islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Allohning zikri ila qalblar orom olur

Arab tilida “zikr” lafzi eslash, yod olish degan ma’nolarni anglatadi. Shariat istilohida esa Allohga sano, hamd, tasbeh aytish U Zotni ulug’lash, poklashdir. Yer yuzida barcha maxluqotlar Allohga sanoyu – hamd  aytish va Unga ibodat qilishlari uchun yaratildi. Alloh Zariyat surasining 56-oyatida: “Jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” – deya marhamat qilgan.

Allohni zikr  qilishlikda buyuk fazilat, ulug’ savob va ko’p ajr, hidoyat, nur va qalblarga shifo bor.

Alloh taolo Ahzob surasining 41-42-oyatida: “Ey, iymon keltirganlar! Allohni ko’p zikr qilinglar. Va ertayu kech Uni poklab yod etinglar”– degan.

Baqara surasining 152-oyatida esa: “Bas, meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” – deya marhamat qilgan.

“Meni eslangiz” degan kalima dunyo asosi va undagi barcha yaxshiliklarini o’z ichiga oladi. U kalima inson baxtining asosi va qalb xotirjamligidir. Shu birgina kalima bilan banda Robbisi bilan aloqasini mustahkamlaydi.

Alloh Ahzob surasining 35-oyatida: “Allohni ko’p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko’p) zikr qiluvchi ayollar o’shalarga Alloh mag’firatni va ulug’ ajrini tayyorlab qo’ygandur”- deb bashorat beradi. Banda Robbisini zikr qilishi til, qalb va tana a’zolari ila bo’ladi. Tilning zikri Uni poklash, ulug’lash va hamdga dalolat qiladigan lafzlarni nutq qilish bilan hosil bo’ladi.

Qalb bilan zikr qilish esa Uni Zoti yakkaligiga, buyukligiga, oliy sifatlariga dalolat qiluvch belgilarini tafakkuri va Allohning buyuruqlariy-u qaytariqlarini tadabbur qilish bilan hosil bo’ladi.

 Tana a’zolarining zikri esa toatiga g’arq bo’lish, qaytariqlardan tiyilish va a’zolarni Robbisi rozi bo’lmagan ishlar bilan mashg’ul qilmaslik ila yetiladi.

Allohning O’zi ham bandalarini zikr qilishini kalomida bayon qilgan. U Zotni bandalarini zikr qilishi esa bandalariga yaxshilik va karomatlar a’to qilib, savoblarini berish bilan, duolarini ijobat qilib, hidoyat, rahmat va rozilik, gunohlarini kechirishi-yu mag’firat ila ularni robbilarini eslaganlariga va toatida bardavom bo’lganlariga hamda ibodatlaridagi ixloslari evaziga mukofatlaydi.

Alloh G’ofir surasi 60-oyatida: “Robbingiz: “Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar”, dedi” – deb aytadi. Ya’ni Alloh meni duo ila eslanglar sizlarni ijobat va ne’matlarni berib eslayman dedi.

Yana A’rof surasi 56 oyatida: “Isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang va Undan qo’rqib ta’ma ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir” – deya yaxshilik bilan eslashlik evaziga Alloh bandalarini rahmat va mag’firat bilan eslashini aytmoqda.

Ahzob surasi 71-oyatida: “Kim Allohga va Uning Rasuliga itoat qilsa, batahqiq, buyuk zafarga erishibdir” – deb bandalar Meni va Rasulimni itoat ila eslasalar ularni yordamim va jannatim bilan eslayman dedi.

Hadisi qudsiyda Abu Hurayra roziyallohu anhudan u zot esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Alloh aytadi agar bandam meni eslasa men ham uni eslayman, agar meni bir jamoatda eslasa men uni uning jamoatidan yaxshiroq, sharafliroq bo’lgan jamoatda eslayman deydi” – deb rivoyat qiladilar. Ba’zi olimlar ushbu hadis sharhida aytishadiki, Allohning yaxshiroq bo’lgan jamoatda eslashi bu farishtalar va payg’ambarlarning jamoatidir.

Allohning zikri unga hamd, tasbehu – tahlil  aytish, Uni buyukligi va qudratini tafakkur  qilish yoki banda qalbini Alloh bilan mashg’ul qilib, Undan boshqasidan forig’ qilish bilan bo’ladi. Bu esa eng ulug’ ibodat va qurbatdir.

Alloh Ankabut surasi 45-oyatida: “Namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning ishi buyuk ishdur. Alloh nima qilsangiz bilur” – deb eng buyuk ish uni zikri ekanligini bandalariga o’rgatdi.

Alloh bandaga biror narsa farz qilsa uni muayyan vaqtga yoki adadga belgilab, chegaralab farz qildi, ammo zikrini bandasiga chegaralamadi. Balki bandasiga zamonni ham biron – bir holatni ham chegaralamasdan, qachon fursat, imkon topsa zikr qilishiga buyurdi.

Alloh taolo Ahzob surasining 41-42-oyatida: “Ey, iymon keltirganlar! Allohni ko’p zikr qilinglar. Va ertayu kech Uni poklab yod etinglar” – dedi. Ya’ni kecha-yu kunduz, quruqligu dengizda, sog’ligu – betobligida, maxfiy va jahriy zikr qilishga buyurdi.

Imom Ahmad musnadlarida: “Arobiy Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib: “Eng afzal kishi kim?|” – deya so’radi. U zot sollallohu alayhi va sallam: “Umri uzun bo’lib, amali chiroylik bo’lgan insonga Jannat bo’lsin !!!” – deya javob berdilar. Arobiy: “Amallarning afzali qaysi?” – deb so’radi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyoni tark qilganingda tiling Allohni zikri ila nam bo’lishligidir”- dedilar”.

Oyat va hadislardan kelib chiqib shu narsani xulosa qilsak bo’ladiki, albatta toki o’lim g’arg’arasiga qadar Allohni zikrida bardavom bo’lishligimiz va biron-bir lahzani Allohni zikrisiz o’tkazmasligimiz lozim bo’ladi. Allohni zikridan g’aflatda qolishlik esa ko’p yaxshiliklardan buyuk ne’mat-u savoblardan mahrum qiladi.

Toha surasi 124 va 125-oyatlarida: “Kim meni zikrimdan yuz o’girsa, albatta, unga torchilik hayoti bo’lur va qiyomat kuni ko’r holida tiriltirurmiz” – dedi. Banda Allohni zikridan yuz o’girishida barcha yaxshiliklar, ulug’ savoblardan bebahra qolishini bilamiz. Bu esa katta baxtsizlik va ulkan yo’qotishdir!

Toshkent islom instituti

 “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi o’qituvchisi

Yashnarov Muhammadxon

386350cookie-checkAllohning zikri ila qalblar orom olur

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: