islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

XATTOTLIK SAN’ATI VA MARKAZIY OSIYO XATTOTLAR MAKTABLARI

Xattotlik san`ati Sharq mamlakatlarida o`ziga xos alohida yo`nalish kasb etgan, maxsus ixtisos darajasiga ko`tarilgan qadimiy va bebaho san`atdir. Bu davrlarda yozuv va kitob ko`chirishga e`tiborning ortishi tufayli ajdodlarimiz tasarrufida bo`lgan o`lkada «Buxoro xattotlik maktabi», «Xorazm xattotlik maktabi», «Farg`ona (Qo`qon) xattotlik maktabi», «Samarqand xattotlik maktabi», «Toshkent xattotlik maktabi» kabi bir necha yirik san`at markazlari vujudga keldi.

Ibn Sinoning «Tib qonunlari» kitoblarida ta`kidlanishicha, xunuk xat bilan yozilgan matn kishining ko`ziga katta zarar yetkazadi. Shuning uchun husnixat bilan yozilgan kitoblar nihoyatda qadrlangan, e`zozlangan hamda tabarruk sanalgan.

Husnixat san`atining asosiy uslublari. Har bir xalq va millat ilohiy bitiklardan o`ziga andoza va qolip qilib olib, xatlar turini xilma-xil uslub bilan ilohiy ilhom orqali ixtiro qila boshlaganlar. Mana shu ilohiy mo`jizalardan biri 28 harfdan iborat bo`lgan arab alifbosining dastlabki shakli ma`qaliy xatidir. Ikki dunyo saodati bo`lmish Kalomulloh ham mana shu xatda bitilgan. Hazrati Usmon r.a. boshchiliklarida Qur`oni karim mukammal kitobat qilindi va u bir necha nusxada ko`chirtirildi. U zot Qur`onni mana shu asl nusxadan ko`chirishni buyurdilar. Shulardan bir nusxasi Kufa shahriga yuborilgan. Keyinchalik Iroq, Xuroson, O’rta Osiyo mana shu Kufa shahriga yuborilgan Qur`ondan nusxa ko`chirganlari uchun u «Kufi Qur`on» va «Kufi xati» deb atala boshladi va shunday qilib, «kufi» atamasi xat olamiga kirib qoldi. Keyinchalik kufi xatiga nuqtalar, e`roblar (zamma, fatha, kasra) qo`yildi.

Kufi xati asosida arab xatining birinchi ixtirochisi bag`dodlik Abu Ali ibn Muqla (vaf.hij. 338 y.) hisoblanadi. Ibn Muqla ma`qaliy (ko`fiy xati) asosida arab yozuvining yetti xil asosiy turini ixtiro etgan. Bu kishidan keyin Shayx Jamoliddin Yoqut Jazoiriy (277 – 397/891 -1007J.) Ibn Muqla ta`limoti asosida muhaqqaq va mashhur olti xatni mukammallashtiradi. Shuningdek, u nasx xatining ixtirochilaridan biridir. Manbalarda qayd qilinishicha, Shayx Jamoliddin Yoqut Qur`oni karimni muhaqqaq (yoqut) xatida forsiy tarjimasi bilan birga ming adad ko`chirgan. Keyinchalik Ibn Vavvob (vaf.mil.1022y.) ham xat uslubining go`zalligini mukammallashtiradi va 36 xil xat turining 17 xilini ixtiro qiladi. Buyuk xattot Yoqut (XIII asr) va boshqa ulug` xattotlar arab yozuviga sayqal berib, ularning yanada mukammal, jozibador bo`lishiga o`zlarining bebaho hissalarini qo`shganlar, xatdagi uslublarni oxiriga yetkazib takomillashtirganlar.

Markaziy Osiyoda xattotlik san’ati Temur va temuriylar davrida keng taraqqiy etdi. Husnixat san’ati dastlab Movarounnahr poytaxti Hirotda rivojlanib, u yerda Sulton Ali Mashhadiy boshliq yirik xattotlik maktabi tashkil topdi. Maktabning o‘ziga xos tomoni XIV asrda Mir Ali Tabriziy yaratgan nasta’liq xat uslubi bu yerda Sulton Ali tomonidan takomillashtirildi. Bu xat yirik va mayda nasta’liq kitobat ishlarida keng qo‘llanib, badiiy va tarixiy asarlar faqat nasta’liq uslubida ko‘chirila boshladi. Ko‘fiy, riqo’, suls va nasx xatlari esa ko‘proq me’morchilik, naqqoshlik san’ati va Sharq qadimgi yozuvlarini o‘rganishda ishlatildi. XVI asrda temuriylar saltanati inqirozga yuz tutgandan keyin, siyosiy hukmronlik Shayboniylar qo‘liga o‘tishi bilan madaniy hayot ma’lum darajada Buxoroda taraqqiy etdi. Bir qism hirotlik xattot, rassom va madaniyat arboblari Buxoroda to‘plandi. U yerda Buxoroga xos bo‘lgan yangicha kitobat va husnixat maktabi vujudga keldi. XVI—XVII asrlarda yashab ijod etgan Buxoro xattotlari husnixatda o‘zlariga xos Buxoro xattotlik maktabini yaratdilar.

Markaziy Osiyoning eng qadimiy madaniyat o‘chog‘laridan bo‘lmish Xorazmda xattotlik san’ati XVIII asr boshlaridangina mustaqil maktab sifatida shakllandi. Ayniqsa, XIX asrda Muhammad Rahim I (1806— 1825) va Muhammad Rahim II (1844—1910) zamonida Xorazmda xattotlik san’ati keng taraqqiy etib, kitobat ishlari ham rivojlandi.

Qo‘qon ham husnixat san’atida o‘ziga xos vakillarini yetkazib chiqardi. XVIII asr ikkinchi yarmi va XIX asrda Qo‘qon xonligida madaniy hayot, san’at va adabiyot ancha ravnaq topgan. Qo‘qonlik mashhur xattot Muhammad Sharif Dabir boshliq Farg‘ona shaharlarida juda ko‘p xattotlar yetishib chiqqan. Hirot, Buxoro, Xiva xattotlik maktablaridagi kabi bu yerda ham nasta’liq xati yetakchi o‘rinda bo‘lgan. Markaziy Osiyo xattotlik maktablari orasida Qo‘qon xattotlik maktabida nasta’liq bilan bir qatorda badiiy asarlarni ko‘chirishda shikastiy xati ham keng qo‘llanilgan.

XIX asr ikkinchi yarmiga kelib, ma’lum iqtisodiy va siyosiy sabablarga ko‘ra Toshkent ham ilm-fan va madaniyat markaziga aylana boshladi. Toshkentda maorif, san’at va adabiyotning rivojlanishi bu yerda ham husnixat bilan shug‘ullanuvchi xattotlarning yetishib chiqishiga zamin tayyorlab berdi. Bular Toshkentdagi Shohmurod kotib boshliq Markaziy Osiyo xattotlarining beshinchi maktabini tashkil qildilar.

Yuqorida sanab o‘tilgan husnixat maktablari jug‘rofiy tushuncha emas, balki XIV—XX asrlarda Xuroson va Markaziy Osiyo tarixining muhim iqtisodiy-siyosiy va madaniy taraqqiyot bosqichlari bilan aniqlangan. Bu maktablar orasida badiiy jihatdan yuksak taraqqiy bosqichiga ko‘tarilgani Hirot, Buxoro va qisman Qo‘qon husnixat maktablaridir. Shuni ham ta’kidlash kerakki, Xiva va Toshkentda husnixat taraqqiyoti XIX asr oxiridan toshbosma uchun kitoblar ko‘chirib berish bilan ham bog‘liq bo‘lgan.

Xalqimizning ilm-fan va madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, xalqni ilm-ma’rifatdan bahramand qilishda va ma’naviy-ma’rifiy yodgorliklarning bizgacha yetib kelishiga ulkan hissa qo‘shishga sababchi bo‘lgan Markaziy Osiyo xattotlarining beqiyos xizmati har qancha hurmat va tahsinga sazovordir.

Toshkent islom instituti

talabasi Xaytbayev Ravshanbek

366690cookie-checkXATTOTLIK SAN’ATI VA MARKAZIY OSIYO XATTOTLAR MAKTABLARI

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: