Moziy fe’lining oxiri mabniy ekani borasida ulamolar ijmo qilganlar. Ammo, bu fe’lning mabniyligi qanday ekani borasida ikki xil fikr mavjud. Ular:
1. Mutaaxxir ulamolar: “Moziy fe’li oxirining uch xil holati bor” deydilar.
Fathaga mabniy. Bu unga zamir qo’shilmagandagi holati. Misol: ضَرَبَ.
Zammaga mabniy. Bu vov (و) zamiri qo’shilgandagi holati. Misol: ضَرَبُوا.
Sukunga mabniy. Bu harakatli zamirlar qo’shilgandagi holati. Misol: ضَرَبْتَ.
2. Mutaqaddim ulamolar: “Moziy fe’lining oxiri doim fathaga mabniy. Ba’zan bu fatha zohir bo’ladi, ba’zan esa, muqaddar bo’ladi”.
Fathaning zohir bo’lishi. Bu moziy fe’liga zamirlar qo’shilmaganda yoki alif zamiri qo’shilganda yuz beradi. Misol: ضَرَبَ، ضَرَبَا.
Fathaning muqaddar bo’lishi. Bu vov (و) zamiri qo’shilganda yuz beradi. Misol: ضَرَبُوا – bu fe’l taqdiriy fathaga mabniy. Uning zohir bo’lishidan munosabat harakati man qilgan. Ya’ni vov (و) harfiga munosib bo’lishi uchun oldiga zamma keltirilgan.
Harakatli zamirlar qo’shilganda ham fatha muqaddar bo’ladi. Misol: ضَرَبْتَ — bu fe’l taqdiriy fathaga mabniy. Uning zohir bo’lishidan oriziy sukun man qilgan. Oriziy sukun esa, ketma-ket to’rt harakat bo’lib qolmasligi uchun keltirilgan.
Yuqoridagi birinchi ulamolarning qarashlariga qaraydigan bo’lsak, o’rganish va o’rgatish uchun osondek tuyuladi. Ammo, tahqiq qilib o’rganilsa, ikkinchi fikr to’g’ri ekani oydinlashadi. Chunki, kalimaning oxiri turli holatlarda fatha, zamma va sukunga o’zgarsa, huddi kalima mu’robga o’xshab qoladi. Lekn, moziy fe’lining oxiri mabniy bo’lib o’zgarmas ekani barchaga ayon. Shu sababdan moziy fe’lini doimo fathaga mabniy degan to’g’ri bo’ladi. (Qaralsin: Shayx Ahmad ibn Umar Al-Hozimiy. Ash-sharhul Muxtasar A’la Nazmil Ajrumiyya. 98-bet)
Abdurahmon SUPIYEV,
TII talabasi