Eng eng qadimgi arablarning izlari eramizdan oldingi birinchi mingyillikning boshlariga taqaladi. Arablar o‘zlarini qadimgi Qaxton (janubiy arablar) va Adnon (shimoliy arablar) urug‘idan tarqalganmiz deyishadi.
Arab tili somiy tillar guruhining janubiy shoxobchasiga taalluqlidir. Arab tili taraqqiyoti uch bosqichga bo‘linib o‘rganiladi: qadimgi, klassik va hozirgi zamon arab tili.
Qadimgi til bizgacha ba’zi yodgorliklarda yetib kelgan, Tadqiqotchilar shu yodgorliklardagi yozuvlar asosida uning grammatik qurilishini va qisman so‘z boyligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.
Klassik arab tilining namunalari esa bizgacha juda ko‘p miqdorda yetib kelgan. Biz ularda mukammal grammatik qurilishga ega bo‘lgan, keng leksik tarkibli, johiliya davri nazmi va ta’sirdor qabilalar lahjalari nodir xususiyatlarini o‘zida umumlashtira olgan boy tilni ko‘ramiz. Qur’oni karim nozil bo‘lishi bilan arab tilining badiiyligi yanada go‘zallashdi va grammatik tuzilishi mukammallashdi. Klassik arab tili takomilida muhim ro‘l o‘ynagan qabila lahjalari orasida eng e’tiborlisi quraysh lahjasidir. Quraysh qabilasi yashaydigan joy – Makka va uning atrofi savdo markazi sifatida qadimgi arablar hayotida katta ahamiyatga ega edi. Makkaga har yili turli qabilalarning minglab vakillari kelib-ketar, ularning suhbatlashishida quraysh lahjasi qabilalararo til vazifasini o‘tardi. Uning eng nafis iboralari boshqa qabilalar lahjasiga ko‘char va shuningdek, boshqa qabilalar vakillaridan e’tiborga molik lug‘aviy birliklarni qabul qilar edi ham.
Arab tilining so‘z tarkibi arablar tarixiy taraqqiyotini o‘zida jamlaydi. Qadimgi arab tilida so‘zlashuvchi qabilalar tili har jihatdan qabila a’zolari ehtiyoji uchungina zarur bo‘lgan so‘z boyligi bilan chegaralanardi. Keyinroq Adnon va Qahton guruhlarining aralashib ketishi natijasida til boyidi, mukammallashdi. Istilolar paytida arab tilining mahalliy xalqlar tillari bilan to‘qnashuvi unga juda ko‘p yangi unsurlar olib kirdi. Hozirgi zamon adabiy arab tili ham leksik nuqtayi nazardan ancha jiddiy o‘zgarishlarga uchradi.
Klassik arab tili islom bayrog‘i ostida Yaqin va O‘rta Sharqda, Markaziy Osiyo va Afrikaning ko‘p qismiga tarqaldi. O‘rta Osiyoda u uzoq vaqtlargacha xalqaro va bilim tili bo‘lib keldi. O‘zlarining chuqur ilmiy mulohazalari bilan dunyo fanining ravnaqiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan fan daholari, buyuk vatandoshlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Farobiy, Muhammad Xorazmiy va Mahmud Zamaxshariylar shu tilda samarali ijod qilishgan. Klassik til hozirgi zamon arab tilining shakllanishi uchun zamin bo‘ldi.
Toshkent islom instituti talabasi
Ismoilov Abdulaziz