So’nggi yillarda O‘zbekistonda islom dini qadriyatlariga e’tibor tobora ortib bormoqda. Mamlakatimizda pok islom dinini o’rganish uni jamiyatimizning ijtimoiy hayotiga tadbiq etish muhim masalalardan hisoblanadi. Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk allomalarimiz va ularning ilmiy meroslarini o’rganish hamda ularning ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik g’oyalari ruhida yoshlarni tarbiya qilishga katta urg‘u berilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 23-iyundagi “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O’zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”[1]gi qarori ijrosi doirasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga nisbatan o‘zining qat’iy pozitsiyasini muxtasar ifoda qilib, jumladan shunday dedi: “Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”[2]. Birlashgan Millatlar Tashkilotida O‘zbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasi haqida so‘zladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z g‘oyasi va ahamiyatiga ko‘ra betakror loyiha bo‘lib, islom dinining ilmiy-ma’naviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan. O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Prezidenti Islom sivilizatsiyasi markazi binosining qurilish maydoniga bir necha bor tashrif buyurib, uning ahamiyati, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni insoniyatning ezgu g‘oyalari ruhida tarbiyalashdagi o‘rni haqida muhim taklif va tashabbuslarni bildirdilar.
O’zbekiston o’zining tinchliksevar, yaxshi qo’shnichilik, o’zaro foydali hamkorlikka qaratilgan siyosati va faoliyati bilan butun dunyoga tanildi, jahon hamjamiyatida o’zining munosib o’rnini egalladi, uning mavqeyi yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. Xususan, O’zbekistonda tarixiy jihatdan qisqa bir davr mobaynida musulmon mamlakatlari bilan xalqaro munosabatlarni yangi bir bosqichga olib chiqish va rivojlantirish yo’lida Islom sivilizatsiya markazi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda Toshkent shahrining qadimiy qismi – Hastimom majmuasida Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin namunalaridan biri, deb aytish mumkin. Chunki bu yerda shonli tarixning ko‘zga ko‘ringan namunalari, yosh avlodning ma’naviyat va ma’rifat maskani bunyod etilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi – Sharq sivilizatsiyalarining eng yirigi bo’lib, islom sivilizatsiyasi bu – islomni qabul qilgan xalqlar madaniyatining mahsulidir. Islom sivilizatsiyasining paydo bo’lishi arab qabilalari bilan bog’liq bo’lib ular shaharsozlik, rivojlangan savdo, yozuv va adabiyotda benazir bo’lishgan.
Islom sivilizatsiyasining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy asoslarini islom dini tashkil qiladi. Islom dinining Movorounnahr hududida tarqalishi, rivojlanishi, ilm – ma’rifat rivojida ulkan poydevor bo’lib xizmat qildi. Buyuk bobokalonlarimizning ilmiy merosi arab tilida bunyod bo’ldi. Xususan, islom dinining rivojlanishida Movorounnahrda yetishib chiqqan allomalarning o’rni o’ziga xos ahamiyat kasb etadi. O’rta asrlar renessansining shakllanishida islom dinining o’rni beqiyosdir.
Islom sivilizatsiyasining vujudga kelishi, Movorounnahr hududida tarqalishi, ulkan ilmiy merosning yaratilishi haqida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: “Hamma o’z tarixini ulug’laydi. Lekin bizning yurtimizdagidek boy o’tmish, bobokalonlarimizdek allomalar hech qayerda yo’q. Bu merosni chuqur o’rganishimiz, xalqimizga, duyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam ulkan merosimiz haqida to’la tasavvurga ega bo’lishi, katta ma’naviyat olib ketishi zarur”[3].
Islom madaniyatning eng sara markazlaridan biri bo’lgan Movorounnahr tom ma’noda ilm, irfon va hikmat markazidir. Darhaqiqat Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ali Qushchi, Mirzo Ulug’bek kabi dunyoni tebratgan ilm kishilari mana shu zaminda voyaga yetgan. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Abul Muin Nasafiy, Bahovuddin Naqshbandiy, Burhoniddin Marg’inoniy, Az- Zamaxshariy va yana qancha olimlar, avliyolar bu yurtning insoniyatga tuhfasidir. Yuz yillardan keyin ham qadrini yo’qotmaydigan asarlar talif etgan bu allomlar islomning tinchlik – ofiyat, ilm va hikmat hamda faravonlik ruhini butun dunyoga taratdi.
Islom sivilizatsiyasining rivojiga munosib hissasini qo‘shgan buyuk allomalarimizning ilmiy merosini o’qib o’rganish biz yoshlarning vazifamiz sanaladi. Shunday ekan, sohada amalga oshirilayotgan faoliyatning maqsadi ham ulkan ilmiy merosni chuqur o‘rganib, kelajak avlodga munosib tarzda yetkazish hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan yosh avlod tarbiyasi yo‘lida qilinayotgan bunday ishlar uzoq istiqbolni ko‘zlagan deb aytsak mubolag’a bo’lmaydi.
Islom yetib borgan mintaqalardagi madaniyat va sivilizatsiyalar o’zaro islom hazorasi bilan qo’shilishi natijasida paydo bo‘lgan hisoblanadi. Olimlar islom hazorasini ikki turiga ajratadilar.
Birinchisi, asl islom hazorasi bo‘lib, u o‘zida Yaratgan tomonidan berilgan ulkan diniy ta’limotni jamlaydi. Uni “yaratilish” va “paydo bo‘lish” deb ham atashadi. Dastlab islomning asl hazorasi mavjud bo‘lgan ediki, dunyo uni keyinchalik asta-sekin taniy boshlagan.
Ikkinchisi, musulmonlar tomonidan yaratilgan islom hazorasi bo‘lib, ular bilim va tajriba natijasida ulkan hamda go‘zal sivilizatsiyani yaratdilar. Bu ikki tur birlashib, yagona islom hazorasini tashkil etadi. Esdan chiqarmaslik lozimki, islom sivilizatsiyasi keng ma’noda uni bunyod etish, qurish, rivojlantirish, dunyoga yoyishda ishtirok etgan barcha musulmon xalqlarining teng merosi sanaladi. Aslo uni ma’lum bir millatning “mahsuli” deb bo‘lmaydi. Islom hazorasi shu tarzda asrlar osha yaratildi, rivojlandi, boshqa sivilizatsiyalarga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Islom sivilizatsiyasining arabcha nomlanishi “al-hazora al-islamiya”[4] deb ataladi. Al-hazora so‘zi lug’atda ko‘chmanchi, badaviy tarzida yashamaydigan, balki o‘troqlashgan holda madaniy hayot kechiradigan ma’nonini bildiradi. Shu bilan bir qatorda, ushbu so‘zga dastlabki ta’rif bergan olimlar uni hayot uchun zarur narsalardan ortiqcha bo‘ladigan har qanday narsalarni al-hazora deb hisoblaganlar.
Islom hazorasi boshqa sivilizatsiyalardan nisbatan ancha keng bo’lib, ko’p narsalarni qamrab oladi. Islom dinining vujudga kelishi bilan dunyo tamaddunida yangi bir sahifa ochildi deb aytsak mubolag’a bo’lmaydi. Islom dini butun bir insoniyat xalqariga bag’rikenglik, tinchlik dini bo’lib kelganligi ma’lum.
Dastlab, islom tarqalgan paytlarda qadimiy madaniyat va ma’rifatga ega xalqlar uni qabul qildilar. Keyin islom olamida ilm-u fan rivojlandi va natijada u barchaga ilm, ma’rifat, insonparvarlik, ezgulik, adolat, tenglik, fazilat va go‘zallik kabi qadriyatlarga to‘la boylikni taqdim qila oldi. Bular kishining dini, e’tiqodi, rangi, arab yoki ajamligidan qat’iy nazar barchaga teng qaratilgan edi. O’rta asrlarga kelib islom hazorasi nafaqat arab mamlakatlarida balki Markaziy Osiyo hududida xususan, O’zbekistonda o’ziga xos bosqichga ko’tarilgan edi.
Bu yerda musulmon olamida e’tirof etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturudiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband kabi allomalarning noyob qo‘lyozmalari ham saqlanmoqdaki, ular hadis, tafsir, aqida, islom huquqshunosligining usulul fiqh, furu-ul fiqh, fatvo, ilm-ul xilofiyot kabi sohalari, tasavvuf, islom tarixi, arab tilshunosligi va lug‘atshunosligi, nahv, sarf, balog‘at, fasohat kabi islom ilmlaridagi benazir kitoblari bilan yurtimiz ilm-u fanini dunyoga keng tanitganlar.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, ulugʻ siymolarimiz tomonidan yaratilgan noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar, xalqimizning yaratuvchilik dahosi bilan bunyod etilgan ana shunday noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur oʻrganish, yurtimizdan yetishibchiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan keng jamoatchilikni tanishtirish, inson qalbi va ongini egallash uchun turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har birimizning burchimizdir.
Toshkent islom instituti
matbuot xodimasi
Eshonqulova Hurriyat Suvonqul qizi
Foydalanilgan adabiyotlar:
[1] Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-iyundagi “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O’zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qaror. 23.06.2017.572 son. https://president.uz/oz/lists/view.
[2] Shavkat Mirziyoyev BMT ning 72-sessiyasidagi nutqi // “Xalq so’zi” gazetasi. 2017-yil 22-sentabr.
[3] Shavkat Mirziyoyev: Islom sivilizatsiyasi markazi asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi. 20.11.2019. https://president.uz/oz/lists/view/3085
[4] Qarang: Ahmad Muhammad Tursun. Islom hazorasi, – Toshkent: “Movarounnahr”, 2004. – B. 2.