bo‘ldi. Hazrati Shayxi Valitarosh Shayx Najmiddin Kubro, Tangri uning ruhini muqaddas tutsin (vafotiga bitilgan) tarixda shunday deyiladi. Nazm (mazmuni): “Murshidi a’zam Shayx Najmiddin Kubro Xudo amri bilan Xorazm uchun boshini tikdi. Boshini topshirishda qotil yaloviga yopishdi. Dini haq iqlimining shohi Ul piyr sarpanjasidan on zabardast yigit yalovni chiqarib ola olmadilar. Sayidlar shayxi sarpanjasida kofir yalovini ko‘rib hayratda qolgan oqillar bu holni sharhladilar:- Yalov uchini Shayx tutib, tarix aytdiki, vafotim sanasi “Shohi shuhado” (“Shahidlar shohi”)dir.

Gurganch taslim bo‘lgach yondirildi, hamma tirik jon qilichdan o‘tkazildi, boyliklar talan-taroj qilindi. Juvayniyning ma’lumotlariga qaraganda, 100 ming nafar hunarmand, kosib, rassomlar asirga olinib, Mo‘g‘ulistonga jo’natilgan. Mo‘g‘ullar vahshiylikning bor usullarini ishga solganlar, yo‘qlarini esa o‘ylab topganlar.

Mo‘g‘ullar shaharning kulini ko‘kka sovurish bilan bir qatorda Gurganjdan nom-nishon qoldirmaslik uchun Amudaryodagi to‘g‘onni buzib, suvni shaharga burib yubordilar. Barcha ulkan tarixiy obidalar, ilm-ma’rifat manbalari suvga bostirildi. Natijada uzoq muddat davomida barpo etilgan bu ulkan qadimiy madaniyat va ma’muriy markazda hayot to‘xtadi. Juvayniyning iborasi bilan aytganda, “Gurganj qashqir makoni bo‘lib qoldi va bu yerda boyo‘g‘li va burgut in qurdi”.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Najmiddin Kubro qalbida ruhiy ma’naviy kamolatga, g‘ayb asrori, karomat va kashfu hol ilmi hisoblanmish tasavvuf ta’limotiga ishtiyoq zo‘r edi. Shu sababdan bu zot shariat ilmlarini o‘rganish bilan birga tariqatdan ham xabardor bo‘lishga intilib, shayxlar, darveshlar suhbatida bo‘ldi, xonaqolarda xilvat o‘ltirib, riyozat bilan mashg‘ul bo’ldi. Ahmad ibn Umar yoshligidan ilmga qiziqqan, qobiliyatli inson bo‘lgan. U shariat ilmlarini puxta egallab, yigitlik pallasida tengqurlari bilan bo‘lgan barcha bahslarda hamisha g‘olib chiqqani uchun uni “Tamattul-Kubro” deb atashgan.

Hazrat Najmiddin Kubro o‘nlab asarlar muallifi hamdir. Shayx Najmiddin Kubro odamlarni ezgulikka, ilmga, sahovat va mardlikka da’vat qilgan.

Hazrat Najmiddin Kubro o‘z ta’limotida inson omilini birinchi o‘ringa qo‘yadi. U zot inson tafakkuri kuchiga yuksak baho bergan.

Xorazmning buyuk farzandi Shayx Najmiddin Kubro o‘z ona Vatanini dushmanlardan himoya qila turib sharafli o‘lim topdi. 1221 yilda Najmiddin Kubro o‘zi muallimlik qilgan xonaqohga dafn etildi. Keyinchalik Oltin O‘rdaga bo‘ysinuvchi o‘lka hukmdori Qutlug‘ Temur tomonidan XIV asrda Urganch (mo‘g‘ul tilida “Gurganch” deb ataladi) shahrida buyuk olim, tasavvuf ta’limotining asoschilaridan biri, vatanparvar va oliyjanob Shayx Najmiddin Kubro nomiga maqbara qurilgan. Hozirgi vaqtda Najmiddin Kubroning qabri Turkmaniston Respublikasini Toshhovuz viloyati Ko’hna Urganch shahridadir.

Shayx Najmiddin Kubroning bunday vatanparvarligi asrlar osha tillarda doston bo’lib, afsonalarga aylanib bizgacha yetib kelgan. Mustaqilligimiz sharofati tufayli 1995 yilda Respublikamizda buyuk alloma Najmiddin Kubroning 850 yilligi keng nishonlandi va bir qancha risolalari nashrdan chiqdi.

Turon zamini qadim-qadimdan vatanparvar, millatparvar buyuk siymolar manzil-makoni bo‘lgan. Bu yurtda yashab o‘tgan ko‘plab alloma, valiy zotlar dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirishgan. Shayx Najmiddin Kubro insoniyat tarixidagi eng e’tiborli siymolardan biridir, uning nomi Sharqda necha asrlardan buyon vatanparvarlik timsoli bo‘lib kelmoqda.

Foydalanilgan Internet saytlari

  1. w.w.w. arboblar.uz
  2. w.w.w. uza.uz.

3.w.w.w. uz.wikipedia.org

  1. w.w.w.izoh.uz
  2. w.w.w.oyina.uz

“Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Faxriddin Yernazarov tomonidan tayyorlandi.

451410cookie-checkNajmiddin Kubro – Kubroviya tariqatining asoschisi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: