islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Tafsir ilmining vujudga kelishi

Qur’on oyatlari Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga 23 yil mobaynida bo‘lak-bo‘lak holda nozil qilingan. Va bu oyatlarning o‘qilishini va ma’nolarini Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalarga tushuntirib berar edilar, shuning bilan birga ular bu oyatlarni o‘z hayotlariga tatbiq qilar edilar. Darhaqiqat, musulmonlar bu ulug‘ kalomni chuqur o‘rganishlari bilan unga tavajjuh qilishdan o‘zga ulug‘lik va undagi yaxshiliklardan o‘zga insonga foydali bo‘lgan xayriyat yuqligini tushunib yetgan edilar. Qur’on xolis arab tilida nozil bo‘lganligi uchun uning oyatlarining ma’nolarini tushunar edilar. Shuning bilan bir qatorda asl maqsadi nozik bo‘lgan qur’on oyatlari bor ediki, ularni tushunishda sahobalar ham to‘siqlarga duch kelar edilar. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmas edi. Ular bunday hollarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga murojaat qilar edilar va Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga bu oyatlarning asl mohiyatini bayon qilib berar edilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga qur’on oyatlarini yetkazishlik vojib bo‘lganidek, uning ma’nolarini bayon qilib, sharhlab berishliklari ham vojib edi. Alloh taolo bu borada shunday marhamat qiladi:

و أنزلنا إليك الذّكرلتبيَن للنّاس ما نزّل إليهم ولعلّهم يتفكّرون

Ma’nosi: «Sizga odamlarga nozil qilingan (ahkomlar)ni bayon qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik”.

Shu tariqa sahobalar raziyallohu anhum oyatlarning asl maqsadlarini fahm-u-idrok qilishda bardavom bo‘ldilar va hidoyatga boshlovchi bu ochiq-ravshan dalillarga amal qildilar. Shuning uchun ham ular xorlik ko‘rmagan aziz insonlar va zaiflikni bilmagan kuchli-quvvatli insonlar bo‘ldilar. Shu sababdan ular adolatsizlik va tahqirliklarga rozi bo‘lmagan hurmatli insonlarga aylandilar. Natijada ularning tevaragiga xalqlar va elatlar bir oiladek jam bo‘ldilar.

Keyinchalik millat-elatlar, tillar ko‘payganidan so‘ng qur’onning asl ma’nosini musulmonlar anglay olishmadi. Ulamolar Alloh taoloning kalomini tushunishga yengillik bo‘lishi uchun ushbu kalomga sharhlar yozdilar. Uni “Tafsir” ilmi deb nomladilar. Har bir ilmni bilishdan oldin o‘sha ilm-u nom bilan atalgan ismning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini bilmoqlik zaruriydir, toki u ilmning mafhumi tushunarli bo‘lmoqligi uchun.

“Tafsir” so‘zi arabcha – “فَسَّرَ، يُفَسِّرُ، فّسِّرْ، تَفْسِيْرٌ” so‘zdan olingan bo‘lib, “bayon qilish, ochib berish va ravshan qilish”, degan ma’nolarni anglatadi.

Ulamolarimiz istilohida esa:

عِلْمٌ يُبْحَثُ فِيْهِ عَنِ الْقُرْآنِ الْمَجِيدِ مِنْ حَيْث دَلالَتِهِ عَلَى مُرَادِ اللهِ تَعَالَى بِقَدْرِ الطَّاقَةِ الْبَشَرِيَّة

Ya’ni, unda inson qudrati yetguncha Alloh taoloning murodiga dalolat qilish jihatidan Qur’oni karimdan bahs qilinadigan ilm.

Abu Hayyon rahmatullohi alayh bildirishlaricha tafsirning istilohdagi yana bir ma’nosi:

عِلْمٌ يُبْحَثُ فِيْهِ عَنْ كَيْفِيَّةِ النُّطْقِ بِاَلْفَاظِ الْقُرْآنِ وَ مَدْلُولاتِهَا وَ اَحْكَامِهَا الاِفْرَادِيَّةِ وَ التَّرْكِيبِيَّةِ

وَ مَعَانِيهَا الَّتِى تُحْمَلُ عَلَيْهَا حَالَةُ التَّرْكِيْبِ وَ تَتِمَّاتٍ لِذَلِك

Tafsir ilmi  shunday ilmki, unda Qur’on alfozlarini ado etish holati va uning mavhumotlari, uning yolg‘iz va murakkab bo‘lgan holatlaridagi hukmlari, murakkab holatida qanday ma’no ifoda etmoqligi va yana nosih-mansux, sha’ni nuzul va mubham qissalarni tafsil ila bayon etmoqlikdan bahs yuritiladi.

“Al-Bahrul-muhit” kitobida Abu Hayyon shunday ta’rif beradilar. “Tafsir – shunday ilmki, bu bilan Qur’on lafzlarining qanday nutq qilinishi (qiroat ilmi) u so‘zlar nimaga dalolat qilinishi (lug‘at ilmi), har bir so‘z va jumlaning hukmlarini (sarf, nahv ilmlari) jumlaning o‘zidan bevosita tushuniladigan ma’nolarni, shuningdek, nosih va mansux oyatlar, oyatlarning nozil bo‘lish sabablari hamda tarixiy qissalardan ko‘zlangan maqsadlar o‘rganiladi”.

Imom Az-Zamaxshariy bunday ta’rif beradilar: “Tafsir – shunday ilmki, bu bilan Alloh taoloning o‘z payg‘ambari Muhammad (s.a.v)ga nozil qilgan kitobini uning ma’nolarini, shari’at amallarini va bandalar ustidan Allohning chiqaradigan hukmlarini o‘rganiladi”. Yana ba’zilarning so‘zlariga qaraganda, “Tafsir oyatlarning nozil bo‘lishi, uning sabablari, undagi qissalar, Makkada nozil bo‘lgan oyatlar bilan Madinada nozil bo‘lgan oyatlarning tartibi, muhkam va mutashabehligi, nosih va mansuxligi, xususiyligi va umumiyligi, matlaqi va muqayadi, mujmal va mufassari, halol haqidagi va harom haqidagi, va’da va vaid, amr va nahiy hamda ibratli oyatlarni o‘rganmoqdadir”.

Tafsir ilmi kelib chiqishi va rivojlanishi jarayonida bir necha qismlarga bo‘lingan.

Birinchi qism – “Tafsir bil ma’sur”. Bu qismdagi tafsirda mufassir Qur’oni karim oyatlarini rivoyat qilgan sahih hadislar va sahobalarning qavllari bilan tafsir qiladi. Bu uslubda yozilgan tafsirlarning mashhurlari quyidagilardir; Muhammad ibn Jarir Tabariyning “Jomi’ul bayon fi tafsiril Qur’on”, Abu Muhammad Husayn ibn Mas’ud ibn Muhammad Bag‘aviyning “Ma’olimut tanzil”, Imoduddin Ismoil ibn Kasirning “Tafsirul Qur’onil azim”, Jololiddin Suyutiyning “ad-Durrul mansur  fit-tafsiri bil ma’sur” kitoblari.

Ikkinchi qism – “Tafsir bir–ray”. Bu qismda mufassir o‘z fikri va ijtihodi ila tafsir qiladi va u ikkiga: joiz va g‘oyri joizga bo‘linadi. Joiz bo‘lgan ray bilan tafsir qilishda mufassir ishonchli masdarlarga suyangan holda jaholat va zalolatdan uzoqda bo‘lib tafsir qiladi. Joiz bo‘lmagan qismda esa, mufassir jaholat, bid’at va zalolat bilan tafsir qiladi, shuning uchun ham allomalar bu navdagi tafsirni man qilganlar. Joiz bo‘lgan ray bilan qilingan tafsirlardan; Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn Faxriddin Roziyning “Mafotihul g‘ayb”, Nasriddin Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad ibn Ali Bayzoviyning “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil”, Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiyning “Madorikut-tanzil va haqoiqut ta’vil” kitoblari.

Uchinchi qism – “Tafsiri ishoriy”. Bu qismda mufassir oyatning zohiriy ma’nosiga qaramay, uning maxfiy ishoralari taqozosi bilan tafsir qiladi. Bu faqat suluk va tasavvuf arboblarining uslubidir. Bu qismga doir tafsirlar; Nizomiddin Hasan ibn Muhammad Husayn Xurosoniy Naysoburiyning “G‘aroibul Qur’on va rag‘oibul Furqon”, Sheroziyning “Aroisul bayon fi haqoiqil Qur’on” kitoblari. Keyinchalik tafsirning yo‘nalishlari ko‘payib ketdi.

Binobarin, har ko‘zga ko‘ringan rivoyat bilan Qur’oni karim oyatlarini tafsir etaverish durust emasdir. Chunki u rivoyat zaif bo‘lib, boshqa sahih rivoyatlarga muxolif bo‘lishi ham mumkin.

Haqiqatda bu ish o‘ta nozik masaladir, shuning uchun bu sohaga faqatgina o‘z umrlarini ana shu fanga sarf etgan zotlargina mashg‘ul bo‘lmoqliklari munosibdir. Alloh taolo barcha mufassirlardan rozi bo‘lsin.

Toshkent islom instituti talabasi

Xasanov Husniddin

430741cookie-checkTafsir ilmining vujudga kelishi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: