islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Milliy-madaniy merosimiz-bebaho boyligimiz

Bilamizki, tarixiy inshootlar yillar davomida eskirishi tabiiy holdir. Lekin shunga qaramasdan, bu borada yillar davomida bir qator muammolar to‘planib qolganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Respublikamiz bo‘yicha 8210 madaniy obyektlari mavjud bo‘lib, ulardan 167 dan ortig‘i ta’mirga muhtoj ekan. Bugun moddiy madaniy meros va arxeologiya obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilish uchun mutaxassislar yetishmaydi, ularni tayyorlaydigan ta’lim muassasalarida yuqori malakali pedagoglar ham kam. Ta’mirlash-tiklash va konservatsiya bo‘yicha aniq normativ hujjat ham ishlab chiqilmagan ekan. Bizning o‘z mutaxassislarimiz, konservatsiya qilish maktabi bor albatta, lekin yangi texnologiyalar yetishmas edi.

Bundan tashqari, tarixiy tepaliklarning atrofi himoya devorlari bilan o‘rab olinmagani, tuproqlari esa mahalliy aholi tomonidan qazib olinib, o‘z shaxsiy ehtiyojlari yo‘lida ishlatib yuborilayotgani oqibatida obidalarning yo‘qolib ketish arafasida turishiga ba’zi fuqarolarimiz sababchi bo‘lmoqda. Ayrim yodgorliklar atrofiga mahalliy aholi tomonidan chiqindilar tashlab ketilmoqda. Afsuski, bunday muammolar nafaqat Toshkent shahrida, balki boshqa hududlarda ham kuzatish mumkin. Masalan, Buxoro Arki devorining qulashi, Xo‘jayli tumanidagi Mizdakxon kompleksidagi Mazlumxon suluv qabristoni avariya holatiga kelib qolganligi, xususan, ichki tomoniga yomg‘ir o‘tib o‘rtadagi ikki gumbaz g‘ishtlari qulab tushganligi sabab atrofida aylanib yurish imkoni yo‘q. Maqbaraning kirish qismi ham qulab qolgan bo‘lib, ichkariga kirish xavfli bo‘lmoqda.

Xalqimiz va hukumatimiz bu kabi muammolarni e’tibordan chetda qoldirmasdan, oxirgi yillardagi ochiq va oshkora siyosatimiz natijasida amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Masalan, Prezident tashabbusi bilan Madaniy meros agentligi, Madaniyat vazirligi qoshida madaniy meros departamenti, Madaniy meros obyektlarini asrash jamg‘armasi tashkil topdi hamda tekshirishlar natijasida ko‘p muammolar o‘z yechimini topmoqda.

Ulardan biri, bu Koreya Respublikasi Madaniy meros fondi bevosita Turizm va sport vazirligi, Koreya hukumati hamda Koreya Madaniy meros boshqarmasi bilan birgalikda O‘zbekiston madaniy merosini asrash bo‘yicha ODA (Official development assistance) loyihasi hisoblanadi. Loyiha doirasida 700 ming AQSH dollari miqdoridagi grant asosida O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi qoshida arxeologik topilmalarni o‘rganish va tiklash bo‘yicha zamonaviy birinchi laboratoriya tashkil etildi, soha mutaxassislari uchun mahorat darslari o‘tkazildi hamda 95 ta eksponat qayta tiklandi. Afrosiyob muzeyidagi devorga bitilgan rasmlar namoyish etilayotgan xona ta’mirlandi. Ma’lumot uchun, loyiha doirasida O‘zbekistondan 6 nafar mutaxassis muzey boyliklarini restavratsiya qilish uslublariga o‘qitildi.

Bundan tashqari, 2022-yildan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilishda Eron va Turkiya davlatlari bilan hamkorlik qilish, tajriba o‘rganish hamda mahalliy ustalarning xorijiy davlatlarda malakasini oshirish kabi tizim yo‘lga qo‘yilishi bizni albatta quvontirdi.

Xulosada faxrlanib aytish kerakki, madaniy merosimiz nafaqat yurtimizning bebaho merosi hamda imijini ko‘rsatuvchi omil, balkim butun insoniyat boyligidir. Xorij ekspertlarining fikricha, “bu noyob durdonalar buyuk insonlar tomonidan yaratilgan bo‘lib, ular hech qachon takrorlanmaydi”.

 

TII “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi

oʻqituvchisi Sh.Badiyev

430770cookie-checkMilliy-madaniy merosimiz-bebaho boyligimiz

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: