islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Porloq kelajak debochasi

She’riyat mulkining sultoni, sultonlar qilichla egallay olmagan hududlarni qalam bilan egallagan, turli millatlarni bir qalam bilan birlashtirgan, turkiy til naqadar boy va qiymatli ekanligini butun olamga isbotlab bergan buyuk iste’dod  va kamolot  sohibi Mir Alisher Navoiy o‘z davrining  ilm-u maorif o‘chog‘i hisoblangan Hirot  shahrida dunyoga  keladi.

Otasi  G‘iyosiddin Muhammad  davlat  ishlari bilan band bo‘lishiga qaramay,  adabiyot  bilan ham shug‘ullangan. Onasi ham o‘z davrining fozila  va ilmli ayollaridan bo‘lgan.

Navoiy  bolalik chog‘laridanoq  o‘tkir zehni, ilm va kitoblarga bo‘lgan cheksiz muhabbati, kattalarga xos vazminligi tufayli  o‘z tengdoshlaridan  son-sanoqsiz yulduzlar ichidagi zuhro yulduzidek ajralib turgan. Bola Alisher o‘z tengdoshlari bilan  kamon otib, ot minib o‘yin-kulgu qilishdan ko‘ra otasining kutubxonasidagi kitoblarni tomosha qilishni, uylarida tez-tez bo‘lib turadigan ilmiy va adabiy baxslarda  qatnashib, tog‘alaridan  g‘azallar tinglashni xush ko‘rar, g‘azallar va falsafiy she’rlar ma’nosini anglamasa-da, ularni ohangiga mahliyo bo‘lib, murg‘ak qalbini she’riyat nuri ila jilovlantirishni xush ko‘rar, hattoki ilmiy baxslarda Abulqosim Anvarning she’rlaridan aytib berib, majlis ahlini hayratga solardi. U  yoshiga nisbatan  erta maktab qatnay boshlaydi va u yerda temuriy shayxzoda Husayn  Bayqaro bilan do‘stlashadi. Bu keyinchalik ikki yulduzning siyosat osmonida porlashiga va buyuk davlat barpo bo‘lishiga sabab bo’ladi.

Bir kuni yosh Navoiyning qo‘liga buyuk qomusiy  olim Faririddin Attorning  “Mantiq ut-tayr” asari tushib qoladi. U bu kitobga  shunday mehr qo‘yadi-ki, doim uni hayoli bilan yurib, yolg‘izlikni yoqtiradigan, odamlardan yotsiraydigan bo‘lib qoladi. Bola Alisherning  bunday bolalarga xos bo‘lmagan tabiati ota-onasini tashvishlantira boshlaydi. Shu sababli ular bu kitobni undan olib qo‘yishadi. Lekin bu chora foydasiz edi. Chunki Alisher  allaqachon kitobni yodlab olgan edi. Shu tariqa kitob Alisherga butun umri davomida ajralmas do‘stga aylandi. Hattoki, u  umri oxirida “Mantiq ut-tayr”ga javoban “Lison ut-tayr”  asarini yozadi.

Alisher otasining  vazifasi va ilmga bo‘lgan e’tibori tufayli o‘z davrining  mashhur  olim va yozuvchilari ila ko‘rishadi va ulardan turli ilmlarni o‘rganadi. U Sharofiddin ol-Yazdiy bilan ko‘rishib, uni o‘z aql-u zakovati, dadilligi bilan ajablantiradi. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning: “Orazin yopqach, ko‘zimdin sochilur har lahza yosh, Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘och quyosh” matla’li g‘azalini tinglab: “Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…” degan.

Alisher Navoiy o‘n besh yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan. Navoiyning  bolaligi asosan ilm ummonini jabhalarda yig’ish bilan o‘tadi.

Oilasidagi bunday ajoyib ilmiy  muhit, o‘sha davrda  fors  va turk tillari muhitining rivojlanganligi, o‘zidagi tirishqoqlik va zakovati sababli, kelajakda buyuk  shoir va davlat  arbobi  bo‘lib yetishadi. U tufayli  turkiy til naqadar boy va betakror  ekanligi butun olamga isbotlanadi. Turklarning madaniy merosi bo‘lgan tili butunjahon xazinasidan o‘rin egallaydi. Siyosat maydonida esa u misli  oyga nur berib turgan quyosh kabi ziyo taratadi.

 

203-guruh talabasi

Guljahon Aminjonova

436900cookie-checkPorloq kelajak debochasi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: