islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Tafsir ilmiga o‘zgacha yondashgan olim

Tafsir ilmi – Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimni to‘g‘ri tushunish, Alloh taolo o‘z kalomining qa’riga yashirib qo‘ygan xazinalaridan xabardor qilganicha  va suyukli payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy qilganidek anglash va uni qalbga singdirish uchun vosita bo‘lgan eng muhim ilmlardan hisoblanadi. Bu ilmga butun hayotini bag‘ishlagan va uning rivojiga hissa qo‘shgan olimlarni sanab sanog‘iga, hisoblab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ko‘p zikr qilishimiz mumkin. Biroq ularning ichida Movarounnahr o‘lkasida tug‘ilib, o‘sib, tafsir ilmiga o‘zgacha, sodda va anglash oson, ma’nolarini bir-biriga bog‘lash yengil bo‘lgan uslubda ta’lif qilgan olimlar sanoqlidir. Ularni ichidan eng ko‘zga ko‘ringani sifatida alloma, mufassir, muqri’ Abu Nasr Haddodiy Samarqandiyni alohida zikr qilib eslash, ayni muddao bo‘lgan ishdir.

Abu Nasr Haddodiyning to‘liq ismi Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Abu Nasr Samarqandiy bo‘lib, Haddodiy taxallusi bilan tanilgandir. Abu Nasr Haddodiyni bu nom bilan atalishi borasida ulamolar ixtilof qilishgandir. Bir guruh ulamolar u zot temirchi bo‘lganlar, shuning uchun haddodiy, ya’ni “temirchi” degan taxallusi bilan atalgan deyishgan. Boshqa bir guruh ulamolar esa, Haddoda qishlog‘ida tug‘ilganliklari e’tiboridan, ya’ni Haddoda qishloqilik degan ma’noda deb aytishgan[1]. Tarixchi olim Yoqut Hamaviy[2]ning keltirishicha, Haddoda –  hozirgi Eronning Ray viloyatidagi Domg‘on va Bastom oralig‘idagi katta bir qishloq nomi bo‘lib, o‘sha davrda hojilar shu yerga to‘xtab o‘tganlar[3]. Alloma o‘z davrida Samarqandning ko‘zga ko‘ringan qorilaridan biri bo‘lgan[4].

Abu Nasr Haddodiy tavallud sanasi borasida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagandir, shunday bo‘lsa-da, Imom Jazariy Haddodiyni 360/971-yillardan keyin Samarqand qorilari shayxi Abu Sa’id Ja’far ibn Muhammad Suxtiyoniyga Qur’on o‘qib berganini keltirib o‘tgan[5]. Bundan Abu Nasr Haddodiy X asr o‘rtalarida tavallud topganlarini va Yaqin Sharq uyg‘onish davri olimlari qatorida yashab, ijod etganlarini taxmin qilish mumkin.

Ustozlari haqida so‘z ketganda shuni ta’kidlash kerakki, Abu Nasr Haddodiy ilmni faqat bir shayxdan olishga chegaralanmaganlar, balki ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqlari, dinga bo‘lgan muhabbatlari tufayli ko‘plagan shayxlardan ilm tahsili oladilar va uni boshqalarga yetkazadilar. Bu esa ko‘zga ko‘ringan buyuk olimlarning yo‘li bo‘lib, ular asalari kabi lazzatli sharob va toza asal ijod etish uchun juda ko‘p gullarga qo‘nadilar, ulardan esa bizga totimi shirin dimoqqa xush bo‘lgan tiniq asal (ilm)lar qolgandir. Shunga ko‘ra Abu Nasr Haddodiy ham o‘z davrini ko‘zga ko‘ringan olim va mutafakkirlaridan ilm olganlar.

Shulardan Abu Sa’id as Sirofiy al- Hasan ibn Abdulloh, Abu Hafs Umar ibn Ibrohim Kattoniy Bag‘dodiy (vaf 390/1000), Abu Bakr ibn Mahron Ahmad ibn Husayn Isfahoniy Nishopuriy (vaf 381/991), Abu Bakr Ahmad ibn Nasr ibn Mansur Shazoiy (vaf 373/984), Abu Yahyo Muhammad ibn Sulaymon Xayyot, Abu Sa’id Ja’far ibn Muhammad Suxtiyoniy, Abulqosim Zariyr Hibatulloh ibn Saloma Bag‘dodiy (vaf 401/1020) va Muhammad ibn Abbos Xazzoz Bag‘dodiylarin keltirish mumkin[6].

Abu Nasr Haddodiy shu qadar buyuk va mashhur bo‘lishiga qaramay, uning shogirdlari haqida mavjud manbalarda deyarli hech qanday ma’lumot uchramaydi. Bu Abu Nasr Haddodiyning shogirdi yo‘q ekanini bildirmaydi, balki ular “uning shogirdi” nomi ostida mashhur bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay Imom Jazariy uning katta o‘g‘li Nasr va kichik o‘g‘li Muhammad Ne’matulloh unga Qur’oni karimni o‘tkazishganini, hamda Huzaliy nomi bilan mashhur bo‘lgan katta ustoz Yusuf ibn Aliy ibn Jabbora olimning to‘ng‘ich o‘g‘li Nasrga shogird bo‘lganini zikr qilib o‘tadi[7].

Manbalarda allomaning vafoti haqida aniq ma’lumot keltirilmagan. Ibn Jazariy o‘zining “G‘oyatun nihoya” asarida allomaning 400/1010 yildan keyin vafot qilganligi haqida ma’lumot keltirgan. Alloma 60 yil atrofida umr ko‘rgan deb faraz qilsak bo‘ladi, chunki yuqorida keltirilganidek, u 360/971 yilda Samarqandda Suxtiyoniydan qiroat ilmidan tahsil olgan. Shunga ko‘ra, uni o‘sha vaqtda 15 yoshda bo‘lgan deb faraz qilsak, 400/1010 yilgacha yashagan bo‘lsa 55 ga kirgan bo‘ladi. Undan keyin ham ozroq umr kechirgan bo‘lsa, hijriy 405-410, milodiy 1015-1020 yillar atrofida vafot qilgan bo‘ladilar[8].

Allomaning asosan uch asari zikr etiladi:

  1. “Al-muvazzih fiy ilmi tafsiri kitabillahi ta’ala” (Alloh taoloning kitobi tafsirini yoritib beruvchi risola);
  2. “Al-g‘unya fil qiroat” (Qiroatdagi behojatlik), afsuski, bu kitob bizgacha yetib kelmagan. Ibn Jazariy bu asarning juda qimmatli asar bo‘lganligiga ishora qilgan;
  3. “Al-madxal fiy ilmi tafsiri kitabillahi taala” (Alloh taoloning kitobini tafsir qilishga kirishish) asari bo‘lib, biz quyida mana shu asar qo‘lyozmasi va mazmuni borasi to‘xtalib o‘tamiz.

Kitobni bosmasi: Darhaqiqat bu kitobni o‘rganish jarayonida yozilgan xatni eskirib ketishi sababli bir necha qiyinchiliklarga duch keldik. Bunga qo‘shimcha qilib kalima va she’rlardagi o‘zgartirishlarni keltirish mumkin va o‘zaro qiyosiy tahlil uchun bu kitobni boshqa nusxasini topa olmadik.Bu kitobni  Yer yuzida yolg‘iz nusxasi bor xolos. Biz umumiy kutubxonalardan va qo‘lyozma fondlaridan qidirib bundan boshqa nusxsini topa olmadik. U ham bo‘lsa Irlandiya milliy kutubxonasidagi qo‘lyozma nusxasi bo‘lib, undan ikkita foto nusxa amalga oshirilgan. Birinchisi Madinai munavvara islom universiteti kutubxonasi qo‘lyozmalar  va mikrofilm bo‘limida, ikkinchisi esa Makkai mukarrama “Ummul qurro” universiteti kutubxonasi qo‘lyozmalar va mikrofilm bo‘limida saqlanmoqda. Bu ikki nusxa ham Irlandiyadagi asliy nusxadan mikrofilm orqali suratga olingan. Nusxa o‘rta hajmda 123 varoqdan iborat bo‘lib, har bir sahifada 19 qator bor. Uni yozib olgan kotib nomi bayon etilmagan. Tadqiqotlar qo‘lyozma  sakkizinchi hijriy asrga tegishli ekanini bildiradi[9].

Bu kitob Qur’on ilmlari va tafsiri borasida ta’lif etilgan qimmatli asar hisoblanadi. Muallif uni Alloh taoloning kitobi bo‘lmish “katta qasr”ga kirishni xohlagan kishi uchun kalit o‘laroq ta’lif etgan, zero kalitsiz eshik ochilmaydi.

Mazkur kitob mavzusi, undagi muallifning bu kitob borasidagi uslubiga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz: asarning mavzusini uning nomidan ham bilib bilib olishimiz mumkin, ya’ni tafsir ilmi, arab tili grammatikasi, qoidalaridan unga bog‘liq jihatlar, Qur’oni karimning kalimalari e’robi va ularning tartibi haqida ekanligini bildiradi. Muallif kitoblarini bir necha boblarga, boblarni esa fasllarga bo‘ladi. Masalan “Fotiha” surasidan boshlab, unda sakkizta bob bor, deydi:

  1. Mubtado va uni xabari (ega kesim);
  2. Ismni masdarlikka ko‘ra nasb bo‘lishi;
  3. Muxotab siyg‘adan g‘oib siyg‘aga o‘tilishi;
  4. G‘oib siyg‘adan muxotabga o‘tilish;
  5. Muzofni hazf qilib, o‘rniga muzofun ilayhni o‘rnatilishi;
  6. “La” kalimasini sila bo‘lib kelishi;
  7. Badal va undan badal qilinganlar;
  8. “Qovl” kalimasidan keyin keluvchilar.

Muallif bu boblardan har biri haqida to‘xtalib, shu qoidalarga doxil bo‘lgan Qur’on oyatlariga ham birdan kirishib ketadi, “Fotiha” surasida kelgani bilan chegaralanib qolmay, boshqa suralardagi unga bog‘liq o‘rinlarni ham keltirib, keyin bu mavzuga ikkinchi bor qaytmaydi. Keyin “Baqara” surasiga kirishib, “Fotiha” surasida kelmagan qoidalarni boblarga bo‘lib, yuqoridagi kabi bayon qilib ketaveradi va hokazo.

Haddodiyni bu asari xususiyatlari borasida quyidagilarni keltirish mumkin:

  1. Qoidalarga Qur’oni karimdan ko‘plab dalil keltirish;
  2. Muallifning she’riyatdan yaxshi voqif ekanligi, ayniqsa johiliya davridagi she’rlarni yaxshi o‘zlashtirgani;
  3. Hadisi shariflardan grammatik qoidalar uchun kamroq dalil keltirishi;
  4. Oz o‘rinlarda bo‘lsa ham  kitob go‘zalligini ziynatlaydigan arab zarbul-masallaridan foydalanishi.
  5. Tushuntirish maqsadida mavzudan chetga chiqish;

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Haddodiyning hayot yo‘li va ijodi nihoyatda kam o‘rganilgan, hatto ba’zi tadqiqotchilar uning bu asarini unga tegishli emas, degan fikrni olg‘a suradilar.

Shunga ko‘ra bu borada ko‘p ilmiy izlanishlar olib borish, xususan u yashagan davr olimlari ijodidan unga taalluqli yangi ma’lumotlar axtarish, bizgacha yetib kelgan bu asarini esa har jihatdan puxta o‘rganish,o‘zbek tiliga izohli tarjima qilish, Qur’onshunoslik va tafsir fanlariga tayanch manba sifatida foydalanish muhim vazifalardan hisoblanadi. Chunki bu manba Alloh taoloning kitobi bo‘lmish Qur’oni karimni birinchi navbatda to‘g‘ri tushunish, to‘g‘ri tafsir qilish va yetkazishda muhim ahamiyatga ega asarlardan hisoblanadi. Shunday ekan ushbu asar mufassirlar, tarjimonlar va ilm ahllari uchun, balki Qur’oni karimdan biror oyat borasida gapirmoqchi bo‘lgan har bir kishi uchun o‘rganish lozim bo‘lgan bebaho xazinadir.

Toshkent islom instituti talabasi

 Ikromjonov Abubakr

 

[1]Valid Ahmad Husayn. Al-mavsuatul muyassara fiy tarojimi aimmatit tafsir. 298-b.

[2] Yoqut hamaviyning to‘liq ismlari – Yoqut Abu Abdulloh Shahobiddin Yoqub ibn Abdulloh Rumiy Hamaviydir(1179-1129 Kichik Osiyo, Halab). Mashhur sayyoh, geograf, adib va tarixchi bo‘lgan. Yoshligida asirga tushib Suriyada Bog‘dodlik Asqar al-Hamaviy sotib olgan va Yoqut ismini berib, Hamaviy nisbatini bergan. Hojasining qo‘lida savodini chiqazgach, uning tijorat ishlari bilan shug‘ullangan. 20 yoshida ozod bo‘lib, Bog‘dod shahrida ilm o‘rgangandir. Uning 14 jilddan iborat “Mu’jamul Buldon” degan asari ma’lum va mashhurdir. Unda Movaraunnahr, Farg‘ona vodiysiga oid geografik joylar va boshqa Yaqin Sharqda yashagan ko‘plab olimlarni zikr qilgandir. Olimning bizgacha 10 dan ortiq asarlari nomi yetib kelgandir.

[3]Shihobiddin abu Abdulloh Yoqut ibn Abdulloh Hamaviy. Mu’jamul buldon.-Bayrut: Dar Sodir.-J.2.-B.226.

[4] Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Haddodiy Samarqandiy. Al-madxal li’ilmit tafsir. Safvan Adnon Dovudiy tahqiqi.-Damashq: Dorul qalam, 1988.-B.17-18.

[5]Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Aliy ibn Yusuf Jazariy. G‘oyatun nihoya fiy tobaqotil qurro.-Bayrut: Dar kutub ilmiyya, 2006.-J.1.-B.180.

[6]Shovosil Ziyodov, Qodirxon Mahmudov. Samarqand allomalari.-Samarqand-2017.-B.90-95.

[7]Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahhmad Haddodiy Samarqandiy. Al-madxal li’ilmit tafsir. Safvan Adnon Dovudiy tahqiqi.-Damashq: Dorul qalam, 1988.-B.22.

[8]Shovosil Ziyodov, Qodirxon Mahmudov. Samarqand allomalari.-Samarqand-2017.-B.95.

[9] Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahhmad Haddodiy Samarqandiy. Al-madxal li’ilmit tafsir. Safvan Adnon Dovudiy tahqiqi.-Damashq: Dorul qalam, 1988.-B.45.

 

428200cookie-checkTafsir ilmiga o‘zgacha yondashgan olim

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: