islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Qur’on ma’nolarini birinchi bo’lib ingliz tiliga tarjima qilgan musulmon olim Abdulloh Yusuf Alini taniysizmi?

Qur’oni karim Alloh taoloning ochiq oydin arab tilida nozil qilgan kitobidir. Ammo, Alloh uni butun insoniyat uchun dastur qildi va insoniyatga uni o’rganish va amal qilishga buyurdi. Insonlar esa irqlari va tillari turlicha bo’lgan jonzotlardir. (Rum 22) Shu bois har kim Qur’onni o’z ona tilida o’rganishga muhtoj bo’ladi. Bu Qur’onni turli tillarga tarjima qilinishi sababidir. Bugungi kunda eng keng tarqalgan til shubhasiz, ingliz tilidir. Quyida biz Qur’onning eng mashhur inglizcha tarjimasi haqida gaplashamiz.

Bu hind-ingliz olimi Abdulloh Yusuf Alining “The translation of Qur’an by Abdulloh Yusuf Ali” tarjimasidir. Bu kitob Saudiya Arabistonining IFTA tashkiloti tomonidan Qirol Fahd davrida to’liq tadqiq qilindi. Abdulloh 1872-yil Bombeyda tug’ilgan.  Uning otasi Yusuf Ali Ollohbakesh (1891 yilda vafot etgan), u Xon Bahodir Yusuf Ali nomi bilan ham tanilgan, u e’tiqodan Dovudiy oqimidan boʻlgan shia edi.  Biroq, u Dovudiy Bohraning an’anaviy yo’lini rad etdi va mo’tadil shia o’laroq politsiyada ishladi.  Nafaqaga chiqqanidan so‘ng, xizmatlari uchun unga Xon Bahodir unvoni berilgan.

 Bolaligida Abdulloh Yusuf Ali Anjuman Himoyat-ul-islom maktabida, shuningdek, Uilson da’vat kollejida tahsil olgan.  Qolaversa, diniy ta’limlar bilan birga, Qur’onni yod olgan.  Keyin arab va ingliz tillarini o‘rgandi.  So‘ngra Islomning ilk davridagi qo’lyozmalardan boshlab Qur’on va ayniqsa, uning tafsirlarini o‘rganishga e’tibor qaratdi. Otasi shia bo’lishiga qaramay Abdulloh ko’p izlanishlari orqali sunniylikni tanladi.

 1891-yilda Ali Buyuk Britaniyaga Sent-Jon kollejida huquq fakultetiga oʻqishga bordi, 1895-yilda sanʼat bakalavri va huquqshunoslik bakalavri bilan tugatdi va Hindistonga qaytib keldi.  U mansabdor shaxs sifatida ishlagan, yuridik faoliyat huquqini olgan.  1901 yilda u huquqshunoslik va san’at magistri unvonlarini oldi.  1900 yilda u Tereza Meri Sholdersga (1873-1956) uylandi, ularning to’rt farzandi bor edi: uchta o’g’il (Edris Yusuf Ali (1901-1992), Ashgar Bloy Yusuf Ali (1902-1971), Alban Hayder Yusuf Ali (1904 yilda tug’ilgan)) va qizi (Leyla Tereza Ali (1906 yilda tug’ilgan)).  Uning xotini va bolalari Angliyada yashagan, Abdulloh Yusuf Alining o’zi esa Hindistonga qaytib kelgan.

U o’z tarjimasini taqdim qilish uchun to’rt yil sarfladi. Kitob 1913-1917-yillar, aynan jahon urushi bo’lib o’tgan yillarda yozib tugatilgan. Shunga qaramay bugungi kundagi mashhur inglizzabon da’vatchi Zakir Naik Ali bu ishni amalga oshirishlik uchun umrining 40 yilini sarflaganini o’zining “Peace Tv” ga bergan intervyusida aytib o’tgan. Kitobning nomi “The translation of Holly Quran” bo’ldi va juda tez fursat ichida butun dunyoda mashhurlikka erishdi.  Bunga qadar Qur’oni Karim faqat g’ayrimusulmonlar tomonidan tarjima qilingan edi. Ali bu ishi bilan insonlarga Islomning muqaddas kitobi Qur’onning ma’nolarini tobora rivojlanib borayotgan ingliz tilida tushunish imkonini taqdim qildi. Ushbu tarjima bugungi kunimizda ham dunyoda eng keng tarqalgan tarjima hisoblanadi va shu kunga qadar kitob 500 milliondan ortiq nusxada nashr qilingan.

1938-yil dekabrida oʻz tarjimasini targʻib qilish uchun gastrol safari chogʻida Ali Kanadada joylashgan Shimoliy Amerikadagi uchinchi masjid boʻlgan “Al-Rashid” masjidini ochishga yordam berdi. 1947-yilda Ali mustaqillikdan keyin Hindistonga qaytib, siyosiy lavozimlarni egallash uchun ko’plab hindlar orasida bo’ldi.  Biroq, u uchun bu harakat muvaffaqiyatli bo’lmadi va Londonga qaytib keldi. London qaytgach uning sog’ligi tobora zaiflashdi, oilasi va u ilgari aloqador bo’lgan Britaniya tashkiloti tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan holda yashadi.  Muayyan yashash joyi bo’lmagan Ali hayotining so’nggi o’n yilligini goh milliy liberal klubda, qirollik hamdo’stligi jamiyatida yashab, London ko’chalarini kezib o’tkazdi. Bankda 20,578 funt sterling puli borligiga qaramay, qashshoqlikda yashagan. 1953-yil 9-dekabrda politsiya Alini Vestminsterdagi eshiklardan birida qashshoq va hayratlanarli holatda topib, uni Vestminster kasalxonasiga olib borishdi.  Ertasi kuni uni olib chiqishdi va London okrug kengashining Chelsidagi Dovehouse ko’chasidagi qariyalar uyiga olib ketishdi.  Bu yerda u 10-dekabr kuni yurak xurujiga uchradi va Fulxemdagi Sent-Stiven kasalxonasiga yotqizildii va u o’sha yerda o’sha kuni yolg’iz vafot etgan.

 Qarindoshlari hatto jasadni bizniki deb da’vo ham qilmagan, lekin Ali Pokiston Oliy komissiyasiga tanish edi. Aynan ular Alini Fulhem yaqinidagi Brukvud qabristonidagi musulmonlar bo’limida dafn qilishni tashkil qilishdi. Shu tariqa islom olamiga ulkan xizmat qilgan olim oxirat tomon kuzatildi. Uning taqdirini Imom Buxoriyga qiyoslash mumkin…

 

Toshkent islom instituti

405-guruh talabasi

Abduqodirov Oyatulloh

 

373091cookie-checkQur’on ma’nolarini birinchi bo’lib ingliz tiliga tarjima qilgan musulmon olim Abdulloh Yusuf Alini taniysizmi?

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: