Hanafiy ulamolar hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hech bir e’tirozsiz mukammal yetib borishi e’tiboridan mutavotirga, ko‘rinishidan birozgina shubha ila bog‘lanishga ko‘ra mashhurga hamda zohiriy va botiniy shubha bilan bog‘lanishiga binoan ohod hadislarga taqsimlaganlar.
Mutavotirning ta’rifi. Bu so lug‘atda تواتر degan o‘zakdan olingan ism foil bo‘lib, “uzluksiz ketma-ket kelmoq” degan ma’noni bildiradi. تواترت المدن deb shaharlar bir-biri bilan ketma-ket bog‘lanishiga aytiladi[1]. Bu ma’noga Alloh taoloning quyidagi oyati ham dalolat qiladi:
“So‘ngra paydar-pay payg‘ambarlar yubordik”[2].
Istilohda esa “mutavotir” deb roviylari yolg‘onga til biriktirib olishlarini gumon qilib bo‘lmaydigan darajada juda ko‘pchilik tomonidan rivoyat qilingan hamda mana shu adad u xabarning avvalidan to oxirigacha davom etadigan xabarga aytiladi.
Mutavotirning hukmi. Ulamolar mutavotirning quyidagi shartlari jamlangan vaqtda aniq-ishonchli ilmni ifoda etishiga ittifoq qilganlar. Bunday xabarni inkor etuvchi kofirga chiqariladi[3].
Mutavotirning shartlari. Hanafiy ulamolar mutavotirda e’tiborga olgan shartlar uchtadir:
- Odatdaga ko‘ra roviylari yolg‘onga til biriktirib olishlari mumkin bo‘lmagan darajadagi ko‘pchilik rivoyat qilgan bo‘lishi;
- Sanadning boshidan oxirigacha xabarni mazkur adaddagi kishilar rivoyat qilgan bo‘lishlari;
- Roviylarning rivoyat mobaynida quruq aqlning o‘zigagina suyanmay, balki rivoyat qilayotgan xabarlarni eshitgan yoki ko‘rgan bo‘lishlari.
Boshqa xabarlarning aksi o‘laroq mutavotirning roviylarida adl sifati bo‘lishi shart qilinmaydi.
Hanafiy ulamolar ixtiyor etgan gapga ko‘ra, mutavotir uchun muayyan adad shart emas. Iso ibn Abon rahimahulloh aytadilar: “Shu xabarlardan ilmni ifoda etadigani uchun ma’lum chegara va cheklangan adad yo‘q”.
Aynan ushbu yo‘lni ko‘pchilik faqihlar va ba’zi muhaddislar tutganlar.
Mutavotirning qismlari. Hanafiylar mutavotirni bir necha qismlarga taqsimladilar. Lekin bu qismlar kitoblarda tartiblanmagan, tarqoq holatda edi. So‘ngra shayx alloma Kashmiriy rohmatullohi alayh ularni qismlarga ajratib, tartibladilar va buni o‘zlarining ushbu so‘zlari bilan bayon qildilar: “Albatta, “Nuxbatul fikr”ning sharhida Hofiz Ibn Hajar naql qilganidek, ba’zi insonlar mutavotir xabarlarni kam vorid bo‘lgan deb o‘ylaydilar. Ba’zi olimlar mutavotir xabarga misol keltirishning imkoni yo‘q, deb aytishgan. Ba’zilar esa mutavotir xabarlarni juda nodir deb, bir yoki ikki donagina misol keltirishgan. Vaholanki, shariatimizda mutavotir xabarlar, men zikr qilib o‘tgan to‘rttalik taqsimga ko‘ra, sanab adog‘iga yetib bo‘lmas darajada ko‘p bo‘lib, kishi ularni bir ro‘yxatga jamlashdan ojizdir. Lekin gohida mutavotir xabar e’tibordan chetda qoladi, ammo unga nazar solinsa, uning mutavotir ekani ayon bo‘ladi. Bu narsaga alohida e’tibor qaratish zarur”.
Ushbu ma’lumotlardan boxabar bo‘lgandan keyin mutavotirning to‘rtala qismi bilan umumiy suratda tanishib chiqish mumkin:
- Lafziy mutavotir.
Lafzi ham, ma’nosi ham mutavotir bo ‘lib, bu qismni alloma Kashmiriy “isnodning mutavotir bo‘lishi” deb nomlaganlar.
Bu qismga oid misollar juda kamdir, sababi uning shartlarining topilishi qiyin bo‘lishidadir.
“Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, jahannamdan borar joyini tayyorlasin”. Ushbu rivoyatni yetmishdan ziyod sahobiy rivoyat qilganlar. So‘ngra bu ko‘p sonli adad sanadning qolgan tabaqalarida ham davom etib, ziyoda ham bo‘ldi.
- Ma’naviy mutavotir.
Lafzlari mutavotir bo‘lmay, balki ma’nosi mutavotir bo‘lgan rivoyat. Alloma Kashmiriy ularni “ma’noda mushtarak bo‘lgan mutavotir rivoyat”, deb nomlaganlar.
Bu qismga oid duoda qo‘llarni ko‘tarish borasidagi hadislarni misollarni keltirish mumkin. Nabiy alayhissalomdan bu borada yuzlab hadislar vorid bo‘lgan, u hadislarning har birida “Albatta, u zot duoda ikki qo‘llarini ko‘taradilar” degan jumla bor, lekin bu hadislar turli o‘rinlarda vorid bo‘lgan, ulardan har biri o‘zi alohida mutavotir darajasigacha yetmagan. Bu hadislarning orasini jamlab turuvchi ma’no, ya’ni duo paytida qo‘lni ko‘tarish fe’li hadis rivoyat qilingan yo‘llarining majmuasi e’tiboridan mutavotirdir.
- Tabaqaviy mutavotir.
Bu turda isnodning mutavotir bo‘lishi shart qilinmagan holda, isnodning boshlanishidan oxirigacha bir tabaqa isnodlar boshqa tabaqa insonlardan rivoyat oladilar. Ushbu turdagi mutavotir hadislar fuqaholarning tavoturi bo‘lib, bunday tavotur fiqh kitoblarida ko‘p topiladi.
Bu qismga oid quyidagi hadisni misol keltirish mumkin:
“Bomdodni yorishtiringlar, chunki bu ishning ajri ulug‘roqdir”.
Imom Suyutiy va Munoviy rahimahullohlar ushbu hadisning mutavotir ekanini aytib o‘tishgan. Imom Tahoviy aytadilar: “Darhaqiqat, Umar raziyallohu anhudan u kishi namozdan kunni yorishtirgan holatda forig‘ bo‘lganlariga dalolat qiluvchi mutavotir asarlar rivoyat qilingan”.
- Amaliy mutavotir.
Bu turdagi mutavotir sohibi shariatning zamonlaridan buyon bugungi kunimizgacha barcha asrlar davomida, odatga ko‘ra yolg‘onga til biriktirib olishlari imkonsiz bo‘lgan darajadagi ko ‘p jamoat amal qilib kelgan rivoyatlardir.
Amaliy mutavotirga oid quyidagi hadisni misol keltirish mumkin:
“Nabiy alayhissalomdan dengiz haqida so‘rashdi. Shunda u zot: “Uning suvi pok, o‘limtigi haloldir”, dedilar.
Ushbu hadisni o‘n ikkita sahoba rivoyat qilishgan. Zarqoniy aytadilar: “Bu hadis Islom asoslaridan biri bo‘lib, ummat uni qabul qilgandir. Bu hadisni barcha yurt fuqaholari turli asrlar osha, barcha o‘lkalarda bir-birlariga naql qilib kelganlar”.
Mutavotir hadislar bir qancha bo‘lib, masalan, havzi kavsar, mahsiga mas’h tortish to‘g‘risidagi hadislar kabilardir. Lekin ohod hadislarning sanog‘iga qaraganda mutavotir hadislar juda ham oz ekani mulohaza qilinadi. Mutavotir hadislar soni borasida turli qarashlar mavjud. Kimdir bir hadisni “mutavotir” desa, boshqasi “mutavotir emas” degan bo‘lishi ham mumkin. Har kim o‘z ilmiga yarasha, o‘ziga yetgan ma’lumotga ko‘ra gapirgan[4].
Ulamolar mutavotir hadislarni jamlab, mustaqil kitob qilishga alohida e’tibor berganlar. Tolibi ilmlarning mutavotir hadislarni bilib olishlari oson bo‘lishi uchun ularga bag‘ishlangan alohida kitoblar tuzganlar.
Mana shu turdagi kitoblardan ba’zilarini aytadigan bo‘lsak, imom Jaloluddin Suyutiyning “Al-azhaarul mutanasirotu fil axbaril mutavatiroti” deb nomlangan kitobi bor. Bu kitob boblar asosida tartiblangan.
Imom Suyutiyning yana bir boshqa kitobi bo‘lib, u “Qotful azhaar” deb nomlangan. Bu kitob avval zikr qilingan kitobning muxtasari hisoblanadi.
Muhammad Ja’far Kattoniyning “Nazmul mutanasir minal hadisil mutavotir” degan kitobida ham mutavotir hadislar jamlangan.
Toshkent Islom instituti talabasi
Qobulov Hikmatulloh
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
- Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. – Toshkent: “Munir”, 2021. – 631 b.
- Kiyloniy Muhammad Xalifa. Manhaj al-Hanafiyya fi naqdil hadis. – Qohira: “Dor us Salom”, 2010. – 629 b.
- Abdulhodiy G‘iyos. Hanafiy faqihlar nazdida hadis ilmi qoidalari. – Toshkent: “Tilsim”, 2023. – 383 b.
- Abdulmajid Juzajoniy. Muhaddislar va hanafiy fuqaholar nazdida hadis ilmlari. – Toshkent: “Hilol-Nashr”. – 255 b.
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mustalahul hadis. – Toshkent: “Hilol-Nashr”, 2019. – 383 b.
[1] Ibn Manzur. Lisanul arab. 5-jild. – Qohira: “Darul ma’rifa”, 2010. 275-bet.
[2] Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi va tafsiri. – Toshknet: “Munir”, 2021. 345-bet.
[3] Xatib Bag‘dodiy. Al-Kifoya fi ilmir rivoya. 2-jild. – Jidda: “Dar Ibn Javziy”, 1432. 235-bet.
[4] Doktor Nuriddin Itr. Manhajun-naqdi fi ulumil hadis. – Damashq: “Darul-fikr”, 1979. – B.406.