Arab va islom olamida eng ko’p tarqalgan va mashhur bo’lgan xatlar quyidagilar: suls, nasx, ta’liq (nasta’liq, forsiy), diyvoniy, kufiy, riq’a, diyvoniy jaliy, muhaqqaq, ijoza, tug’ro, mag’ribiy, rayhoniy, toj va shikaste[1].
Bu xat turlarini ikki asosiy qismga bo’lishimiz mumkin, ular asosiy xatlar va asosiy xatlardan hosil bo’lgan, ya’ni asosiy xatlar asosida tuzilgan xatlar.
Asosiy xatlarning asli birinchi paydo bo’lgan va hech qanday boshqa xatlar shakllaridan o’zlashtirilmagan xatlardir. Bunda o’sha xatning yozilish qoidalari, harflarining yagona (bir ko’rinishli) yozilish uslublari va shakllari hamda qo’shib yozilganidagi shakl va ko’rinishlari o’ziga xos boshqa xatlardan o’zlashtirilmagan bo’ladi.
Asosiy xatlar sirasiga suls, nasx, ta’liq, diyvoniy, kufiy va riq’a xatlari kiradi. Mazkur xatlarning har biri alohida o’rinlarda qo’llanilgan:
- muhaqqaq — qasida va she’rlar yozishda;
- suls — ilmiy asarlar va xat yo’l-yo’riqlarida;
- rayhoniy va nasx — qissa va xabarlarda;
- tavqi’ — buyruq va farmonlarda;
- riqo’ — maktublarda ishlatiladi.
Bu olti asosiy uslubning har biri ingichka va yo’g’on qalamlarda yozilishi natijasida yana o’n ikki xil xatni tashkil etgan[2].
IX–X asrlarda ilk xattotlardan Ibrohim Sikiziy, Yusuf Sijistoniy, Ibn Bavvob va boshqa ustodlar o’ttiz olti tur xatni ixtiro etishgan[3]. Ular quyidagilar[4]:
- Tumor – ingichka, mayda xat yoki qalam.
- Jalil – katta, yo’g’on qalam.
- Majmu’ – qo’sxilma xat.
- Riyosiy – 806-yilda zurrayosatang Fazl ibn Saxlga atalgan xat.
- Sulsayn – qalamning uchdan ikki hissasi bilan yozilgan xat.
- Nisf – mashq qalamining yarmi (qalam sifati).
- Javonihiy – paralel chiziqli xat.
- Musalsal – tomonalarini ichiga olib zanjir kabi bog’lab yozilgan xat.
- G’ubori xuliya – xatning zeb-u ziynat va oroyishi.
- Mansur – nasriy so’zlarda ishlatiladigan qalam.
- Muqtarin – so’zdagi harflarni bir-biriga ulab yozilgan xat.
- Havoshi – hoshiya qalami.
- Ash’or – she’rlar yozadigan qalam.
- Lu’-luiy – qalam sifati.
- Masohif – mus’hafning ko’pligi.
- Fazzoh un-nasx – ochiq va ravshan nasx xati.
- G’ubor – mayda qil qalam, mo’yin qalam.
- Uhud – shartnoma va ahdnomalarda ishlatiladigan.
- Muallaq – ta’liq qalamidan.
- Muomarot – majlis va kengashlarda ishlatiladigan qalam.
- Muhdas – yangidan ixtiro qilingan qalam.
- Mudammaj – harflarni bir-biriga kiritib, bir o’ringa joylashtirib yozilgan xat.
- Muqovvar – atrofi kesilgan va o’yilgan xat.
- Mamzuj – aralash yozadigan qalam.
- Mufattah – qalam sifati.
- Muammayot – muammolar yozadigan.
- Muxaffaf – qalam sifati
- Mursal.
- Mabsut – yoyiq, harakatlardan holi bo’lgan xat.
- Tov’amon – egizak qilib yoziladigan soya berilgan xat.
- Mu’jiz – e’joz chegarasiga yetkazilgan xat. Kotiblarni ojiz qoldiradigan xat.
- Muxalla’ – qalam sifati.
- Devoniy – devonxona, daftardor, kotiblarning bir turli shikasta xati.
- Siyoqat – qalamni tez yurgizib yozilgan yassi xat.
- Qurama – kesib yopishtirilgan xat[5].
36 tur xatdan boshqa shuhrat qozongan xat nomlari:
- shikasta;
- shikasta nasta’liq;
- xatti sunbuli;
- xatti mehi[6];
- jaliy devoni, ijozat, riq’a, shajariy[7];
- zulf;
- uyg’uriy[8];
- xatti musalsal nasta’liq bilan[9];
- xatti moriqa[10];
- rumuzod xatlari[11];
- san’atli kufiy xati[12];
- xatti shohiy, xatti Boburiy[13];
- xatti tug’ro, deboj, xatti noxun va boshqalar;
- tirnoq bilan bo’rttirib yoziladigan xat.
Toshkent islom instituti 4-kurs
talabasi Norboyev Muhammadjon
Foydalanilgan adabiyotlar
[1] Ibrohim Jum’a. Totovvur kitabati kufiy. – Qohira: Darul maorif, 1969. – B. 95.
[2] Murodov A. O‘rta Osiyo xattotlik san’ati tarixidan. Toshkent. “Fan“ nashriyoti, 1971. B.23.
[3] O’sha manba. O‘rta Osiyo xattotlik san’ati tarixidan. Toshkent: Fan nashriyoti, 1971. –B.25.
[4] Habib. Xat va xattoton. Toshbosma. O‘zFA SHI № 3640, –B.20.
[5] Habib. Xat va xattoton. Toshbosma. O‘zFA SHI № 3640, –B. 20.
[6] Oinai irfon, Mutallimin va muallimin, № 8777, 5-son, –B.32.
[7] Ali Sa’diy. Qomusi Ismoniy. № 1698. –B.18.
[8] Isoqxon. Jame’ ul-xututi Isoqxon O‘zFA SHI, № 621, –B. 59-122-123.
[9] Mirsiddiq Hishmat. Tazkirat ul-salotin., № 34. –B.2.
[10] Ismoiliy Haqqi. Tadrisoti ibtidoiya. O‘zFA SHI, № 13177. –B. 112-120-123.
[11] Muhammad Xafid. Durrul muntaxabbot, № 2282, –B.359.
[12] Ahmad Rafiq. Tarixi umumiy. № 1760, –B. 446.
[13] Muhammad tohir. Ajoyib ut-taboqot. O‘zFA SHI Fondi. Toshbosma. № 2779.