Fuzayl ibn Iyozning yoniga bir kishi kelib: “Menga nasihat qiling”, dedi. U kishi shunday dedi: “Mendan besh narsani yod ol:
- Senga nima yetsa Allohning qazosidan ( taqdiridan ) deb bil, odamlarni malomat qilma.
- Xaloyiq sendan salomat bo‘lishi uchun tilingni saqla, shunda Allohning azobidan salomat bo‘lasan.
- Robbingni senga rizq beraman degan va’dasini rost bil, shunda mo‘min bo‘lasan.
- O‘limga tayyor tur, shunda g‘ofil holda o‘lmaysan.
- Qayerda bo‘lsang ham, Allohni ko‘p zikr qil, shunda gunohlardan saqlanasan”.
Fuzayl ibn Iyoz ikkinchi nasihatida tilingni saqla dedilar, demak tilni saqlash mo‘min kishi uchun zarur hisoblanadi.
Inson tilini tiymasa va ko‘ngli tusagan ishni qilaversa, halok bo‘ladi va qiyomat kuni azobga duchor bo‘ladi. Agar g‘iybat qiladigan bo‘lsa, g‘iybati sababli g‘iybat qilingan kishiga ozor yetadi. Uning dilida tilning jarohati paydo bo‘ladi. Til yetkazgan jarohatning tuzalishi qiyin. Tildan biror kishining ustidan shikoyat yoki uni so‘kish sodir bo‘lsa va qalbga til bilan jarohat yetkazilsa, u umr bo‘yi bitmaydi. Ammo o‘q va tig‘ning jarohati dori va boshqa narsalar bilan tez kunda tuzalishi mumkin. Shuning uchun odamlarga til bilan yetkazilgan ozor o‘qlar bilan yetkazilgan jarohatlashdan ko‘ra qattiqroq hisoblanadi. Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Nayzaning jarohati tuzaladi, lekin til jarohati tuzalmaydi”.
Toshkent islom instituti talabasi
Yunusov Zuxriddin