Mazkur maqolada mashhur arab shoiri Ka‘b ibn Zuhayr tomonidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bag‘ishlab yozilgan “Banat Su‘ad” qasidasining adabiy va ilmiy qadri hamda bu qasida asosida Ibn Hishom al-Ansoriy tomonidan yozilgan sharh tahlil qilinadi. Sharhning uslubi, tarkibi, metodologiyasi, shuningdek, undagi grammatika, aruz, balog‘at va adabiy bahslar ilmiy yondashuv asosida ko‘rib chiqiladi.
Arab adabiyotining eng mashhur namunalari orasida Ka‘b ibn Zuhayrning “Banat Su‘ad” qasidasi alohida o‘rin egallaydi. Bu qasida nafaqat o‘zining go‘zal badiiy tuzilishi, balki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bag‘ishlangan ilk she’riy madh sifatida tarixga muhrlangan. Ushbu asar atrofida ko‘plab izohlar va sharhlar yozilgan bo‘lib, sharqshunos Karl Broskelman ularning sonini 35 atrofida deb belgilagan. Biroq bu son ham mavjud barcha sharhlarni to‘liq aks ettirmaydi.
Nahv ilmining ulug’ mutaxassisi Ibn Hishom ushbu qasidaga yozgan sharhi orqali adabiyot, lug‘at, aruz va nahvni birlashtirgan yuksak ilmiy namuna yaratgan. Bu haqda adabiyotshunos Abdulqodir al-Bag‘dodiy shunday deydi:
“Ushbu qasidani u shunday sharhladiki, uni ta’riflashga so‘z ojiz… bu sharhda u nabaviy nurning bir zarrasiga erishgan, qudsiy ilhomdan qalbida bir sham yoqqan…”
Sharhning yozilish sababi sifatida Ibn Hishom ikki muhim omilni tilga oladi: birinchisi – bu qasidaning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bag‘ishlangani sababli unga baraka tilab izoh yozish; ikkinchisi – nahviy bilimlarni tartibli ravishda talabalar uchun tushunarli va foydali shaklda taqdim etish.
Ibn Hishom o‘z sharhini ikki bobdan iborat muqaddima bilan boshlaydi.
Birinchi bobda Ka‘b ibn Zuhayrning nasabi, adabiy mavqei, otasi Zuhayr ibn Abi Sulma va Ka‘bning farzandlari haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, Ka‘bning Islomga kirish yo‘li, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurida qasidasini o‘qishi va unga Burda (rido) hadya qilinishi hikoya qilinadi.
Ikkinchi bobda esa qasidaning aruz bahriga texnik tahlil beriladi, ayniqsa birinchi bayt aruziy kesim asosida namunaviy tarzda ko‘rsatiladi. Shu bo‘limda qasidaning asosiy mazmuniy bloklari – tashbib (ishqiy tasvir), tuyaga ta’rif, vashshunlar (g‘iybatchilar), Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga madh va iltijolar, sahobalar madhiyasi – qisqacha izohlanadi.
Ibn Hishom har bir baytdan keyin u yerdagi lug‘aviy jihatdan qiyin so‘zlarni izohlaydi, grammatik (nahviy) tahlil keltiradi va baytning umumiy ma’nosini tushuntiradi. Zarurat tug‘ilganda aruziy, balog‘iy va adabiy mulohazalar ham beriladi. Bu metodologik tartib barcha baytlarda qat’iy saqlanadi.
Sharh faqat “Banat Su‘ad” qasidasigagina emas, balki Ka‘b ibn Zuhayrning ukasi Bujayrga yo‘llagan 9 baytdan iborat she’riy javoblar to‘plamiga ham tatbiq etilgan.
Ibn Hishomning “Banat Su‘ad” qasidasiga yozgan sharhi arab tilshunosligi va adabiy tanqid tarixida noyob asar sifatida e’tirof etiladi. U nafaqat adabiy asarni grammatik tahlil qilish, balki uni ma’naviy jihatdan yoritish, balog‘at, aruz va ruhiy tafakkur uyg‘unligini ko‘rsatgan betakror ilmiy namuna hisoblanadi.
Zuxriddin YUNUSOV,
TII 405-guruh talabasi