Islom tarixida fiqh – ya’ni shariat qonunlari va diniy hayot qoidalarini o‘rganish ilmiga xizmat qilgan ko‘plab buyuk olimlar yetishib chiqqan. Ularning orasida o‘z bilim va fidokorligi bilan ajralib turgan ulug‘ allomalardan biri – Mulla Aliy Qoridir. U hanafiy fiqhining asoslarini chuqur o‘rganib, uni keng ommaga tushunarli tarzda yetkazish, diniy bilimlarni tartibga solish va rivojlantirish borasida ulkan hissa qo‘shgan.
Mulla Aliy Qorining hayoti va ilmiy faoliyti:
Mulla Aliy qori hijriy 10-asrda (milodiy 16-asr o‘rtalarida) yashab o‘tgan. U ilk ta’limni o‘z vatani Balxda olib, keyin Makkaga hijrat qilgan va umrining ko‘p qismini shu muborak shaharda ilm bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tkazgan. Makkada ko‘plab ulamolar safida yetuk olim sifatida tanilgan.
U fiqh, hadis, tafsir, qiroat, axloq ilmlari bo‘yicha chuqur bilim olgan va ayniqsa hanafiy mazhabining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganib, ularni mustahkamlashga katta ahamiyat bergan.
Fiqh ilmiga qo‘shgan asosiy hissalari:
Mulla Aliy qori murakkab fiqhiy masalalarni oddiy xalq tushunadigan tarzda ifodalashga alohida e’tibor bergan. U fiqhiy qoidalarni hayotiy misollar bilan boyitib, odamlarga kundalik hayotda shariat ahkomlarini qanday tatbiq etishni o‘rgatgan.
Qur’on va hadisga tayangan fiqh:
U fiqh qoidalarini faqat aqliy mulohaza yoki an’analarga emas, balki Qur’on oyatlari va sahih hadislarga asoslab bayon etgan. Bu usul, Mulla Aliy Qorining ilmiy yondashuvini mustahkam va ishonchli qilgan.
Mulla Aliy Qori asarlari:
Mulla Aliy Qorining qalamiga mansub ko‘plab qimmatli asarlar mavjud. Ularning orasida quyidagilar alohida ajralib turadi:
- “Sharh musnadi Abu Hanifa” – Abu Hanifa rivoyat qilgan hadislarni tahlil qilib, ularning fiqhdagi o‘rnini yoritadi.
- “Al-mirqot al-Mafatih” – “Mishkat al-masobih” hadislari sharhi bo‘lib, unda hadislar fiqhiy va axloqiy jihatdan chuqur tahlil qilingan.
- “Fathul bab al-Inayah” – fiqhiy masalalarni keng yoritib, oddiy xalq uchun tushunarli uslubda bayon etilgan asar.
Uning har bir asari ilmiy chuqurligi, mantiqiy izchilligi va ravon tili bilan ajralib turadi.
Uning ilmiy merosi va bugungi ahmiyati:
Mulla Aliy Qori faqat o‘z zamondoshlari uchun emas, balki undan keyingi asrlar olimlari uchun ham ilhom manbai bo‘ldi. Uning asarlari fiqh, hadis va axloqiy tarbiya sohalarida asosiy manba sifatida hanuzgacha o‘rganilmoqda.
Bugungi kunda ham Mulla Aliy Qorining ilmiy yondashuvi – ya’ni fiqhni hayot bilan bog‘lash, dalil va hujjatlarga asoslanish, odamlar ehtiyojiga mos ravishda shariat qoidalarini tushuntirish – o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Xulosa: Mulla Aliy qori ilm-fan va fiqh yo‘lida fidokorona xizmat qilgan ulug‘ allomalardan biridir. U hanafiy fiqhini yanada boyitdi, murakkab diniy masalalarni ommaga yaqinlashtirdi va shariat bilimlarini xalq ichiga keng yoydi. U o‘z ilmiy merosi orqali musulmon dunyosining ma’naviy hayotiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi.
Mulla Aliy Qori har doim «ilm xalq uchun bo‘lishi kerak» degan tamoyilga amal qilgan. Uning asarlari va faoliyati shariat ilmini chin yurakdan o‘rganishni istaganlar uchun bugun ham bebaho manbadir.
Abdulvoris NURIDDINOV,
TII 4-bosqich talabasi