Til bu inson o‘zining ongi va qalbidagi ma’nolarni o‘zgalarga yetkazishda foydalanadigan eng qulay vositadir. Misol uchun kimdir sizdan biror narsani berib turishingizni so‘radi, iltimos qildi va siz u insonga so‘ragan narsasini, hatto ortig‘i bilan berishga tayyorsiz deylik. Endi siz ichingizdagi shu ma’noni so‘rovchiga yetkazishingiz uchun bir qancha so‘zlar, jumlalar va uslublardan foydalanishingiz kerak bo‘ladi.
“Bemalol”, “bexijolat”, “marhamat” va yana ko‘plab shu ma’nodagi so‘zlar sizga bu borada yordam berishi mumkin. Arablarda ham bu aytilgan so‘zlarning manosini anglatuvchi ko‘plab so‘z va jumlalar mavjud.
Lekin bunday vaziyatda arablar ishlatadigan bir jumla borki, u shunchaki javob emas, balki asrlar osha ishlatib kelinayotgan masal hamdir. Bu jumla arablarning: (كِلَاهُمَا وَتَمْرًا) “kilahuma va tamron” degan iborasidir. Bu ibora lug‘aviy jihatdan: “har ikkisi va xurmo ham” degan ma’noni ifodalaydi.
Arablar bu masalni javob o‘laroq ishlatadigan vaziyatlarda so‘ralgan narsa xurmo yoki bir nechta narsa bo‘lishi shart emas. Qizig‘a, kimdir sizdan bir dona qalam so‘rasayu, siz unga: “har ikkisi va xurmo ham” deb javob bersangiz. Yana yetmaganiga suhbatdoshingiz bu so‘zdan sizning naqar saxiyligingiz va unga ko‘rsatgan hurmatingizni tushunsa.
Xo‘sh, nega arablar bunday vaziyatlarda bu masalni ishlatishadi va u qanday qilib so‘rovga ijobiy javob va saxiylik ma’nosini anglatadi?
Ushbu savolga javob berishdan oldin masal haqida ikki og‘iz so‘z aytsak. Masal, matal yoki maqol deb nomlanuvchi badiiy uslub yer yuzidagi barcha tillarda keng tarqalgan. Ular bizga o‘sha til xususiyatlari bilan bir qatorda, til egalarining tarixi, fikrlashi, hayot tarzi va falsafasi haqida ko‘plab ma’lumotlarni berishi mumkin. Buning uchun o‘sha masallarni o‘qiyotgan insonda biroz bilim, keng dunyoqarash va albatta tafakkur, taammul va e’tibor bo‘lishi talab qilinadi.
Bundan tashqari biror bir tilning masal va maqollarini bilish o‘sha tilni o‘rganuvchi talabalar uchun o‘ta muhim va juda foydali sanaladi. Chunki maqollar odatda o‘zida chuqur ma’no va go‘zal ibora va so‘zlarni jamlagan bo‘ladi.
Endi yuqoridagi savollar javobiga qaytsak. Aslida bu masalni birinchi bo‘lib islomdan oldingi davrda yashagan Amr ibn Humron Al-Ja’diy ismli kishi yosh yigit bo‘lgan davrida aytgan.
Bir kuni u tuyalarini boqib, taomlanib o‘tirgan paytida, oldiga juda och va tashna bir kishi keladi. Bu paytda Amrning oldida non, saryog‘ va xurmo bor edi. Kelgan bechora odam unga: “menga noning va saryog‘ingdan bera olasanmi?” deb so‘raydi. Shunda Amr unga: (كِلَاهُمَا وَتَمْرًا) “kilahuma va tamron” ya’ni: “har ikkisi va xurmo ham” deya javob beradi. Bu huddi: “nafaqat sen so‘ragan ikki narsani, balki xurmoni ham qo‘shib beraman” degan ma’noda edi.
Shundan so‘ng arablar nimadir so‘ralgan paytda, nafaqat so‘ralgan narsani, balki undan ortig‘ini ham berishga tayyor ekanliklarini ifoda etish uchun aynan Amr ishlatgan jumlani masal tariqasida ishlata boshlaganlar.
Yuqorida aytilganidek, ushbu masal bilan javob berish uchun, sizdan aynan ikkita yoki uchta narsa, yoki aynan xurmo, non va saryog‘ so‘ralgan bo‘lishi shart emas. Bu huddi biz o‘zbeklar “o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir” maqolini faqat o‘rish va terish bor bo‘lgan narsalardagina aytishimiz shart emasligiga o‘xshaydi.
Endi sizdan nimadir so‘ralsa va suhbatdoshingiz arab tilini bilsa, unga “bemalol” degan so‘z bilan bir qatorda (كِلَاهُمَا وَتَمْرًا) “kilahuma va tamron” iborasi bilan javob berishingiz mumkin.
Ibrohim ERQULOV,
TII magistratura talabasi
Ahmad ibn Muhammad Maydoniyning “al-Amsol” kitobi asosida tayyorlandi






