Ayollarning ziynatga, ya’ni bezak, go‘zallik va taqinchoqlarga bo‘lgan qiziqishi inson tabiatining ajralmas qismi bo‘lib, Alloh taolo buni ayol zotining o‘ziga xos fitriy xususiyati sifatida yaratgan. Ushbu rag‘batning asosi Qur’oni karim va sunnati nabaviyda o‘z aksini topgan. Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, ayol kishi tabiatan go‘zallikka intilgani uchun ayblanmaydi; aksincha, shariat ayolning o‘ziga qarashini munosib ko‘radi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam soliha ayol haqida so‘zlab: “Agar u (eri) unga qarasa, xursand qiladigan…” deya marhamat qilganlar.
Alloh taolo O‘zining muqaddas kitobida: “Sizlar insoniyat uchun chiqarilgan eng yaxshi ummatsiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat) va “Shunday qilib, Biz sizlarni o‘rta ummat qildik” (Baqara surasi, 143-oyat), deb marhamat qiladi. Biz mo‘tadil ummat o‘laroq, har bir masalada aql, mantiq va sog‘lom tabiatga uyg‘un, eng oson va maqbul yo‘lni tanlashimiz lozim. Ayollar uchun ziynatlanish tabiiy va shar’an ma’qul hol sanaladi. Biroq bunda me’yor saqlanishi, ifrot (haddan oshish) yoki tafritga (mutloq beparvolikka) yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Ziynatda mubolag‘aga berilish, uning joiz yoki nojoizligiga, salomatlikka ta’siriga e’tibor bermaslik xatodir. Shu bilan birga, ziynatdan butunlay voz kechib, shaxsiy parvarishni tark etish ham Islom odobiga muvofiq emas. Eng to‘g‘ri yo‘l ziynatda mo‘tadillikni saqlab, uni shar’iy me’yorlar va tibbiy talablarga muvofiq amalga oshirishdir.
Alloh taolo «A’rof» surasida marhamat qiladi:
“Ey Odam bolalari! Har bir sajdagohda ziynatlaringizni olingiz” (31-oyat).
Ushbu oyat ziynatlanishni, ya’ni pokiza kiyinish va bezanishni nafaqat ruxsat etilgan amal, balki ibodat va jamoat joylarida bo‘lishning go‘zal odobi sifatida tavsiya etadi. Ziynat bu Alloh taolo bandalariga in’om etgan ne’matdir.
Shuningdek, «A’rof» surasining 26-oyatida shunday deyiladi:
“Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki, eslasalar”.
Bu yerda libosning ikki asosiy vazifasi avratni yopish (zarurat) va go‘zallik baxsh etish (ziynat) ekanligi bayon qilingan.
Islomda ayol kishi uchun joiz bo‘lgan ziynat turlari yetarlicha bayon etilgan. Ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz:
- Tilla, kumush va turli taqinchoqlar bilan bezanish: Ayol kishi uchun tilla, kumush, javohir va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan bezaklarni taqish shar’an mubohdir.
- Hinadan foydalanish: Hina qadimiy va shifobaxsh o‘simlik bo‘lib, u nafaqat bezak, balki dorivor maqsadlarda ham qo‘llaniladi. Uning tarkibidagi efir moylari, vitaminlar va qatronlar zamonaviy farmatsevtika hamda kosmetika sanoatida yuqori baholanadi. U o‘ziga xos xushbo‘y hidga va terini parvarishlash xususiyatiga ega.
- Surma surtish: Bu eng qadimiy va sunnatda kelgan bezaklardan biridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ko‘zlariga surma surtar va buni tavsiya qilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kiyimlaringizning eng yaxshisi oq rangdir va surmangizning eng yaxshisi ismid surmasidir, chunki u ko‘zni ravshanlashtiradi va kipriklarni o‘stiradi”, deganlar.
- Zamonaviy kosmetik vositalar: Hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan pardoz vositalaridan joiz o‘rinlarda foydalanishga ruxsat bor. Bunda asosan ikki jihatga e’tibor qaratish lozim:
- Halol tarkib: Vosita tarkibida shar’an harom qilingan narsalar (cho‘chqa yog‘i, najas moddalar yoki mast qiluvchi spirt turlari) bo‘lmasligi shart.
- Suv o‘tkazuvchanlik: Kundalik ishlatiladigan vositalar, upalar va kremlar tahorat hamda g‘usl paytida suvning teriga yetib borishiga to‘sqinlik qilmasligi lozim.
- Parvarish vositalaridan foydalanish: Teri va sochni tashqi muhitning salbiy ta’siridan himoya qilish, ularning tabiiy sog‘lom holatini saqlash maqsadida qo‘llaniladigan vositalar (namlantiruvchi kremlar, tozalovchi niqoblar, quyoshdan himoyalovchi mahsulotlar) kosmetik-gigiyenik faoliyat sirasiga kiradi. Bunda maqsad fitratni sun’iy o‘zgartirish emas, balki Alloh bergan omonatni salomatlikni saqlashdir.
Bulardan tashqari, insonni ham ma’nan, ham jismonan go‘zal ko‘rsatuvchi omillarga ham amal qilish tavsiya etiladi:
- Taqvo va go‘zal axloq: Allohdan qo‘rqish va Unga itoat qilish yuzga nur bag‘ishlaydi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytganlaridek: “Yaxshi amallar yuzga nur, qalbga yorug‘lik, rizqda mo‘l-ko‘lchilik, tanaga kuch va odamlar qalbiga muhabbat keltiradi”.
- To‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik: Shifokorlar ta’kidlaganidek, me’yoridagi harakat yuz rangini yaxshilab, badanni tetiklashtiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Oisha onamiz roziyallohu anho bilan yugurishda musobaqalashganlari biz uchun go‘zal o‘rnakdir.
- Asal iste’mol qilish: Qur’oni karimda asal haqida: “Unda insonlar uchun shifo bor” (Nahl surasi, 69-oyat), deyilgan. U qon aylanishini yaxshilash va terining elastikligini saqlashda tengsiz ne’matdir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inson tanasi Alloh taolo tomonidan berilgan ulug‘ omonatdir. Shuning uchun har bir kishi o‘z tanasini asrashi, unga zarar yetkazmasligi va undan shar’iy chegaralar doirasida foydalanishi shart. Qiyomat kunida har bir inson o‘z umri, sog‘lig‘i va tanasini nimalarga sarflagani haqida hisob beradi. Binobarin, kosmetik vositalar va go‘zallik amaliyotlaridan foydalanishda ham omonatga xiyonat qilmaslik, sog‘liqqa zarar yetkazmaslik va ilohiy me’yorlarga rioya qilish lozimdir.
Tayyorladi: Toshkent islom instituti 403-guruh talabasi Murotova Nodira





