Diniy bag‘rikenglik masalasi zamonaviy xalqaro munosabatlarning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biridir. Globallashuv sharoitida turli din va e’tiqod vakillarining bir hududda, hatto bir davlat doirasida yashashi, ularning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasini nafaqat ichki siyosatda, balki tashqi siyosatda ham ustuvor vazifa qilib qo‘ymoqda. Shu sababli, ko‘plab davlatlarning xalqaro maydondagi tashabbuslari diniy bag‘rikenglikni rivojlantirish, diniy erkinlikni ta’minlash va ekstremizmga qarshi kurash masalalari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ma’lum bir ma’noda diniy bag‘rikenglik va tashqi siyosat o‘zaro bog‘liq hamda bir-birini to‘ldirib boruvchi tushunchalar hisoblanadi. Xalqaro hamkorlikning asosi sifatida diniy bag‘rikenglik davlatlararo muloqot va madaniyatlararo aloqalarning muhim omiliga aylanmoqda. Masalan, BMT, YUNESKO va IHT doirasida diniy bag‘rikenglik bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyalar davlatlararo hamkorlikka huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘plab davlatlar diniy bag‘rikenglikni tashqi siyosiy imijini mustahkamlash va xalqaro nufuzini oshirish vositasi sifatida qo‘llamoqda. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklari “Bag‘rikenglik yili” dasturi orqali global miqyosda o‘zining tinchlikparvar imijini targ‘ib qildi.
Diniy bag‘rikenglikning ta’minlanishi terrorizm va diniy ekstremizm xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bois, AQSh, Yevropa Ittifoqi Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatida diniy bag‘rikenglik masalasi xavfsizlik strategiyalarida alohida o‘rin tutadi.
Amaliy jihatdan Yevropa Ittifoqi tashqi siyosatida diniy bag‘rikenglik inson huquqlari bo‘yicha umumiy siyosatning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Masalan, YI tashqi siyosiy hisobotlarida “diniy erkinlik” inson huquqlarini ta’minlashning asosiy mezonlaridan biri sifatida qayd etiladi.
Musulmon davlatlar Indoneziya va Malayziya tashqi siyosatida diniy bag‘rikenglik konsepsiyasi ham o‘ziga hos ahamiyat kasb etadi.
Diniy bag‘rikenglik tashqi siyosatda xalqaro muloqotni rivojlantirish, davlat imijini mustahkamlash va global xavfsizlikka hissa qo‘shish kabi funksiyalarni bajaradi.
Bugungi kunda bag‘rikenglikni targ‘ib qilish xalqaro diplomatiyaning ustuvor yo‘nalishiga aylanib bormoqda. Zero, dinlararo va madaniyatlararo muloqotsiz barqaror xalqaro tizimni tasavvur etish mushkul.
Din va bag‘rikenglik masalalari bugungi kunda tashqi siyosatning ajralmas qismiga aylangan. Davlatlar o‘z diniy yondashuvini o‘z geosiyosiy maqsadlari, yumshoq kuchini oshirish va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash uchun ishlatmoqda. Bu masalalar terrorizmga qarshi kurash, nizolarni hal qilish va inson huquqlarini himoya qilish kabi global muammolarning markazida turadi. Shu sababli, diplomatiya endi faqat iqtisodiyot va harbiy kuchga asoslanmay, balki madaniyat va din sohalaridagi bilimlarga ham tayanishi lozim.
XXI asrda xalqaro munosabatlar tizimida din omili va bag‘rikenglik masalalari global siyosatning ajralmas qismi bo‘lib qoldi. Din insoniyat tarixida nafaqat ma’naviy hayotning, balki siyosiy jarayonlarning ham muhim tarkibiy qismi sifatida shakllangan. Bag‘rikenglik esa turli diniy konfessiyalar, madaniyatlar va millatlar o‘rtasida tinch-totuv yashashning asosiy tamoyillaridan biri sifatida tashqi siyosatda tobora ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli, davlatlarning tashqi siyosiy strategiyalarida diniy omillar va bag‘rikenglik tamoyillarining uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bag‘rikenglik millatlar va dinlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, tinchlik va hamkorlikni ta’minlaydi. Shu jihatdan, ko‘plab davlatlar tashqi siyosatda tolerantlikni milliy brend sifatida ilgari surmoqda.
Dunyodagi eng yirik musulmonlar yashaydigan davlat boʻlgan Indoneziya oʻzining islomiy diplomatiya portfelini doimiy ravishda kengaytirmoqda. Bu borada asosiy element global tinchlik uchun moʻtadil islom diskursini rivojlantirishdan iborat. Shunday qilib, mamlakat islomiy diskursda arab hukmronligini zaiflashtirishga va oʻzini islom olami uchun ilgʻor namuna sifatida qayta brendlashga intilmoqda.
Indoneziyaning tashqi siyosatida din va diniy bagʻrikenglik masalalari strategik ustuvorlik kasb etadi. Bu ustuvorlik nafaqat xalqaro miqiyosda imijni mustahkamlash, balki mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash uchun ham muhim ahamiyatga ega. Indoneziya moʻtadil islom g‘oyasini ilgari suruvchi demokratik davlat sifatida, boshqa musulmon mamlakatlarga nisbatan tinchlikparvarlik va bagʻrikenglikni targʻib etishda o‘ziga xos pozitsiyani egallaydi.
Indoneziya tashqi siyosatida diniy bagʻrikenglik masalalari quyidagicha ustuvorlik sifatida qaraladi:
Xalqaro tashabbuslarda ishtirok etish orqali dinlararo muloqotni rivojlantirish (masalan, “Global dinlararo muloqot” tashabbuslari);
BMT va Islom Hamkorlik Tashkiloti doirasida diniy erkinlik va bagʻrikenglik masalalarini ilgari surish;
Tashqi siyosat platformalarida diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqish va ularni global miqyosda qo‘llab-quvvatlash;
Diniy nizo va mojarolarga diplomatik yo‘l bilan yechim topishga ko‘maklashish (masalan, Rohinja musulmonlari, Falastin masalasi va b.);
Indoneziya diplomatik vakolatxonalarining faoliyatida dinlararo muvozanat va madaniyatlararo aloqalarga ustuvorlik berish.
Bundan tashqari, Indoneziya Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrika davlatlari bilan aloqalarida diniy qadriyatlarni umumiy diplomatik til sifatida qo‘llamoqda. Bu yondashuv, bir tomondan, diniy bagʻrikenglikka asoslangan tashqi siyosatni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan, o‘zining “Islomiy demokratiya” modeli orqali diniy nizolarni siyosiy vositalar bilan bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Shunday qilib, din va diniy bagʻrikenglik masalalarining tashqi siyosatda ustuvorlik sifatida qaralishi, Indoneziyaning xalqaro miqyosdagi siyosiy roli va nufuzi oshishida muhim omil bo‘lmoqda.






