Vatanparvarlik – har bir davlat hayotining ma’naviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo’ladi.
Vatanparvarlik jamiyatimizdagi barcha insonlarni, millat va elatlarni birlashtiruvchi eng muhim omil ekanligi hammamizga ma’lum. Mashhur olim M.E.Saltikov-Shchedrin “Vatanparvarlikning tarbiyaviy ahamiyati juda katta, bu kishini bashariyat haqidagi g’oyalar bilan ulg’aytiradigan maktab” ekanligini ta’kidlaydi. Umuman olganda, vatanparvarlik haqida turli davrlarda gapirilgan, bundan keyin ham fikrlar xilma-xilligi paydo bo’laveradi. Biroq hammasidan ham avval vatanparvarlik deya bong uriladigan tushunchaning mohiyatini bilib olmoq maqsadga muvofiqdir.
Vatanparvarlik deganda, avvalo, ona zaminga bo’lgan muhabbat, uni sevish, ardoqlash va ravnaqi uchun g’amxo’rlik qilish tushuniladi.
Vatanparvarlik – ota-bobolarimizdan meros qolgan zaminni sevish, yurtning o’tmishi va kelajagi, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish demakdir. Bu g’oyalarni yoshlar ongiga singdirish oila, bog’cha, maktabdan boshlanadi. Bu jarayon esa bobo-buvilar o’giti, ota ibrati, ona mehri, ustozlar namunasi orqali amalga oshadi. Vatanparvarlik g’oyalarini o’quvchilar qalbi va ongiga singdirishda adabiyot, tasviriy san’at, tarix, musiqa kabi fanlarning ahamiyati kattadir. Yoshlarning ta’lim-tarbiyasi har bir ota-onaning, o’qituvchi va tarbiyachilarning Vatan oldidagi muqaddas burchidir. Olib borilayotgan islohotlarning vazifasi respublikamizda o’sib kelayotgan yoshlarning orzu-istaklariga monand ta’lim-tarbiyaning barcha muammolarini milliy qadriyatlar asosida to’g’ri hal etishga qaratilgan. Davrimizda ro’y berayotgan o’zgarishlarni, shuningdek, tarixiy mavzularni zamonaviy ruhda tushuntirish yoshlarda g’oyaviy e’tiqodni va ma’naviy dunyoqarashni tarbiyalash uchun boy manba bo’lib xizmat qiladi. Shundagina yosh avlod ruhiga his-hayajonli ta’sir ko’rsatadigan, ularda mardlikni, jasurlikni, tashabbuskorlikni tarbiyalaydigan mustahkam milliy tarbiya tizimi tarkib topadi. Vatanparvarlik tarbiyasining dolzarbligi xalqaro vaziyatning xavfsizligi, uning mudofaa quvvati, Qurolli kuchlarning mustahkamligi, milliy birdamlik, ahillik kabi ma’naviy omillar bilan belgilanadi.
Vatanimiz va xalqimizning necha ming yillik tarixi mobaynida ajdodlarimiz tomonidan vatanparvarlik, fidoyilik, xalqparvarlik fazilatlarini yosh avlod ongiga singdirishga alohida e’tibor berib kelingan. Qadimgi yozma yodgorliklar, xalq og’zaki ijodi namunalari, dostonlar, rivoyatlarda tilga olingan, tasvirlangan voqea-hodisalar, ularning qahramonliklari aks ettirilgan obrazlar fikrimizning dalilidir. Bugungi kunda bu ma’naviy sarchashmalardan yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik va fidoyilik an’analari ruhida tarbiyalash va ularning mohiyatini yosh avlod ongi va ruhiyatiga singdirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Yusuf xos Hojib, Pahlavon Mahmud, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi xalqimizning buyuk farzandlari tomonidan yaratilgan asarlarda ham vatanparvarlik, xalqparvarlik tamoyillarini uchratish mumkin. Yosh avlod ta’lim va tarbiyasi bilan bog’liq muammolarga hazrat Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyatida ham duch kelish mumkin. Ma’lumki, Navoiy ham ijodkor, ham amaldor sifatida el osoyishtaligini saqlash, yoshlarni bilim olishga chorlash uchun amaliy sharoitlar yaratishda tinmas va tolmas tashabbuskor bo’lgan va asarlarida bu g’oyalarni keng targ’ib etgan. Navoiy asarlaridagi g’oyalar, o’z davrida ilgari surilgan va amalga oshirilgan tadbirlar mazmun va mohiyatini bugungi kunda yosh avlod tarbiyasi bilan bog’liq tadbirlarda keng qo’llashimiz darkor.
Mustaqil respublikamiz fuqarolari, xususan, yoshlari ruhiyatida vatanparvarlik tuyg’ularini shakllantirish ularni rivojlangan demokratik, adolatli va huquqiy jamiyatni barpo etishning muhim kafolati sanaladi. Shuning uchun vatanparvarlik tuyg’ularini shakllantirish butun tarbiyaviy ishimizning muhim yo’nalishlaridan biri bo’lib qolishi lozim.
Umuman olganda, yoshlarda vatanparvarlik faoliyatini shakllantirishda ma’naviy-ma’rifiy mezonlarni aniq jadvallar asosida tashkillashtirib bo’lmaydi. Bu tushunchalar ustozlarning namunasi orqali singdirilar ekan, ularni nazariya orqali yoxud har bir darsda o’quvchilarga “Endi esa vatanparvarlik haqida gaplashamiz” deb 5-10 daqiqa ma’ruza o’qish tarzida emas, aksincha ularni har bir dars mavzusidan kelib chiqqan holda asta-sekinlik bilan singdirib borish maqsadga muvofiqdir. Zero, mashhur olim M.Karamzin aytganidek, “Vatanparvarlik bizni mahliyo etmasligi kerak; Vatanga muhabbat ko’r-ko’rona ehtiros emas, balki dono aql faoliyatidir”.
Toshkent islom instituti talabasi Sagidullaev Zarafatdin