Abbos bugun yangi maktabga ko’chdi. U bunday holatlarga ko’nikkan. Otasining kasbi taqozosidan tez-tez turli shaharlarga ko’chib yuradilar. Abbos turfa sinfdoshlarni, turlicha qo’shnilarni ko’raverib o’rganib ketgan.
U kelgan maktabning o’quvchilari juda ham ochiq chehrali o’quvchilar ekan. Ayniqsa ustozlarini va bir-birini hatto o’zidan kichiklarni ko’rganda ham qo’lini ko’ksiga qo’yib tabassum bilan – Assalomu alaykum, deb aytar ekanlar. Salomga alik oluvchi esa unga javoban – Va alaykum assalom va rohmatulloh, deb javob berarkan. Kun davomida bir necha bor ko’rgan kishisiga yana shunday salom beraverish odat tusiga kirib qolgan ekan.
Abbos bu maktabni boshqalaridan farqli ekanligini, bolalarning o’zaro hurmat va odobini ko’rib hayratlandi. Tongda maktabga oshiqar kechki taom vaqtida ota-onasiga sinfdoshlari haqida to’lqinlanib gapirib berar edi. Ota-onasi ham tabiatan yovvoyiroq bo’lgan o’g’lidagi bunday o’zgarishlarni ko’rib xursand bo’lishar edi.
U sinfdagi barcha bolalar bilan tezda kirishib ketdi. Bir kuni mahallasida yashaydigan sinfdoshi Tursun bilan uyga qaytarkan, bu maktab unda juda ijobiy taassurot qoldirayotganini, ayniqsa o’zaro salomlashish yoqib qolayotgani haqida gapirdi. Tursun Abbosga qarab:
-Ey do’stim sen hali umumiy majlislarda qatnashishga ulgurmadingda. Axir har safar yig’ilishda direktorimiz ushbu oyatni takror-takror uqtiradilar. Alloh taolo kalomida Niso surasining 86-oyatida:
وَإِذَا حُيِّيتُمْ بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّوا بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا
“Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o’sha iborani qaytaringiz… “
deya marhamat qilgan. Biz mana shu oyatga amal qilamiz xalos, dedi.
Abbos do’stining gaplaridan juda ta’sirlandi. Birgina oyatga amal qilishning fazilati shu qadar bo’lsaya! U Tursun aytgan oyatni daftarining orqasiga yozib qo’ydi. Mabodo boshqa maktabga ko’chishga to’g’ri kelsa yangi do’stlariga ham o’rgatishni niyat qildi.
Oxunjon Ahmad va
Muattar Abdulqayum