Imom Jaziriy o‘z asarlarida duolar qabul bo‘lishining quyidagi shartlarini zikr qilganlar:
- Yeydigan, ichadigan, kiyadigan narsalari va yashaydigan yerlari haromdan bo‘lmasligi lozim.
- Duo paytida ixlosli bo‘lishi zarur.
- Musulmonlarga qarshi bo‘lmasligi kerak.
- Kiyimlari g‘oyat toza bo‘lishi darkor.
- Tahoratli bo‘lishi lozim.
- Qiblaga yuzlangan holda duo qilishi zarur.
- Tiz cho‘kib o‘tirgan holda duo qilsin.
- Avval nafl namozi o‘qimog‘i darkor.
- Xayr-ehsonlar qilishi kerak.
- Kambag‘allar va ilm toliblarini xursand qilsin.
- Duoni Alloh taologa hamd-sanolar bilan boshlamog‘i lozim.
- Payg‘ambarimizga, barcha nabiylarga, as’hobi kiromga salovot-durudlar aytmog‘i zarur.
- Eng afzal salovot-namozdagi «Allohumma solli», «Allohumma barik»ni qancha ko‘p o‘qisa, duosi shuncha tez qabul bo‘ladi.
- Qo‘llarini ko‘ksi barobar ko‘tarib, hovuchlarini ochib, kaftlarini birlashtirib duo qilmog‘i darkor.
- Duo odobiga rioya qilmog‘i kerak.
- Alloh taologa xushu’ va xuzu’ bilan yolvormog‘i lozim.
- Alloh taoloning go‘zal ismlari (Asmai husna)ni o‘qib, tilagini tilamog‘i zarur.
- Hafif (muloyim) ovoz bilan Alloh taologa yolvormog‘i kerak.
- Gunohlarini e’tirof etib, Allohdan afv va mag‘firat so‘rashi darkor.
- Payg‘ambarlardan vorid bo‘lgan sahih duolarni o‘qimog‘i lozim.
- Duolarni takror-takror aytmog‘i zarur.
- Tilagini qalb huzuri bilan so‘rasin.
- Duosini hamdu-sano va salovot-u durudlar bilan yakunlamog‘i kerak.
- Qo‘llarini duodan so‘ng yuziga surtsin.
- Va duosi qabul bo‘lishini umid qilmog‘i darkor.
Shuni unutmaslik kerakki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoda dunyo va oxirat saodatini tilamoqni tavsiya etganlar.
Toshkent islom instituti talabasi
Zoirjon Juraboyev
Islom.uz ilovasidan.