islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Abdurahmon Jomiy haqida nimalarni bilasiz?

Forsiy tilda ijod qilgan shoir, mutafakkir, mutasavvif Jomiyning asl ism-sharifi Abdurahmon Nuriddin ibn Ahmad 1414-yil 7-noyabrda Nishopurning Jom shahrida tavallud topgan.

Abdurahmon Jomiy Jom shahrida ruhoniy oilasida tug`ildi. Uning otasi Nizomiddin Ahmad shayh ul-islom darajasiga tayinlangach, oilasi bilan Hirotga kochib kelgan. Maktab, keiyn Nizomiya madrasasida o`qigan. Hirotda arab tili, ilohiyot, tasavvuf, adabiyot asoslarini o’rgangan.Tahsilni oxirigacha etkazish maqsadida u Samarqandga borib, Ulug’bek madrasasida o’qigan. Mirzo Ulug’bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi singari allomalarning ma’ruzalarini tinglagan. Alloma Fazlulloh Abullaysdan Qur’on, hadis, fiqh ilmlari boyicha saboq olgan. Bahouddin Naqshband sulukiga mansub shayx Sa’diddin Koshg’ariyga murid bo’lib, hurmatini qozongan va uning qiziga uylangan. U ko`p sohalar bo`yicha chuqur bilim oladi.

 Abdurahmon Jomiy Hirotga qaytib, darvishona hayot kechirgan, o’z daromadi hisobidan bu shaharda ikki madrasa va xonaqoh, Jomda bitta masjid qurdirgan.

Abdurahmon Jomiy Hirot naqshbandiylik tariqatining piri va murshidi bo’lgan. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiyni o’zlariga pir va ustoz deb bilishgan. Abdurahmon Jomiy uchta devon tuzgan, “Haft avrang “(“Yetti taxt“) dostonlar turkumini tuzdi. Shuningdek, diniy-falsafiy mazmundagi asarlar ham Abdurahmon Jomiy ijodiyotida katta o’rin egallagan.“Shavohidi nubuvva“ (“Payg’ambarlikka dalillar“), “Naqshband ta’limoti haqida risola“,“Haj qilish yullari haqida risola“,“Xojalar tariqati haqida risola“ va boshqa asarlarida islom dini, tasavvuf, falsafaning asosiy masalalari yuzasidan o’z fikrlarini bayon etgan. Jumladan, “ Nafahot ul-uns min hazorot il-quds“(“Muqaddas dargohdan esuvchi do’stlik shabadalari“) asari tasavvuf tarixini o’rganishda muhim manba sanaladi, unda 616 nafar mutasavvif hayoti va faoliyati to’g’risida muhtasar ma’lumotlar bor. Hazrat Alisher Navoiy bu asarni Abdurahmon Jomiy vafotidan so’ng to’ldirishlar bilan turkiy tilga tarjima qilgan.

 Abdurahmon Jomiy asarlarida diniy-tasavvuf mazmun, Allohni tanish va bilish bilan bo’g’liq haqiqat majoziy yo’l bilan ifodalagan. Abdurahmon Jomiy Allohni yorug’ nur ko’rinishida tasavvur etgan,va uni g’o’zal mahbub qiyofasida tasvirlagan. Uning fikriga ko’ra, Alloh minglab ko’zguda, turli qiyofa va ko’rinishda namoyon bo’ladi. Ulug’ shoir Abdurahmon Jomiy hayot, inson go’zalligi, tuyg’u va ehtiroslariga tasavvifiy ma’no bergan. “Tuhfat ul ahror“(“Ahrorlar uchun tuhfa“) asarida tasavvufga oid atamalarni izohlagan.

 Abdurahmon Jomiyning din, hususan, arab tiliga oid asarlari qayta-qayta nashr etilgan, keying davrlarda ham madrasalarda darslik va qullanma vazifasini o’tagan.

Shubhasiz, Sulton Husayn davridagi Hirot madaniyati faqat o’sha davrning ijod samarasi emas, balki Somoniylar va boshqa davrlarga oid madaniy sintezni ham o’zida mujassam etgandir. U o’z ichiga ko’plab musulmon Sharq mintaqalarini – Xuroson, Movaraunnaxr va Xorazmning madaniy yutuqlarini qamrab olgan. Bu davrdagi adabiyot va san’at rivojiga salmoqli ta’sir ko’rsatgan yana bir jihat o’sha davrdagi ikki mashhur shaxsning do’stligi bo’lgan, ya’ni, tojik shoiri va olimi Abdurahmon Jomiy va uning o’quvchisi, do’sti hamda homiysi o’zbek shoiri va davlat arbobi Alisher Navoiy edi.

Jomiy va Navoiylarning tanishuvi, ehtimol Navoiyning Hirotga ko’chishi bilan bog’liq. Do’stlik tez orada chuqur sadoqatga aylanib, ularni bir umrga bog’ladi.  Bu ikki atoqli shaxsning qalin munosabatlari ularning ijodiy hamfikrliligiga, shuningdek, dunyoqarashi, adabiyot va san’atga bo’lgan nazari, hamda davlat va hayot bilan bog’liq masalalar umumiyligiga olib keldi.

Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning atrofida shoirlar, olimlar, tarixshunoslar, rassomlar, xattotlar, me’morlar to’plangan. Jomiy va Navoiy she’riyat, nasr, musiqa, tasviriy san’at kabi madaniy hayot masalalari muhokama qilinadigan yirik uchrashuvlar, adabiy bahs-munozaralarning tashabbuskorlari va tashkilotchilari bo’lishgan.

1468 yil hokimiyat tepasiga Husayn Boyqaro keladi, uning vaziri etib Abdurahmon Nuriddin ibn Ahmad Jomiyning shogirdi va homiysiga aylanib ulgurgan Alisher Navoiy tayinlanadi. Sulton saroyi adabiy kuchlarni tortuvchi markaz bo’lib, Abdurahmon Jomiyning saroyga yaqinlashuvi uning tarjimai holida juda samarali o’rin egalladi.

  Abdurahmon Jomiyning Hirot va Samarqand madrasalarida olgan bilimi saroy xizmati nuqtai nazardan uning uchun yaxshi istiqbol bo’la oldi, biroq o’sha davrlarda Jomiy “naqshbandiya” so’fiylik mafkurasiga qiziqib qoladi va faol yaxshilik qilish da’vatlari unda katta taassurot qoldirdi. O’z o’rnida Hirot mamlakatning haqiqiy poytaxti hisoblanib, musulmonlar Sharqiga katta ta’sir ko’rsatgan.

 Abdurahmon Jomiyning erta ijodi – bu “Oltin zanjir” (1472) dostonining birinchi qismi bo’lib, unda naqshbandiylik, so’fiylar haqidagi tasavvurlar nasrda hikoya qilinadi, dunyoviy xarakterdagi asarlar – metrik va qofiya haqida risola, she’riy shakldagi jumboq (XV asrda juda mashhur bo’lgan juda qiyin va maroqli san’at turi bo’lgan) tuzish bo’yicha “yo’riqnoma” ham mavjud. Aynan ushbu davrda shoirning ijodiy uslubining o’ziga xos xususiyatlari namoyon bo’lgan: barcha an’anaviy she’riy shakllar uning she’riyatida o’z aksini topgan.

1474-yildan uning adabiyotshunos sifatida ijodining eng gullagan pallasi boshlanadi. Bunga 1475 yil yozilgan “Sirlar dengizi” va “Ruh yog’dusi” diniy-falsafiy qasidalari ibtido bo’lib, ularda ijodkor Ibn Sinoning aql-idrokka asoslangan nuqtai-nazariga qarama-qarshilikni qizil chizgilarda ifodalagan. 1476-1478-yillar oralig’ida u “Muqaddas dargohdan do’stlik shamoli” nomli to’plamini tuzgan bo’lib, undan so’fiylik avliyolarning tarjimai holi o’rin o’olgan.

1480-1487 yillar Abdurahmon Jomiyning qalamiga mansub “Yetti toj” deb nomlangan dostonlar majmui birin-ketin yoziladi. U o’z ichiga boshqa dostonlar qatorida “Salomon va Absol”, “Yusuf va Zulayho” hamda “Layli va Majnun”ni ham olgan-ularning sevgi negiziga shoir so’fiylar ta’limotini poydevor qilgan, ze’ro, unga ko’ra, chinakam, ilohiy sevgiga erishish uchun shahvoniy maylni yengib o’tish zarur. 1481-1482 yillar yozilgan “Olijanoblarga tortiq” dostoni pand-nasihat, oshkoralik xarakteridagi 20 ta masaldan iborat. Ushbu majmuadan, shuningdek, “Taqvodorlar tasbehi” (1482-1483) dostoni, “Oltin zanjir” dostonining 2 hamda 3-qismlari, “Iskandarning donolik kitobi” (1486-1487) ham o’rin o’olgan.

 Abdurahmon Jomiy ijodiy merosining so’nggi yillari “Bahoriston” (1487) dostoni, uchta lirik devon (1479-1491) va “Musiqa hamda risola” bilan boyitilgan. Abdurahmon Nuriddin ibn Ahmad Jomiy ijodining insonparvarlik yo’nalishi, ijodkorning yuqori odob va ahloqiy g’oyalarni targ’ib qilishi keyinchalik nafaqat Forsda, balki boshqa islomiy davlatlarda ham adabiyot yanada rivojlanishiga yo’l ochdi. Abdurahmon Jomiyning ijodiga fors tilida yozilgan mumtoz she’riyat yakun yasadi, deb hisoblanadi.

XV asrning ikkinchi yarmida adabiyot rivojlanishi natijasida bir qator tarixga oid asarlar (tazkir) va o’zbek hamda tojik adabiyoti nazariyalari yuzaga kelgan. Abdurahmon Jomiy bir qator adabiyotga oid risolalar yozgan, jumladan, “Qofiya risolasi”, Qamaliddin Husayniy – “Jumboq risolasi”, Sayfi Buxoriy – “Vazn” (“Amruz”) va boshqalar. She’riy saylanmalaridan Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” (“Bahor bog’i”), va Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat-ush-shuaro” (“Shoirlar saylanmasi”) asarlari. Alisher Naoviyning ushbu yo’nalishdagi shaxsiy mehnati samarasi natijasi o’rnida o’zbek tilida yozilgan tazkirasi bo’lmish “Majolis un-nafois” (“Asarlar to’plam”) va muhim nazariy-tarixiy masalalar yoritilgan boshqa asarlarni aytish mumkin.

 Hirot madaniyati doirasi yaratilishida ilm-fanning turli yo’nalishlaridagi mehnatlar samarasi zamin bo’ldi: Abdurahmon Jomiyning “Arab grammatikasi haqida risola”si o’zida mashhur arab tilshunosi Ibn-al-Xojibning (Kofiya) asarlariga bo’lgan sharhni kasb etadi; Jaloliddin Davvoniyning “Jalol ahloqi”; Husayn Vaiza Koshifiyning “Muhsin ahloqi”. Husayn Vaiz tomonidan, shuningdek, “Kalila va Dimna” asari “Kanopus nurlari” (Anvar va Suhayli) nomi ostida tuzatilgan. Hirot madaniyati doirasida yuzaga kelgan barcha ishlarni birma-bir sanab o’tmay, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning moddiy va ma’naviy ko’magi ostida umumiy ellik yettita tarixiy va ilmiy-amaliy asarlar yaratilganligini aytib o’tish maqsadga muvofiq.

Abdurahmon Jomiy o’z davrining buyuk insonparvari bo’lib, hunarmand, dehqon, san’at namoyondasi kabi oddiy insonlarning muhabbatini himoyachi, ustoz va chinakam do’st o’rnida qozona olgan. U hayotligidayoq zamondoshlari va temuriylar avlodi vakillari orasida tanilgan. Uning “Sulton Husayn hukmronligi davridagi shoirlarning yo’l boshchilik va rahbarlik” obro’si shu qadar buyuk ediki, O’rta Osiyo, Xuroson, Eron, Kavkaz orti, Turkiya va Hindistonda ham mashhur bo’lib, hatto o’z davrining eng yirik shaxsi, eng buyuk shoiri va ustozi, nuroniysi va murabbiysi deb hisoblangan. Biroq, shunga qaramay, buyuk shoir o’ziga va yashash tarziga nisbatan juda talabchan, kundalik yashash tarzi ziroatchi va hunarmandlarniki kabi juda odmi bo’lgan. Shoirning zamondoshlari asarlarida Jomiyning hayoti, qahramonliklari bilan bog’liq ko’plab o’ziga xos hikoyalar bor. Ularning mazmunidan shoir o’ta sodda, odmi, dono bo’lganligi yaqqol namoyon bo’ladi.

 Abdurahmon Jomiy hayotligida omma e’tirofini qozongan, jamiyat, ilm-fan, falsafa, san’at, shoirona so’zlash mahoratida baobro’ inson bo’lgan. Bularning barchasiga buyuk Jomiy nomini asrlarga muhrlab qo’ygan uning umuminsoniy shoirona merosi sabab bo’lgan bo’lib, mahorati qarshisida nafaqat Sharqning ma’rifatparvar donolari, balki sharqiy davlatlarning mag’rur hukmdorlari ham bosh eggan.

 Fors she’riyatidagi eng samarali mualliflardan biri Mavlono Abdurahmon Jomiy o’zidan so’ng buyuk she’riy meros qoldirdi. U «Xaft avrang» (“Yetti taxt”) nomli romantik va so’fiy-falsafiy dostonlar to’plamini yozdi. An’anaviy g’azallar, ruboiy, she’riy bandlardan iborat uchta devon tuzgan, devonlar ijodkorning hayoti bosqichlariga ko’ra ajratilgan va Alisher Navoiyning taklifiga ko’ra uchta devon Amir Husrav Dehlaviyning namunasiga ko’ra nomlangan “Yoshlikning birinchi qismi”, “Shoda orasidagi o’rtacha marjon”, “Hayot xotimasi”. Jomiyning eng yirik shoirona asari “Xaft avrang” (“Yetti taxt”) hisoblanadi. U doston majmualaridan iborat yetti qismdan iborat:

1. “Olijanoblarga tortiq” (1481-1482);

2. “Taqvodorlar tasbehi” (1482-1483);

3. “Yusuf va Zulayho” (1485);

4. “Layli va Majnun” (1485 yil yakunlangan);

5. “Iskandarning donishmandlik kitobi” (1485);

6. “Oltin zanjir” (uning uchinchi qismi muallif hayotining har xil davrlaridan tashkil topgan);

7. “Solomon va Absal” (1480-1481).

 Abdurahmon Jomiy ijodiy merosi durdonasi (nafaqat ushbu doston va XV asr she’riyatini, balki butun tojik-fors adabiyotini butunlay) sirasiga “Solomon va Absal” dostoni kiritilsa mubolag’a bo’lmaydi. Mazkur doston, mana besh asrki, she’riyat shinavandalari, romantik rivoyatlarning havaskorlari va hikmatli she’riyatning nozik ihlosmandlari diqqat markazidan chetlashmagan. U chuqur she’riy shakldagi qadimiy syujetga ega ilk muhim badiiy asargina bo’lib qolmay, shoirning yetuk davridagi adabiy, falsafiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlarini o’z ichiga olgan doston hamdir.

Abdurahmon Jomiy 1472-yil haj safariga boradi. Bu safari vaqtida ulug’ shoir Nishopur,Sabzavor , Bastom, Domg’on, Qazvin, Hamadon, Karbalo, Bag’dod, Damashq, Halab , Tabriz kabi bir qancha shaharlarda bo’ladi.

Uning shaxsiy maktublaridan ma’lum bo’lishicha, yaqin do’sti Xo’ja Ahror Valiy taklifi bilan Toshkentda ham bo’lgan ulug’ mozoratlarni ziyorat qilgan.

  Abdurahmon Jomiy katta yer egasi bo’lgan. Abdurahmon Jomiy Alisher Naoviy bilan birinchi marotaba Abu Said xukmronligi davrida Xiyobon mavzesida hamma qatori ko’rishgan. Shunda Abdurahmon Jomiy unga o’zining birinchi risolasini taqdim qilgan. 1476-1477 yillarda Alisher Naoviy ham Abdurahmon Jomiyni o’ziga pir deb taniydi. Garchi Jomiyning Navoiydan yoshi ancha ulug’, rasman pir hisoblansa ham, mohiyatan ular chin do’st va hamkor bo’lganlar. Abdurahmon Jomiy o’zining “Nafahot ul-uns”, “Bahoriston” va boshqa bir qancha asarlarida Alisher Navoiyni, Alisher Navoiy ham o’z asarlari “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Majolis un-nafois” va bo’shqa asarlarida Abdurahmon Jomiyni hurmat bilan tilga oladi.

Ulug’ shoir Abdurahmon Jomiy 1492-yil 8-noyabrda Hirotda vafot etgan.

Abdurahmon Jomiy “Nafahot ul-uns” (“Azizlar nafasi”), “Risolai musiqi” (“Musiqa risolasi”), “Risolai muammo” (“Muammo risolasi”) kabi o’ndan ortiq asarini hazrat Alisher Navoiy maslahati bilan yozgan.

  Abdurahmon Jomiyning “Solomoy va Absal” asari o’tgan yuz yillikda g’arbiy Ovrupada ham juda mashhur bo’lgan: 1856-yil doston mashhur shoir Umar Xayyom to’rtliklarini tarjima qilgan mashhur tarjimon Fitsdjerald (1809-1883) tomonidan ingliz tiliga she’riy qofiyada tarjima qilingan. “Solomon va Absal” fransuz tiliga doston ko’rinishida Avgust Brikte tomonidan tarjima qilingan va 1927 yil Parij shahrida nashrdan chiqqan.

 Abdurahmon Jomiyning “Solomon va Absal” dostoni rus tiliga ilk bor sovet sharqshunosi Konstantin Chaykin tomonidan tarjima qilingan va 1935-yil III Xalqaro Eron san’ati va arxeologiyasi kongressiga bosib chiqarilgan.

TII Tillar kafedrasi katta o’qituvchisi Fakhriddin Ernazarov

                       Foydalangan adabiyotlar:

1.Islom entsiklopediyasi.Shayx Abdulaziz Mansur tahiri ostida.T.: “O’zbekiston milliy entsiklopediyasi ” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017. 672 bet. (169 bet)

2.https://arboblar.uz

3. https://ziyouz.uz

362871cookie-checkAbdurahmon Jomiy haqida nimalarni bilasiz?

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: