Islom fathi yetib kelgan barcha xalqlar hayotida, an’analarida, qadriyatlari-yu, urf odatlarida islom o‘z aksini topadi. Zero, barcha musulmonlar islom shariatiga muvofiq turmush kechirishga intilgan. Shuning uchun boshqa barcha amallar qatori “arbaiyn” hadis to‘plamlarini yozish ulamo-yu, shoirlarning maqsadiga aylangan. Biz quyida ularning ba’zilarini sanab o‘tamiz.
- Muhiddin Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy (hijriy 631-676 ). Imom, hofiz, faqih, muhaddis Yahyo ibn Sharaf ibn Murriy ibn Hasan al-Hizomiy al-Huvroniy an-Navaviy Islom olamining mo‘tabar olimlaridan sanaladi. Kunyalari — Abu Zakariyo, laqablari — Muhyiddin. U zot “Arbaiyn” hadis to‘plamini ta’lif qilgan.
- Muhammad ibn Yahyo ibn Mansur Abu Sa’d Muhiddin Naysoburiy (vafoti hijriy 548-yil). O‘z asrida Nishopur shahridagi shofe’iylarning raisi edi. Nishopurning Turisis deb nomlangan joyida dunyoga kelganlar. Imom G‘azzoliy qo‘llarida fiqh fanini o‘rgandilar. Nishopurdagi talabalarga dars berganlar. U kishi “Al-muxiyt fiy sharhil vasiyt”, “Al-intisof fiy masailil xilof” kabi kitoblarni yozganlar.
- Roziyuddin Abul Xasan Muabbad ibn Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Muhammad ibn Solih Tusiy Naysoburiy. Hijriy 524 yilda tug‘ilganlar. Sahihi Muslimni 30 yoshlarida Furoviydan o‘qib o‘rgandilar. Sahihi Buxoriyni Abul Maoliy Forisiydan eshitib o‘rgandilar. Imom Molikning “Muvatto” asarlarini Hibatulloh as-Sayyidiydan eshitib o‘rganganlar. Tusiy 617 yil, shavvol oyining 20-kuni vafot etdilar.
- Yusuf ibn Hasan ibn Ahmad Ibn Hasan ibn Abdul Hodiy as-Solihiy Jamoliddin ibn Mibrad. (1436-1503 milodiy, 840-909 hijriy). Hanbaliylarning mashhur faqih ulamolaridan. Damashqda dunyoga kelganlar.
- Muhammad ibn Ibrohim ibn Ali ibn Osim ibn Zazon al-Xozin al-Asbahoniy Abu Bakr ibn Muqriy. (754-837 hijriy). Qizil dengiz bo‘yidagi, Yaman sohillaridan biridagi Sharja mintaqasida dunyoga keldilar. Boshlang‘ich ilmlarni o‘lkasidagi olimlardan oladi. Ilmga chanqoqligi uchun keyinchalik turli davlatlarga safar qiladi. Ibn Muqriy fiqhga juda qiziqar edi. Fiqh, tarix, nahv fanlariga oid ko‘plab asarlar yozganlar.
- Muhammad ibn al-Hasan ibn Muhammad ibn Muso al-Azdiy as-Sulamiy. Tasavvuf olimlardan biri. (936-1021). Nishopur shahrida tug‘ilib vafot etganlar. Imom Zahabiy aytadilar: U kishi so‘fiylarning shayxi edilar. Sufiylikning tarixi va tabaqalari to‘g‘risida ko‘plab asarlar yozgan. Sulamiy yuzdan oshiq asarlar yozganlar. Tafsir faniga oid “Xaqoiq at-tafsir”, “Tobaqotus sufiya”, “Muqaddamut tasavvuf” risolalari, “Minhojul orifiyn”, “Risolat fiy g‘olatotus sufiya”, “Adabul faqri va sharoituhu”, “Adabus suhbati” kabi ko‘plab kitoblarni yozganlar.
- Abdurrazoq ibn Muhammad ibn Ahmad at-Tobasiy. U kishi Nishopur shahrida yashagan. Sam’oniy aytadilar: Tobasiy uzoq yurtlardan kelgan kishilarga kitoblarni o‘qib berar va ularga ko‘plab foydalarni keltirganlar. Aytishlaricha, Sahih Muslim kitobini 18 marta Muhammad ibn Fazl Faroviyga o‘qib berganlar. U kishi hijriy 538 yili robiul avval oyida Nishopur shahrida vafot etdilar.
Tobasiy “Arbaiyn al-mustaxrajatu minas sihohi min rivayati Muhammadiyn” nomli arbaiynlarini yozganlar. Tobasiy hijriy 537 yili vafot etganlar.
- Ali ibn Xasan ibn Hibatulloh Siqotud diyn ibn Asokir ad-Dimashqiy (h. 499-571 m. 1105-1176). Shom diyorining muhadisi, Sam’oniyning safardagi sheriklari edilar. Damashq shahrida dunyoga keldilar. U kishi ko‘plab kitoblar yozganlar, ulardan: “Tarixu Dimashq al-kabiyr”, bu kitob “Tarix ibn Asokir” nomi bilan mashhur. Abdul Qodir Badron ushbu kitobni muxtasar qilib “Tahziyb tarixi ibn Asokir”. Ushbu muxtasar kitob hozirda ham chop qilinmoqda. Ibn Asokir “Arbu’na hadisan min arbaiyna shayhan min armi’iyna madiynatin” nomli arbaiynlarini yozdilar.
- Ahmad ibn Abdurrazzoq ibn Shayh Muhammad ibn Zayd ibn Ibrohim ibn Shayh Anqariy. Anqariy ulumul qur’on va qiroatdan mutahasislikka ega edilar. Ahmad ibn Abdurrrazzoqda Qur’onni yodladilar. Hadis ilmini Abdulloh Sa’ddan o‘rgandilar. Ustozlari sihohi sittadan ijoza berdilar. Ahmad ol Ibrohiymdan fiqh ilmini o‘rgandilar. Ibrohiym turkiydan aqoid ilmini o‘rgandilar. Anqariy “Arbauna al-Qur’aniya” nomli arbaiynlarini yozdilar.
- Ali ibn Mufaddal ibn Ali ibn Mufarrij ibn Xotim ibn Hasan ibn Ja’far al-Maqdisiy. Hijriy 544 yilda tug‘ildilar. U kishining shogirdlari Xofiz Abu Muhammad Munziriy ustozlari haqida shunday deydilar: Ustozim Misrga ko‘chib keldilar. Xulq atvorlari yaxshi, taqvodor, bir necha fanlarni yaxshi o‘rgangan edilar. Men u kishidan juda ko‘p foyda oldim.
Zakiyuddin Munziriy aytadilar: Maqdisiy hijriy 611yili sha’bon oyida vafot etdilar va Qohira atrofidagi tog‘ tepasiga dafn qilindi.
Maqdisiy “Kitabul arbaiyna al-murattabati ala tobaqoti al-arbaiyna” deb nomlangan arbaiynlarini yozdilar.
- Nizomiddin Mir Alisher Navoiy XV asr jahon ma’naviyatining buyuk siymosi hijriy 844 yil ramazon oyining 17-kunida (1441 yil 9 fevral) Hirotda tug‘ilgan. Ijodining poydevori Islom dini ahkomlaridir. Shu sababli buyuk mutafakkir asarlarida Qur’oni karim oyatlari, hadislar; payg‘ambarlar, avliyolar va olimlar hayoti bilan bog‘liq ibratli hikoyalar ko‘p uchraydi. Ko‘p kitoblari Allohga hamd-sanolar, payg‘ambarlarga salavotlar, aziz-avliyolar ruhiga duolar bilan boshlanadi. Bundan tashqari, hazrat Navoiy bevosita diniy mavzularda ham asarlar yozgan. Ularda dinni anglash, uning talablarini to‘g‘ri bajarish, halol-harom va savob-gunohni ajrata bilish kabi masalalar yuksak badiiy mahorat bilan aks ettirilgan. Bunday qimmatli asarlar sirasiga “Vaqfiya”, “Arba’in”, “Sirojul muslimin”, “Munojot”, “Risolai tiyr andoxtan” kabilarni keltirishimiz mumkin. Yuqorida tilga olganimiz – “Arba’in” asari musulmonlar uchun zaruriy qo‘llanma va tarbiyaviy manba bo‘lgan hadislar sharhiga bag‘ishlangan.
Musulmon sharqi mumtoz adabiyotida arba’in yozish an’anasi Navoiygacha ham bo‘lgan. Arba’in arabcha “arba’” ya’ni, “qirq” so‘zidan olingan bo‘lib, qirqta mashhur, sahih hadis mazmunini she’riy vaznda, aniqrog‘i, bir ruboiyda ifodalash san’atini anglatgan. Bunday asarlar oddiy xalq vakillari hadislar mazmunini oson tushunishi va xotirasida uzoq saqlab qolishi uchun xizmat qilgan. Navoiy zamonida ham butun ulus, xususan, oddiy xalq ommasi arab tilini bilmagan va bu tilda yozilgan manbalarni tushunmagan. Navoiy bobo nima uchun turkiy tilda “Arbain” yozishni niyat qilgani haqida shunday yozadi:
Forsiydonlar aylabon idrok,
Oriy erdi bu naf’din atrok.
Istadim, bu xalq ham bori
Bo‘lmag‘aylar bu naf’din oriy.
Ya’ni, forsiyda so‘zlashuvchi ellar hadislar mazmunini o‘z tillarida she’riy uslubda yodlab o‘rganar, atrok, ya’ni turkiy xalqlar esa bu imkoniyatdan bebahra edi. Shu sababli turkiy tilli uluslar ham hadislar mazmunini oson va zavqli tushunishi, xotirasida saqlashi uchun tarjimaga qo‘l urdim, hadislarni she’rga soldim, deydi hazrat Navoiy.
Buyuk shoir bu asarni tarjima maqomida ko‘radi. Chunki u “Arbain”ni ustozi va piri – ulug‘ mutafakkir, fors-tojik adabiyotining ulug‘ daholaridan biri Abdurahmon Jomiyning “Chihl hadis”i ta’sirida yozgan. Navoiy bobo asar debochasida ustozining roziligi va duosini olgani, so‘ngra tarjimaga kirishganini aytadi.
“Arbain” ruboiylari hadislar mazmunini anglashga ko‘mak berib, inson ma’naviy dunyosini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida mazkur ulamolar va ularning bizga qoldirgan ilmiy meroslari bugungi kunda Kitob va sunnatga amal qilishda yuzaga kelayotgan ham muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb qiladi.
Toshkent islom instituti talabasi Sulaymonov Shamsiddinxo‘ja