islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Al-Azhar jome’asini tarixi va faoliyati

Al-Azhar (al-Jomi al-Azharning qisqa nomi) — Qohiradagi jome masjid, universitet, o‘rta va o‘rta maxsus bilim yurtlarini o‘z ichiga olgan yirik rasmiy diniy muassasa. Masjid 970—972-yillari fotimiy xalifa al-Muizz amriga binoan Qohira shahri bilan barobar qurilgan. Uning tarkibidagi Madrasa (996) 11-asrdan boshlab Qur’on, hadis, fiqh, til hamda balog‘at fanlari o‘qitiladigan universitetga aylandi. 14—15-asrlarda unga yana bir necha yangi qurilgan madrasalar qo‘shildi. 18-asrda Al-Azhar eng mo‘tabar umum-musulmon fan va ta’lim maskani sifatida shuhrat qozondi.

XIX asr boshida Al-Azhar Ulamolari Napoleon Bonapart istilosiga qarshi xalq harakatiga boshchilik qildilar. XIX asr oxiri — XX asr boshida Al-Azhar Abdu Muhammad boshliq islohot taraf-dorlari bilan konservatorlar o‘rtasidagi kurash maydoniga aylandi. 1961-yil “al-Azharni rivojlantirish haqida” qonun qabul qilingach, vazirlik maqomi berilgan. Al-Azhar diniy muassasasiga rahbar — Shayx-ul Azharni Misr Prezidenti tayinlaydigan bo‘ldi. Ushbu qonunga ko‘ra Al-Azhar universitetida qator dunyoviy fakultetlar, jumladan, idora ishlari va savdo, politexnika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ped. Va xotin-qizlar fakultetlari ochildi.

Al-Azhar huzurida 50 yirik ulamodan tashkil topgan (shular-dan 30 nafari misrlik va 20 nafari xorijiy ulamolar) islom tadqiqotlari Akademiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Al-Azhar kutubxonasida 20 mingdan ziyod qo‘lyozmalar jamg‘armasi mavjud. “Majallat al-Azhar” jurnalini nashr etadi. Al-Azhar universitetining fakultetlariga shu muassasa tarkibiga kiruvchi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus bilim yurtlarini muvaffaqiyatli tugatgan tolibi ilmlar qabul qilinadi. O‘rta ta’lim yurti (maohid i’dodiya)da o‘qish muddati — 4-yil, maxsus ta’lim (maohid sonaviya)da esa — 5-yil, Al-Azhar universitetining turli bosqichlarida 108,5 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Taniqli ulamolar Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon va Shamsiddinxon Boboxonovlar, Abdug‘ani Abdullayev, Yusufxon Shokirov, qoraqalpog‘istonlik diniy arbob Rahmatulla Idrisov, arabshunos olim Shoikrom Shoislomov va boshqalar Al-Azharda tahsil ko‘rganlar.

Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar” ta’lim majmuasi bilan erishilgan kelishuvga muvofiq 2021-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun “Al-Azhar” ta’lim majmuasining barcha muassasalariga qabul qilish faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita deb yuritiladi) tavsiyasi asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

“Al-Azhar” ta’lim majmuasining barcha muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qabul qilish bo‘yicha murojaatlari Maslahat kengashi tomonidan qabul qilinadi.

“Al-Azhar” ta’lim majmuasida o‘qish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Maslahat kengashiga quyidagi hujjatlarning nusxalarini taqdim etishi lozim:

  1.  Ariza (namuna bo’yicha)
  2.  Fuqarolik pasporti yoki (ID) karta nusxasi;
  3.  Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida shahodatnoma, attestat), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yoki oliy ta’lim muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat;
  4.  Fuqaroning shaxsiy ma’lumotnomasi va tarjimayi holi (erkin shaklda).

Ma’lumot uchun: Murojaatlar Maslahat kengashi Ishchi guruhi tomonidan  ko‘rib chiqiladi hamda Ishchi guruhi bilan o‘tkazilgan suhbat natijasiga ko‘ra “Al-Azhar” ta’lim majmuasida o‘qishga tavsiya etilgan fuqarolar ro‘yxati tavsiya xati asosida Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar” majmuasi institutlari departamenti administratsiyasining elektron manziliga yuboriladi.

Toshkent islom instituti talabasi

Mamarasulov Ansoriddin

425610cookie-checkAl-Azhar jome’asini tarixi va faoliyati

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: