Kundalik hayotimizda- darsliklar, qo’llanmalar, matbuot, ilmiy-ommaviy adabiyotlar, televideniya va radio eshitirishlarida ko’plab joy nomlari uchraydi. Nomlar milliy va umuminsoniy madaniyatni aks ettiruvchi omildir. Ism va atamalarga bo’lgan qiziqish, ularnig kelib chiqish tarixi va ma’nosini bilishga intilish vatanparvarlik hissiyotini, unga bo’lgan mehr va muhabbat tuyg’ularini shakllantiradi.
Respublikamiz hayotining barcha jabhalarida o’tayotgan muhim jarayonlar, ta’lim, madaniyat va fanning taraqqiyoti kundalik turmushimizda geografik nomlarning ko’pro’q ishlatilishini taqozo etadi. Toponimlar (yoki joy nomlari) til lug‘at fondining bir qismidir. Shu bilan birgalikda joy nomlari tilning boshqa leksik(so’z) qatlamlaridan anchagina farq qiladi. Bu farq toponimlarning uzoq yashashida, ularning polikomponentli, ya’ni ko‘p komponentlardan — tarkibiy qismlardan iborat bolishida, har bir tilning ichki qonuniyatlariga ko‘ra, toponimlar yasashda turdosh otlar ishtirok eta olishida o‘z aksini topadi.
Sayoramizda har bir geografik obyektning o’z nomi, manzili va tarixi bor. Joy nomlari qadim zamonlardan boshlangan. Vaqt o’tishi bilan joy nomlari (toponimlar)ning shakli, talaffuz etilishi ma’lum darajada o’zgarib bo’rgan. Geografik nomlarning o’zbekcha yozilishi ma’lum bir qoidalarga asoslangan.
Joy nomlari nihoyatda boy va rang-barangdir. Respublikamizda faqatgina shahar- qishloqlarning nomlari 13 000 dan oshadi. Toshkent shahrining o’zida taxminan 3000 dan ortiq katta-kichik ko’cha bor. Ular bizga o’z o’rnida shahar tarixiga oid ancha ma’lumotlarni beradi.
Toshkent shahri nomining kelib chiqishi barchamizni qiziqtirsa kerak.Qadimgi yozma manbalarda shahar nomi Choch, Chochiston, Shosh, Toshkent deb atalgan. X asrda noma’lum muallif tomonidan fors tilida yozib qoldirilgan“Hudud ul-olam“ (“Olam chegaralari“) asarida “Choch katta viloyat, xalqi jangovar, boy va sahiydir. U erda o’q-yo’y tayorlanadi. Binkat- Chochning poytaxti. Bu katta shahar, ayni vaqtda podshohning qarorgohidir“…, “Binkat“ nomi “Ko’rimli shahar“ degan ma’noni bildiradi, deb yozilgan. Mahmud Koshg’ariy o’zining “Devoni lug’otit turk“asarida “Tarxan-Shoshning nomi, uning asl nomi Toshkand- toshdan qurilgan shahar demakdir, deb yozadi. Shuningdek, kitobda keltirilgan boshqa shaharlar nomlari ham qadimgi tariximiz bilan bog’liq. Misol uchun “Samarqand“- qadimda Samariana, Sakanna, Samangan, Samakiyan, Smarkanca, Marokanda va boshqa boshqa shakllarda atalgan. “Samarqand“-“Semizkand“, yani “semiz“ (“katta“) “katta shahar“ ma’nosini bildiradi, degan fikrlar Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg’ariy, Zahriddin Muhammad Bobur, Mirhond asarlarida qayd qilinganligi korsatib o’tilgan. Termiz shahri- “Tarmad“, “Termad“, “Tarmita“ va nihoyat “Taramastxa“- baqtriycha “Tarmastxa“ – “narigi sohildagi manzil” , Buxoro – sanskritcha “vixara“- budda ibodatxonasi yoki Hofiz Tanishning yozishicha “buxor“ -“ilm makoni“dir. “Xiva“ toponimi qadimgi “Xeyvak“ qudug’i nomidan olingan bo’lsa, “Xeyvaq“ qudug’i nomi esa“saroy“ ma’nosini bildirida, deb yozilgan. Shuniningdek, “Andijon“ -“soy bo’yi“, “suv yoqasi“ dagi shahar. “Namangon“ -“tuz koni“ yoki “Nomiygon“ – “aziz va nomdor shahar“,“Farg’ona“ – “Parkana“(“atrofi berk vodiy“),“Jizzax“ – “kichik qal’a“,“istehkom“, “Karmana“ – “Xarmana“ (“katta saroy“), “ Sayxunobod“ – Sirdaryoning arabcha nomi“ Sayxun“ so’zidan, “Nukus“- qoraqalpoqlarning kenegas , qo’ng’irot qabilalari tarkibidagi “nukus“ urug’i nomidan kelib chiqqan. Keltirilgan misollar kitobxonni o’ziga tortishi bilan ahamiayatlidir. Demak, hamma joyning o’z tarixi bor.
Toponimlar til lug‘at fondining bir qismidir. Shu bilan birgalikda joy nomlari tilning boshqa leksik qatlamlaridan anchagina farq qiladi. Bu farq toponimlarning uzoq yashashida, ularning polikomponentli, ya’ni ko‘p komponentlardan — tarkibiy qismlardan iborat bolishida, har bir tilning ichki qonuniyatlariga ko‘ra, toponimlar yasashda turdosh otlar (apellyativlar) ishtirok eta olishida o‘z aksini topadi.
Toponimlarni yasashda shu til uchun xos bo’lgan lingvistik vositalardan (modellardan) foydalaniladi. Lekin shu bilan birgalikda har bir tilda toponim yasovchi o’ziga xos vositalar paydo bo’ladi, ya’ni muayyan suffikslar (affikslar) va so’zlar faqat yoki aksari toponimlar yasashga ixtisoslashib qoladi. Toponimikani o’rganish til tarixi va nazariyasi uchun katta ahamiyatga ega. Ko’pgina joy nomlari juda qadimiydir. Ibtidoiy yozma yodgorliklarda qayd qilingan geografik nomlarni keyinroq uchraydigan shakllari va hozirgi talaffuzi bilan solishtirib, tilning lug’at tarkibida, so’zlarning dastlabki shaklida ro‘y bergan o’zgarishlarni bilib olishimiz mumkin. Masalan, hozirgi Nurota nomini ba’zi birovlar mo’g’ulcha nuru va o’zbekcha tov so’zlaridan tarkib topgan bo’lib, har ikkala so’z ham «tog’» degan ma’noni bildiradi deyishadi, Holbuki, bu nom bundan ming yildan ham ko‘proq oldin qayd qilingan. Buxoro tarixchisi Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy o‘zining «Buxoro tarixi» asarida (934-944 yillarda yozilgan) Nur degan joy nomini tilgan oladi. Uni boshqa viloyatlarda Nuri Buxoro deb ataydilar, deb yozadi Narshaxiy. Nuri Buxoro, ya’ni Buxoro Nuridan boshqa Nurlar ham bo’lgan. Masalan, Zarafshonning ikkita tarmog’i – Qoradaryo bilan Oqdaryo oralig’idagi Miyonkol orolida ham Nur degan qishloq bo’lgan. Uni boshqalardan farq qilish uchun Nuri Miyonkol deb atashgan. Shunday qilib, Nur keyinchalik Nurota bo’lib ketgan: nur so’zi (arabcha) «yorug’lik», ota esa geografik nomlar tarkibida «aziz avliyolarning qadarryosi» degan ma’noni bildiradi. Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg’ariy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirxond (XV asr), Amir Temur saroyiga kelgan ispan elchisi Ryui Gonsales de Klavixo (XV asr) asarlarida Semizkent, Chingizxon haqidagi mo’g’ul hikoyasida Semizgen kabi bir qancha variantlarda uchraydiki, bularning hammasi Samarqand nomi juda qadimiy ekanligini va uning kelib chiqishi (etimologiyasi) hamon uzil-kesil hal bo’lmaganligini ko’rsatadi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. Toponimikaning tilshunoslik, til tarixi hamda dialektologiya uchun ahamiyati juda katta va xilma-xil. Shu sababli bu o‘rinda kitobxonning e’tiborini faqat bir narsaga – 0‘zbekiston toponimiyasida ko‘plik kategoriyasi masalasiga jalb qilmoqchimiz. Chunki toponimiyada ko‘plik masalasi tilshunosligimizning tesha tegmagan va muhim masalalaridan biri sanaladi. Nemis tilshunosi V.Shperberg, rus toponimisti V.A.Nikonov tadqiqotlari roman va slavyan toponimlarida ko‘plik shakli juda keng tarqalganligini ko‘rsatadi. Haqiqatan ham rus toponimlarida ko‘plik affiksi ko’plab ishlatiladi. Masalan, ko‘prik so‘zining bir o‘zi o’zbek tilida hech vaqt toponimga aylanmaydi, buning uchun ko‘prik so‘ziga biron sifat qo‘shilishi kerak, chunonchi Beshko‘prik, G‘ishtko‘prik, Taxtako‘prik, Ko‘prikboshi va hokazo. Rus tilida esa most (ko‘prik) so‘ziga ko‘prik qo’shimchasi qo’shilsa bas, Mosto shaklida toponim yasaladi. Bunda ko‘prikning ko‘p bolishi shart emas. Mosto toponimi o‘zbekcha ko‘prikli ma’nosini beradi. Qarshi, Mari kabi joy nomlarini ham ruslar ko‘plik shaklidagi so’zlar kabi tushunadi. Bularning hammasi rus tilining xususiyatidan kelib chiqadi. Rus tilida ko‘pgina so‘zlar faqat ko‘plik shaklida ishlatiladi (chasi, nojnitso va boshqalar). Turkiy tillarda, jumladan o‘zbek tilida toponimlarda ko‘plik qo‘shimchalari u qadar keng tarqalgan emas, o’zbek toponimlari tarkibida bir necha ko’plik affiksini uchratish mumkin. Biz ulardan har biriga to’xtalib o‘tamiz.
“-lar” affiksi. Professor A. G‘ulomov bu affiksni so‘z yasovchi morfemalar qatoriga kiritmaydi. Bu qo‘shimcha nomalum ko’plikni, hurmatni, biron fikrni ta’kidlashni, mavhum tushunchani konkretlashtirishni, umumiylikni bildiradi. Mazkur affiks Oylarxon, Qizlaroy kabi kishi ismlari tarkibida ham uchraydi hamda bu o‘rinda ism yasash funktsiyasinigina o‘taydi. U so‘z mazmuniga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Biroq toponimiyada tamoman boshqa manzarani ko‘ramiz: “lar”affiksi ko’plab toponim yasaydigan topoformant hisoblanadi. Kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, “-lar”affiksi faqat kishilar bilan bog’liq bolgan toponimlar yasaydi: arablar, beklar, boylar, zargarlar, shayxlar va hokazo. 1959 yilgi aholi ro‘yxatiga ko’ra, Xorazm viloyatidagi 720 ta aholi punktidan 80 dan ortig‘i “-lar” qo‘shimchasi bilan tugaydi. Shunisi qiziqki, bu nomlar orasida Ko‘paklar, Shoqollar, Echkilar, Qarg‘alar kabi toponimlar uchraydi. Bunday qaraganda, bu toponimlar hayvon nomlaridan tarkib topganga o’xshaydi. Aslida esa bunday emas: ko‘pak, shoqol (chiyabo’ri), echki, qarg‘a degan urug‘ nomlari bor. Zikr etilgan toponimlar ana shu uruglar nomi bilan atalgan. Masalan, Qarg‘alar «qarg’a urug’idan bolgan kishilar yashaydigan joy» demakdir.
“-on” affiksi. Bu tojikcha affiks O‘zbekiston sharoitida aksari toponim yasaydi va kishilarning qandaydir sotsial guruhga, chunonchi:1)muayyan millatga —Arabon (arablar), Qirg‘izon (qirg’izlar), 0‘zbekon (o’zbeklar); 2) qandaydir urug‘-aymoqqa – Minggon (ming urug‘idan bolgan kishilar); 3) ma’lum tabaqaga – Mirzoyon (kotiblar), Tarxonon (oliq-soliqdan ozod qilinganlar); 4) hunar-kasbga -Kosagaron (kosa ustalari), So‘zangaron (igna ustalari); 5) diniy e’tiqodga mansub ekanligini bildiradi: Mug‘oti, Mug‘iyon (otashparastlar), Hinduyon (hindular) va hokazo. Toponimist A.L.Xromov fikricha, “-on” affiksi Matcha (Mastchoh) shevalarida, shuningdek barcha tojik shevalarida kam ishlatiladi. Shu affiksli toponimlar ancha qadimiy hisoblanadi. Hozirgi vaqtda “-on” o‘rniga ko‘proq “-o” (-“ho”) ko‘plik qo‘shimchasi qo’laniladi. 0’zbekiston sharoitida esa, “-ho”(“-o”) ko‘plik affiksi toponimlar tarkibida nihoyatda kam uchraydi va bo’lsa ham toponimning asosiy tarkibiy qismi bilan shu qadar qo‘shilishib ketganki, aksari uni payqab olish qiyin.
Zahiriddin Muhammad Bobur birgina toponimni ikki shaklda yozgan: Badaxshon-Badaxshonot, Lamg‘on-Lamg‘onot, Xuroson-Xurosonot, Hinduston -Hindustonot.
Shuningdek, Erondagi Gilon va Garmser o‘lkalari Gilonot va Garmserot shakllarida yozib kelingani ma’lum.
Shundan ko’rinadiki, toponimika tarixiy tilshunoslikning ko’pgina masalalarini yechib berishda tilshunoslarimizga yordam beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
O’zbekiston milliy entsiklopediyasi.
3. www.ziyouz.com kutubxonasi
TII “Tillar“ kafedrasi katta o’qituvchisi
Fakhriddin Ernazarov