islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Shamsul-aimma Saraxsiy

Muhammad ibn Ahmad ibn Abusahl Abu Bakr shamsul-aimma as-Saraxsiy Movarounnahrda hanafiy mazhabining yirik vakili, fiqh, usulul-fiqh va kalom ilmlarining buyuk imomi sifatida o‘zidan unutilmas asarlar qoldirgan. U iste’dodli munozarachi va iqtidorli alloma edi. Kamol Posho masalalarni yechish bo‘yicha uni mujtahidlar darajasida ko‘taradi.

Saraxsiy buyuk faqih Abdulaziz Halvoniy xizmatida bo‘lib, ilm-u fazlni undan o‘zlashtirib, o‘z davrining tengsiz allomasiga aylangan edi.

Mashhur faqihlar Burhonul-aimma Abdulaziz ibn Umar ibn Moza, Muhammad ibn Ibrohim Hasiriy, Mahmud ibn Abdulaziz O‘zjandiy (O‘zgandiy), Ruknuddin Mas’ud va Usmon al-Baykandiylar fiqhni undan o‘rganganlar.

Imom Saraxsiy ayg‘oqchilar dushmanligi, shuningdek, amirga o‘git berib u chiqargan qaroriga qarshi turgani uchun hibsga olinib, O‘zgand shahriga yuborildi. Manbalarda aytilishicha, o‘zining eng muhim kitobi “Al-Mabsut”ni zindonda imlo qildirdi, ya’ni biron-bir manbaga murojaat qilmasdan shogirdlariga yoddan aytib turardi va ular zindonning ustida turib uni yozib olardilar. Shuningdek, u Imom Muhammadning muhim asari “as-Siyarul-kabiyr” sharhini “Bobush-shurut” qismigacha zindonda turib imlo qiladi, shundan keyin qo‘shib yuboriladi. Amir Hasan uni o‘z uyiga olib borishi bilan shogirdlari yetib keldilar va imom mazkur sharhning oxirgi qismini amirning dahlizida ularga yoddan aytib yozdirdi.

Imom Laknaviy (rohimahulloh) ta’kidlashicha, Shamsul-aimma Saraxsiy Movarounnaxrning usul va furu’ni egallagan buyuk olimlaridan hisoblanadi. Uning eng muhim asari furu’ul-fiqh bo‘yicha 15 jildda yozilgan “al-Mabsut” kitobidir. Ushbu kitob Hanafiy mazhabi bo‘yicha bir mo‘tabar huquqiy manba sifatida barcha islom mamlakatlarida qo‘llanib kelinmoqda. “Al-Mabsut” kitobi Abu Abdullo Muhammad Hasan Ismoil ash-Shofi’iy yozgan sharh-u tadqiqot bilan birga 2001-yil Bayrutda 30 juz’da nashr etildi.

Saraxsiyning Xalqaro miqyosda shuhrat qozongan asari oldingi boblarda aytib o‘tganimizdеk, Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “as-Siyarul-kabiyr” kitobiga yozgan katta hajmli sharhi hisoblanadi. Ma’lumki, Shayboniy Grozniydan necha yuz yil muqaddam o‘zining o‘sha kitobi bilan xalqaro huquq asosiy normalarini yoritib berib, ushbu mavzu bo‘yicha birinchi bo‘lib muhim ilmiy asar yozgan edi, lekin afsuski, uning bu kitobi bizgacha yetib kelmagan. “Islomda xalqaro huquq” kitobida yozilishicha, ushbu muhim kitobning asl nusxasi mavjud bo‘lmasa ham, 4-hijriy asrda Turkistonning buyuk faqihlaridan biri Saraxsiyning unga yozgan sharhi bugun mavjud. Muallif ta’kidlashicha, ushbu asar 1825-yil Yevropada nashr qilingandan keyin g‘arb olimlari ash-Shayboniyning ilmiy maqomini e’tirof etdilar.

Bundan bir asr keyin 1917-yil Saraxsiyning sharhi jildda Hindiston Haydorobodida nashr etildi. Bu nashr Hanafiy mazhabining yirik imomi Muhammad ibn Hasanni G‘arb dunyosiga yana bir marta tanitdi va olimlarning diqqatini 4 uning ilmiy nazariyalariga tortdi. Bu o‘rinda ulug‘ vatandoshimiz imom Saraxsiyning yozgan katta sharhi tarixiy rol uynadi. Saraxsiyning boshqa asarlaridan: “Usulul-fiqh” kitobi. Ibn Qutlubg‘o yozishicha, ushbu asar ikki qalin jilddan iborat, Muhammad ibn Hasanning “al-Jomi’ as-sag‘iyr” kitobiga sharh, Muhammad ibn Hasanning “al-Jomi’ al-kabiyr” kitobiga sharh, Hassofning “Adabul-qoziy” nomli asariga sharh, “Ashrotus-so‘a” (“Qiyomat alomatlari haqida kitob”), Hassofning “Kitobun-Nafaqot” asariga sharh, “Al-Favoidul-fiqhiya” va boshqalar. Ibn Kutlubg‘o “al-Masolik”dan naql qilishicha, bir kuni u shug‘ullanib turgan davrada imom Shofi’iy uch yuz kuros (daftar)ni yoddan bilar ekan deb aytilganda, u: “Shofi’iy men yoddan biladiganlarning zakotini yodlagan ekan”, deydi. Hisoblab ko‘rsalar, u yoddan biladiganlari ikki ming kuros (daftar)ga yetib borar ekan. Shuningdek, u Tohoviyning “al-Muxtasar” kitobiga sharh yozgan.

Ba’zi manbalarda u Balx shahrida vafot etgan, deyilgan bo‘lsa-da, boshqa manbalar, jumladan, “al-Munjid fil-a’lom” da u umrining oxirigacha Farg‘onada yashab, eng to‘g‘ri rivoyatga binoan 490 h/1097-yil o‘sha yerda hayotdan ko‘z yumgan .

Toshkent islom instituti talabasi

Mamadaliyev Akbarjon

 

430680cookie-checkShamsul-aimma Saraxsiy

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: