Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’tirof etilishi bu diyor uchun, xususan, uning poytaxti bo’lmish Samarqand tarixi uchun yangi sahifa ochib berdi. Amir Temur ilm-fan, ma’naviyat ahliga alohida e’tibor va mehribonlik ko’rsatib, jamiyatning madaniy hayotida ulardan foydalanishga intilar edi. Tarixchi ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyid-u shariflarni o’ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to’la izzat-hurmat ko’rsatib ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko’rardi. Ularning har birini o’z martabasiga qo’yib, izzat-u ikromini izhor qilardi”.
A.Temurning katta xizmatlaridan muhimi shuki, u madaniyat va ilm homiysi sifatida mashhur bo’ldi, o’z saroyiga olim-u fuzalo arboblarini to’pladi. Temur hukmronligi davrida ichki va tashqi savdo kuchaydi. Ayniqsa, Hindiston, Xitoy, Rossiya bilan aloqalarning kuchayishi Temur saltanati iqtisodiy qudratini oshirdi. Temur va temuriylar davrida islom dini va tasavvufga katta e’tibor berildi. Islom dini o’sha davrda asosiy mafkura bo’lib, markazlashgan davlat barpo etishda, iqtisod, madaniyat va ilm-fan sohasidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishda nazariy asos bo’lib xizmat qildi. Temur o’z faoliyatida unga tayanib ish ko’rdi.
Temuriylar davrida tasavvuf ta’limoti keng quloch yoydi. Sohibqiron tasavvuf qoidalaridan mamlakatdagi salbiy illatlarni yo’qotishda, turli janjal va nizolarni bartaraf qilishda, haqiqat va adolat o’rnatishda, insonparvarlik g’oyalarini tarqatishda foydalangan. Temuriylardan Shohruh, Ulug’bek, Husayn Boyqaro, Bobur Mirzolar davlatni boshqarishda, din va tasavvuf qoidalariga amal qilishda, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishda uning an’analarini izchil ravishda davom ettirdilar.
XIV-XV asrlarda Movarounnahr va Xurosonda ilm-fanning ko’p sohalarida yuksalish yuz berdi. Jahonga mashhur olimlar, tabiatshunoslar va shoirlar yetishib chiqdi. Tibbiyot, riyoziyot, handasa, tarix, adabiyot, jug’rofiya, pedogogika, mantiq, falsafa, axloqshunoslik va boshqalarga e’tibor berildi. Ayniqsa, badiiy adabiyot va adabiyotshunoslik tez rivoj topa boshladi.
Temuriylar davrida bir qator atoqli allomalar: Sa’diddin Taftazoniy (1322-1392), Mir Sayyid Sharif Jurjoniy, jahon ilm-fani taraqqiyotiga katta ulush qo’shgan buyuk falakiyotchi olim va davlat arbobi Muqammad Tarag’ay Ulug’bek, G’iyosiddin Jamshid al-Koshiy, tarixda Ali qushchi nomi bilan mashhur bo’lgan Alouddin Ali ibn Muhammad qushchi, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi ulug’ olim-u mutafakkirlar yetishib chiqdi.
XIV-XV asrlarda mantiq, tabiy-ilmiy fanlar, ayniqsa falakiyot, falsafa va axloqshunoslikka katta e’tibor berildi.
Amir Temur Ko’ragoniy olimlarni juda qattiq e’zozlagan. Xususan, Sa’duddin Mas’ud ibn Umar ibn Abdulloh Taftazoniy rahmatullohi alayhini juda ham hurmat qilar edi.
(Sa’duddin Taftazoniydir (1322-1392) mantiq ilmining yirik vakillaridan biri. Yoshligidan ilohiyot fanlari, arab tili, nutq san’ati va mantiq bilan shug’ullanadi. Taftazoniy madrasalarda mudarrislik qildi.
Taftazoniy 40 dan ortiq risolalarning muallifidir. Muhimlari: «Tahzib al-mantiq val-kalom» (“Mantiq va kalomga saykal berish”), “Muhtasar al-maoniy” (Ritorikaga oid qisqacha ma’nolar), “Al-irshod al-hodiy”, (Arab tili gramatikasiga oid “Yo’l boshlovchi rahbar”), «Al-maqosid at-tolibin» (“Falsafa va kalomga oid “Tolibi ilmlarning maqsadlari”) va boshqalar. Taftazoniy o’tmish olimlarining juda ko’p asarlariga sharhlar ham bitgan.)
Fikrimizning dalili sifatida mashhur olim va tarixchi Ibn Arabshohning quyidagi hikoyasini keltiramiz:
“Amir Temur o’ta ahamiyatli va foydali ishlaridan biri bo’yicha chopar yubordi. Choparga: Agar yo’lda otga hojat tushib qolsa, kimni ko’rsang ham otini ol, agar o’g‘lim Shoxruh bo’lsa ham”, dedi. Chopar u amr qilgan tarafga tezlab jo’nadi. Yo’lda Alloma Taftazoniyga duch keldi. U dam olish uchun bir joyga tushgan, otlari chodirining oldiga bog’langan ekan. Chopar o’sha otlardan birini oldi. Alloma Sa’duddin Taftazoniy chodirdan chiqib, uni ushlab oldi. Otni chopardan qaytarib oldi va uni rosa kaltakladi. Chopar Amir Temurning oldiga qaytib borganida bo’lgan gapni unga aytdi. Shunda Amir Temur qattiq g’azablandi. Ammo birozdan so’ng: “Agar uning o’rnida o’g’lim bo’lganida, uni qatl qilardim. Lekin qaysi joyga borsam, kitoblari u yerga mening qilichimdan oldin kirib borgan odamni qanday qilib qatl qilaman”, dedi”. Mana shundan ko’rinib turibdiki, Amir Temurning huzurida olim-u fuzalolarning darajasi nihoyatda baland bo’lgan.
Bu davrda yashab, ijod qilgan ajdodlarimiz, musulmon olami boshiga tushgan mislsiz og’ir musibatlardan, xususan, mo’g’ul istibdodlaridan keyin dinimizga, ilmu-ma’rifatga, madaniyatga va insoniyat uchun xizmat qilishga xaris bo’lishgan.
Toshkent islom instituti 405-guruh
talabasi Shamuratov Omirzaq