Salavot aytish musulmonlarning eng ulug‘ va eng fazilatli ibodatlaridan biridir. Qur’oni karimda Alloh taolo bevosita salavot aytishni buyurib, bu ibodatning boshqa amallardan yuksak o‘rinda turishini ko‘rsatadi: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot aytadilar. Ey iymon keltirganlar, siz ham U zotga salavot ayting va salom yuboring” (Ahzob, 56). Mazkur oyat tafsirida Sahl Tustariy rahimahulloh shunday deganlar: “Dunyoda Rasulullohga aytilgan salavotdan afzalroq ibodat yo‘q. Chunki Alloh taolo namoz haqida “Men ham o‘qiyman”, demagan, zakot berishda “Men ham beraman”, demagan, ro‘za haqida ham shunday buyruq bermagan. Faqatgina salavot borasida “Men ham salavot aytaman” deb ta’kidlagan”. Bu so‘zlar salavotning o‘ziga xos ulug‘ligini ko‘rsatadi.
Hadislarda ham salavotning fazilatlari haqida ko‘plab rivoyatlar kelgan. Imom Sahoviy rivoyat qilgan hadisga yuzlanamiz: Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib uyg‘onadilar. Sahobalar sababini so‘raganlarida, u zot tushlarida sirot ko‘prigidan o‘tayotgan bir kishini ko‘rganlarini aytadilar. U kishi yiqilsa ham, yana turib harakat qilardi. Shu paytda u aytgan salavotlari kelib, uni qo‘llab-quvvatlab, sirotdan o‘tkazib jannatga kiritgan. Bu rivoyat salavotning oxiratdagi najot omillaridan biri ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana bunday deganlar: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi. Kim yuz marta salavot aytsa, Alloh uning peshonasiga nifoqdan pok, do‘zaxdan ozod deb yozadi va qiyomatda shahidlar bilan birga qiladi”. Bu hadisda salavotning ikki dunyo foydasi jamlangan. Birinchidan, salavot aytgan banda qalban poklanadi, ikkinchidan, oxiratda yuqori martabalarga erishadi.
Shunday qilib, salavot aytish – qalbni poklaydigan, Alloh rahmatiga eltadigan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatni kuchaytiradigan buyuk ibodatdir. U musulmonni do‘zax azobidan qutqaradi, sirot ustida qo‘llab-quvvatlaydi, jannatga eltuvchi eng go‘zal vositalardan biri bo‘ladi. Shu bois, salavotni tilimizdan ham, qalbimizdan ham tushirmasligimiz zarur.
TII Modul ta’lim tizimi talabasi
Akmaljon RAHMONOV