Ishorai sabboba namozda tashahhud duosining “Laa ilaaha illalloh” kalimasini aytish chog‘ida o‘ng qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ini yuqoriga ko‘tarishga aytiladi. Arab tilida ko‘rsatkich barmoq “sabboba” deyilgani uchun ushbu amal shunday nomlangan. Mazkur kalima nafiy, ya’ni inkor va isbotni o‘z ichiga olgani kabi, barmoq ishorasi ham shu ma’nolarni ifodalashi lozim.
Ushbu amalning ko‘rinishi quyidagicha: jimjiloq va nomsiz barmoqlar bukiladi, bosh barmoqning uchi o‘rta barmoqning uchiga qo‘yilib, halqa hosil qilinadi. Tashahhuddagi “Laa ilaaha” (hech qanday iloh yo‘q) jumlasini aytganda ko‘rsatkich barmoq ko‘tariladi va “illalloh” (faqatgina Alloh bor) deganda tushiriladi. Bu bilan tildagi talaffuz va a’zoning harakati bir-biriga muvofiq bo‘lishi ta’minlanadi. Ibn Raslonning ta’kidlashicha, bu orqali Allohning yagonaligi bandaning e’tiqodida, so‘zida va harakatida jamlanadi [1].
Ishorai sabboba namozdagi sunnat amallardan ekaniga hanafiy ulamolarining aksariyati, shuningdek, molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablari ulamolari ittifoq qilishgan. Ba’zi hanafiy ulamolar esa uni makruh sanashgan. Mazhabimizning keyingi davr ulamolari har kimning ustozi ishorai sabbobani o‘rgatgan bo‘lsa qilsin, aks holda ixtilofga sabab bo‘lmaslik uchun uni qilmagan ma’qul deb tavsiya berganlar [2].
Quyida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan ushbu amalga oid vorid bo‘lgan ba’zi hadisi shariflar keltiriladi:
عن وائل بن حُجْرٍ رضي الله عنه، عن رسول الله ﷺ قَالَ: وَضَعَ يَدَه اليُسرى على فَخِذِه اليُسرى، وحَدَّ مِرفَقَه اليمنى على فَخِذِهِ اليُمْنَى، يعني: جَعَلَه منفرداً عن فخذه – وقَبَضَ ثنتين – أي : من الأصابع، وهما الخِنْصِرُ والبِنْصِرُ -وحَلَّقَ حَلْقَةً – أي : أَخَذَ إبهامه بإصبعه الوسطى كالحَلْقَةِ – ثم رفع إصبعه – أي: المسبحة [3].
Voil ibn Hujr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) chap qo‘llarini chap sonlariga, o‘ng tirsaklarini esa o‘ng sonlaridan ajratgan holda qo‘ydilar. Barmoqlaridan ikkitasini, ya’ni jimjiloq va nomsiz barmoqlarini bukib, bosh va o‘rta barmoqlari bilan halqa hosil qildilar va musabbiha, ya’ni ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tardilar”.
عن نافع ، قال : «كان عبد الله بن عمر – رضي الله تعالى عنهما – إذا جلس فِي الصلاة وضعَ يَدَيْهِ على رُكْبَتَيْهِ ، وأشار بأصْبُعِهِ ، وَأَتْبَعَهَا بَصَرَهُ ، ثم قال : قال رسول الله ﷺ : لَهِي أشدُّ على الشيطان من الحديد» [4].
Imom Ahmad Nofe’dan rivoyat qiladi: “Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) namozda tashahhudga o‘tirsalar, ikki qo‘llarini tizzalariga qo‘yib, barmoqlari bilan ishora qilar va nigohlarini o‘sha barmoqqa qaratib turar edilar. So‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qildilar: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroqdir”.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ ﷺ إِذَا جَلَسَ فِي الصَّلَاةِ وَضَعَ كَفَّهُ الْيُمْنَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُمْنَى، وَقَبَضَ أَصَابِعَهُ كُلَّهَا، وَأَشَارَ بِإِصْبَعِهِ الَّتِي تَلِي الْإِبْهَامَ، وَوَضَعَ كَفَهُ الْيُسْرَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُسْرَى [5].
Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) namozda o‘tirsalar, o‘ng kaftlarini o‘ng sonlariga qo‘yar, barmoqlarini yumib, bosh barmoq yonidagi barmoqlari bilan ishora qilar edilar. Chap kaftlarini esa chap sonlariga qo‘yardilar”.
Ushbu rivoyatlardan quyidagi xulosalar olinadi:
- Tashahhudda o‘tirganda o‘ng kaft o‘ng songa, chap kaft chap songa qo‘yiladi va barmoqlar qiblaga qaratiladi.
- Barmoqlar yig‘ilib, ko‘rsatkich barmoq bilan ishora qilinadi.
Ayrimlar ushbu rivoyatdagi barmoqlarini yumib degan jumlani tashahhudning boshidanoq qo‘lni musht qilib o‘tirish deb tushunishgan. Sabboba so‘zi lug‘atda so‘kish ma’nosini ham anglatadi[6]. Binobarin, tashahhudda “Ashhadu al-laa ilaaha illalloh” ning “laa”sida ko‘rsatkich barmoqni ko‘tarish shaytonni so‘kish va uni temir qamchi bilan urgandek jazolash demakdir.
Ishora qilingach, namoz tamom bo‘lgunicha nigoh o‘sha barmoqda bo‘ladi. Hanafiy mazhabida ishora faqat o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘i bilan bajariladi. Agar o‘sha barmoq kesilgan yoki harakatsiz bo‘lsa, boshqa barmoq yoki chap qo‘l bilan ishora qilinmaydi. Namozning mukammal bo‘lishi Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning: “Mening namoz o‘qiyotganimni qanday ko‘rgan bo‘lsangiz, shunday namoz o‘qinglar”, degan so‘zlariga muvofiqdir. Shunga ko‘ra, tashahhudda “Laa ilaaha”, ya’ni hech bir iloh yo‘q deganda barmoqni ko‘tarib, “illalloh”, ya’ni yagona Alloh bor deb aytayotganda tushirish sunnat amallardandir.
Rasululloh (alayhissalom) u zotning birgina sunnatlarini tiriltirgan kishi haqida shunday deganlar: “Kim mening bir sunnatimni tiriltirsa, u meni yaxshi ko‘ribdi. Kim meni yaxshi ko‘rsa, jannatda men bilan birga bo‘ladi”.
Toshkent islom instituti talabasi Jasurxon KAMOLOV
Foydalanilgan adabiyotlar:
[1] Shayx Nuriddin Xoliqnazar. Fiqh va Aqoidga oid ixtilofli masalalar yechimi. – Toshkent: Matbaachi, 2023. – B. 111.
[2] O‘sha manba. – B. 113.
[3] Imom Abu Dovud. Sunanu Abi Dovud. – Riyod: Darus salom, 2009. – B. 203.
[4] Ahmad ibn Hanbal. Musnad. – Bayrut: Mu’assatur risala, 1996. – J. X. – B. 204.
[5] Imom Molik. Mu’atto. – Suriya: Mu’assatur risala, 2019. – B. 96.
[6] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. – Toshkent: Hilol nashr, 2016. – J. V. – B. 79.






