islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Sunnatda yashirin tibbiyot: sutdan keyin suv shart(mi?)

Inson hayoti tafsilotlardan iborat. Ba’zan oddiy ko‘ringan amallar orqasida yuksak hikmatlar yashiringan bo‘ladi. Ana shunday amallardan biri – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sut ichgandan so‘ng og‘izlarini suv bilan chayganlaridir. Bu holat bizga faqat bir sunnat emas, balki poklik, hushyorlik va tafakkur darsi hamdir.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam sut ichdilar, so‘ng og‘izlarini suv bilan chayqadilar va dedilar: Albatta, uning yog‘i bor”. (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati)

Bugungi kunda stomatologlar va gigiyena bo‘yicha mutaxassislar tasdiqlashadiki, sut tarkibidagi kazein (murakkab oqsil) va sut yog‘i og‘izda qolib ketadi, tishlar orasida plyonka hosil qiladi. Bu esa bakteriyalarni yig‘adi, ishqor ishlab chiqarib, tish emalini yemiradi. Keyinchalik esa og‘izdagi bu yog‘li qoldiqlar badbo‘y hidga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, kechasi uxlashdan oldin sut ichib og‘izni chaymaslik kariyes (chirish) va gingivit (yallig‘lanish) kabi kasalliklarni tezlashtiradi. Shuning uchun ham tibbiyotda og‘izni chayish og‘izdagi bakterial muvozanatni saqlash, tishlar orasini tozalash, yaxshi nafas olish va kasallikning oldini olish uchun juda ham muhimdir.

Kechki payt, ayniqsa uyqu oldidan ichilgan sutdan so‘ng og‘izni chaymaslik tishlarning tunda erib borishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, kofe, meva sharbati, gazli ichimliklar kislotali muhitga sabab bo‘lsa, sut esa aksincha – ishqoriy muhit hosil qiladi. Ammo uni chaymaslik bakteriyalar uchun “sherik” topish bilan barobardir. Shu boisdan tajribali stomatologlar sut ichgandan keyin kamida 20–30 soniya davomida suv bilan og‘iz chayishni tavsiya qiladilar.

Aslida, bu amal faqat gigiyena emas, balki ongli va shuurli yashash madaniyatini ham o‘rgatadi. Inson har bir amalda e’tiborli bo‘lishi kerak. Ya’ni inson doimo o‘ziga: “Qanday ovqat yeyapman? Yeyayotgan taomim zararli emasmi? Og‘zimda nima qolmoqda?” kabi savollarni berib turishi kerak.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ta’kidlaganlaridek, poklik – iymonning bir qismidir. Zero, og‘iz faqat ovqat yo‘li emas – u zikr, ibodat va tilovat yo‘li hamdir. Uning tozaligi – zikr va ibodatdan hosil bo‘ladigan qalb tozaligiga ham ta’sir qiladi.

Sut ichib og‘iz chayish – bu shunchaki suvni og‘izda aylantirish emas. Bu – badan pokligi, ilmga asoslangan sog‘liq himoyasi va sunnatga e’tibor demakdir. Bugun biz uni har tong, har kech, har stakan ichimlikdan so‘ng amalga oshirsak, bu nafaqat sog‘lig‘imizni saqlaydi, balki ruhiy salomatligimizga ham foyda beradi.

Alloh bizga sunnatni sevishni va amal qilishni, uning orqasidagi hikmatni anglab yashashni nasib etsin!

Toshkent islom instituti 3-kurs talabasi Ruqayya YUSUFIY

453570cookie-checkSunnatda yashirin tibbiyot: sutdan keyin suv shart(mi?)

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: