Ko‘pchilikdan: «Fe’lim shunaqa, o‘zgartira olmayman», «Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi» degan gaplarni eshitamiz. Xo‘sh, chindan ham insonning xarakteri tug‘ma va o‘zgarmasmi? Yoki biz o‘zimizni qayta tarbiyalashga qodirmizmi?
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Ashaj ibn Abdulqaysga qarata: «Senda Alloh yaxshi ko‘radigan ikki xislat bor: bosiqlik va o‘ylab ish qilish», dedilar. Ashaj hayron bo‘lib: «Yo Rasululloh, bularni o‘zim egalladimmi yoki Alloh tabiatimga joylaganmi?» deb so‘radi. Shunda Payg‘ambarimiz: «Yo‘q, Alloh tabiatangga joylagan», deb javob berdilar. Bu voqeadan ko‘rinadiki, ba’zi xislatlar chindan ham tug‘ma bo‘ladi. Lekin bu hamma narsa tug‘ma degani emas. Agar axloq o‘zgarmas bo‘lganida, dunyoga payg‘ambarlar yuborilishidan, kitoblar nozil qilinishidan va insonlarga tarbiya berilishidan ma’no qolmasdi.
Ayrim mutafakkirlar inson tabiatini o‘zgartirib bo‘lmasligiga ishonishadi. Ular hatto bir ramziy hikoyani misol keltirishadi: Bir podshoh vaziri bilan bahslashibdi. Podshoh: «O‘rgatish orqali tabiatni o‘zgartirish mumkin», desa, vaziri: «Aslo, tabiat baribir o‘ziga tortadi», debdi. Podshoh o‘z fikrini isbotlash uchun mushuklarga sham ushlab turishni o‘rgatibdi. Mehmonlar kelganda mushuklar shamdondek qilt etmay turishganmish. Shunda vazir cho‘ntagidan sichqonni chiqarib yuborgan ekan, mushuklar shamni ham, tartibni ham unutib, sichqon ortidan yugurib ketishibdi.
Lekin Imom G‘azzoliy bu qarashni rad etadi. U kishi bunday o‘ylaydiganlarni «dangasa va o‘z nafsiga mag‘lublar» deb ataydi. Agar hayvonlarni – hattoki yovvoyi sher va burgutlarni – qo‘lga o‘rgatish mumkin ekan, nega ongli inson o‘z fe’lini o‘zgartira olmasin?
Ko‘pchilik tarbiyani – shahvatni yoki g‘azabni butunlay yo‘q qilish, deb tushunadi. Lekin islomiy tarbiya bularni o‘ldirishni emas, balki to‘g‘ri yo‘naltirishni o‘rgatadi.
G‘azab butunlay yo‘qolsa, inson o‘zini himoya qila olmay qoladi.
Shahvat butunlay yo‘qolsa, insoniyat nasli tugaydi.
Asosiy maqsad – bu tuyg‘ularni aqlli idora qilishdir. Masalan, daryoni to‘sib, suvni quritish emas, balki undan oqilona sug‘orish ishlari uchun foydalanish kerak.
Iroda – Sizning boshqaruv pultingiz.
G‘arb faylasuflaridan Devid Yum inson irodasi borligiga shubha bilan qaragan bo‘lsa, Jant Pol Sartr aksincha: «Inson – bu o‘z irodasi bilan o‘zini nima qilib shakllantirgan bo‘lsa, o‘shadir», deydi. Islom dini esa bu masalada eng muvozanatli yo‘lni ko‘rsatadi. Qur’oni karimda: «Albatta, Biz uni (to‘g‘ri) yo‘lga yo‘lladik. Endi u xoh shukr qilsin, xoh kofir bo‘lsin» (Inson surasi, 3-oyat), deyiladi. Ya’ni, Alloh bizga yo‘lni ko‘rsatdi, qolganini esa o‘zimizga topshirdi.
Xulosa o‘rnida
Fe’lingizdagi qaysidir jihat yoqmayaptimi? Uni o‘zgartirish uchun hech qachon kech emas. Inson o‘z xohishi, harakati va irodasi bilan o‘zining «yangi versiyasi»ni yarata oladi. Axloq – bu qotib qolgan haykal emas, balki har kuni ishlov beriladigan jonli jarayondir.
Muayyad Tayroviyning “Axlaquna allatiy sulibat” (Boy berilgan axloqlarimiz) kitobi asosida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ARM xodimi, Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasi o’qituvchisi Robiya Mannobjonova tayyorladi.






