“Til-so‘zlovchi istagini eshituvchiga yetkazuvchi tarjimonidir”
(Abu Rayhon Beruniy)
Har yili 18-dekabrda butun dunyoda Xalqaro arab tili kuni nishonlanadi. 1973-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) arab tilini rasmiy til sifatida qabul qilish va ishchi tillar qatoriga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi, keyin YUNESKO uni Xalqaro arab tili kuni deb e’lon qildi.
Jahonda 6 ta xalqaro til ya’ni inqliz, arab, xitoy, fransuz, rus va ispan tillar bor. Dunyo tillaridan biri hisoblangan arab tili insoniyat tamaddunida, ilm-fan taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etgan. Arab tilida yozilgan ilmiy asarlar ko‘plab ixtirolarga, kashfiyotlarga sabab bo‘lgan.
Arab tili dunyodagi eng qadimgi tillardan biri hisoblanadi. U eng boy til. Ushbu til faqat arab diyorlari aholisining muloqot tili bo‘libgina qolmay, butun dunyo musulmonlarining ham umumiy tilidir. Chunki musulmonlarning muqaddas kitobi bo‘lgan Qur’oni Karim aynan arab tilida nozil qilingan. Juda ko‘p islomiy ibodat va marosimlarni bajarishda bu muqaddas tildan foydalaniladi. Arab tilining mavqei Islom dininining dunyo miqyosida keng tarqalishi tufayli ko‘tarildi, chunki u asrlar davomida musulmonlar hukmronlik qilgan mamlakatlarda siyosat, fan va adabiyot tiliga aylandi.
Qadimiy arab tili miloddan avvalgi V-IV asrlarga taalluqli obidalar orqali maʼlumdir. U mumtoz arab tilining paydo bo‘lishiga asos boʻlgan. Mumtoz arab tilining leksik va grammatik shakllanishi johiliyat davri (V-VII asrlar) shoirlarining ogʻzaki ijodlarida namoyon boʻla boshlagan. Qur’oni Karimning nozil boʻlishi natijasida mumtoz arab tili badiiyati yanada goʻzallashdi va grammatik meʼyorlari mukammallashdi. VIII-IX asrlarda mumtoz arab tili grammatikasi ishlab chiqildi, islom yoyilgan o‘lkalarda rasmiy va ilmiy til boʻlib qoldi. Butun dunyoga mashhur olimlar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abu Abdullah Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Imom Abu Mansur Motrudiy, Imom Abu Bakr Qaffol ash- Shoshiy, Abu Muin Nasafiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon al-Beruniy va boshqalar ilmiy asarlarini arab tilida yozganlar. Mumtoz arab tili leksik jihatdan bir oz oʻzgargan holda, hozirga qadar arablarning adabiy tili bo’lib kelmoqda. Buning asosiy sababi arab dunyosini birlashtirib turuvchi Qur’oni Karim, Hadisi Sharif va boshqa mo’tabar manbalardir. Arab dunyosidagi vaqtli matbuot, nashrlar, radio va televideniye hozirgi arab tilida olib boriladi. Arab soʻzlashuv tili adabiy tildan keskin farqlanadi, fonetik va leksik jihatdan bir biriga oʻxshamaydi. Misr, Sudan, Suriya, Iroq, Magʻrib, Xasaniya (Mavritaniya), Shoa (Nigeriya, Kamerun, Niger) lahjalariga boʻlinadi. Ushbu lahjalar asosan 3 sababga koʻra yuzaga kelgan: 1) arab adabiy tiliga quraysh qabilasi (Makka) shevasida nozil boʻlgan Qur’oni Karim tili asos boʻlgan, zero oʻsha vaqtlardayoq Arabiston yarim orolda yashovchi qabilalarning tillarida turli tafovutlar bor edi; 2) hozirgi arab dunyosining aksar qismi kelib chiqishi arab boʻlmagan xalqlardir. Ular Islom taʼsirida arablashgan. Ularning hozirgi soʻzlashuv tilida islomgacha mavjud boʻlgan ona tillari unsurlarining boʻlishi, tabiiy; 3) arab dunyosining aksar qismi gʻarb istilochilari hukmronligi ostida boʻlganligi hududiy lahjalarning jiddiy farqlanishiga olib kelgan. Turkiston, xususan hozirgi Oʻzbekiston hududi Arab xalifaligi tomonidan fath qilingan va islom dini mahalliy aholi tomonidan qabul qilingach, arab tili va arab yozuvi mazkur hududda ilm-fan tili va yozuviga aylandi. Shu bilan bogʻliq holda arabshunoslik vujudga keldi.
Jonajon Vatanimiz Oʻzbekistonda xalqaro arab tili kuni Oʻzbekiston musulmonlar idorasiga qarashli oʻrta maxsus islom bilim yurtlari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti va Mir Arab oliy madrasasida “18-dekabr-Xalqaro arab tili” kuni fan oyligida boʻlib otadigan ma’naviv-ma’rifiy tadbirlarda professor-oʻqituvchilar va talabalar tomonidan keng nishonlanadi. Xususan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining jamoasi va talabalari “Arab tili va balogʻat” fan oyligida boʻlib oʻtadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol tayorgarlikni oldindan boshlaydi. Bu tadbirlar quyidagilarni ya’ni ulugʻ alloma Abdurahmon Jomiyning “Sharhi Mullo”asarining xatmul-kutub tadbiri, tezkor va viktorina savollari, videoroliklar namoyishi, sahna koʻrinish, mahorat darslari, davra suhbatlari va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Bu ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni manfaatli qilib oʻtkazish an’anaga aylangan.
Hozirgi vaqtda bizning jannatmakon yurtimiz Oʻzbekistonda xalqimizni ayniqsa yoshlarni arab tilini va Qur’oni Karimni juda katta qiziqish bilan oʻrganishi kundan kunga oshib bormoqda. Arab tilini o’rganish–davr talabi boʻlib qoldi. Xalqimiz : “Til bilgan, el biladi”, – deb bejiz hikmatli soʻzlarni aytmagan. Arab tilini oʻqing, oʻrganing, tinglab-tushuning va amalda undan foydalaning.
Arab tili haqida quyidagi manfaatli va zarur ma’lumotlarni taqdim etamiz:
1. Muqaddas Qur’on arab tilida yozilgan.
2.Arab tili- jannat tili.
3.Arab tili- dunyodagi eng qadimgi tillardan biri.
4.Arab davlatlari jamiyatini tashkil etuvchi 22 davlatning rasmiy tilidir.
5.Arab tili-dunyoda eng ko’p tarqalgan tillardan biri.
6.Arab tili-dod tilidir, chunki ushbu til dod harfi bilan jahonda yagona til sifatida ajralib turadi.
7.Arab tili -somiy tillar guruhiga mansub.
8.Arab tilining kelib chiqishi Arabiston yarimoroliga borib taqaladi. Musulmon dunyosi kengaygani sari arab tili Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyo bo‘ylab tarqala boshlagan.
9.Dunyoda arab tilida taxminan 422.000 000 dan ortiq kishi so‘zlashadi.
10.Arab tili 26 davlatda, jumladan, Jazoir, Misr, Livan, Marokash, Saudiya Arabistoni, Tunis va BAA da rasmiy til maqomida bo‘lib, u dunyodagi beshinchi eng ko‘p muloqot olib boriladigan tilga aylangan.
11. Arab tili dunyodagi juda ko‘p tillar rivojiga ta’sir ko‘rsatgan. jumladan, Yevropa tillariga, shuningdek, Osiyo va Afrika tillari rivojiga ta’sir ko‘rsatdi. Ingliz tilida admiral, algebra, algoritm, konfet, karvon, paxta, jirafa, gitara, limon, jurnal, alkogol, shakar va talisman kabi ko‘plab arabcha so‘zlar mavjud.
12.Arab tilining o‘ziga xos xususiyatlari bor.
13. Arab tilida bosh harflar mavjud emas.
14.Arab alifbosida urg‘u uchun bosh harflar o‘rniga maxsus belgilar qo‘llanadi.
15.Arab tilida boshqa tillarda mavjud bo‘lmagan tovushlar mavjud.
16.Arab tili o‘z ona tilisi bo‘lmagan ba’zi o‘rganuvchilar arab tilidagi so‘zlarni talaffuz qilishda biroz qiyinchilikka uchrashlari mumkin, sababi bu tildagi ba’zi tovushlar boshqa keng tarqalgan tillarda kam uchraydi. Masalan, “ḥ” faqat arab tilida uchraydigan “h” tovushidir.
17.Boshqa keng tarqalgan tillardan farqli o‘laroq, arabcha so‘zlar o‘ngdan chapga, arabcha raqamlar esa chapdan o‘ngga yoziladi.
18.Arab tilida 28 ta harf borki, ular soʻz oxirida va oʻrtada yozilgandan farq qiladi.
19.Arab tili BMTning 6 ta rasmiy tillaridan biri hisoblanadi.
20.Arablar tarixan xorijiy so‘zlarni o‘zlashtirib olishni istamagan, o‘zlarining arab atamalaridan foydalanishni afzal ko‘rgan, garchi ko‘p narsa shevaga bog‘liq.
21.Rus tilida arabcha so‘zlar ko‘p, ular: algebra, algoritm, jirafa, zenit, sirop, divan, tarif, kimyo, eliksir va boshqa so‘zlar.
22.Arab tili zamonaviy ispan tiliga katta ta’sir ko‘rsatdi, chunki Pireney yarim orolining muhim qismi uzoq vaqt arablar hukmronligi ostida edi.
23.Misr davlati arab tilida eng ko‘p so‘zlashuvchi aholiga ega, 90.000 000 aholining 82.500 000 si arab tilida so‘zlashadi.
24.Dunyoda 22 tа davlatda arab tili rasmiy til hisoblanadi.
25.Arab tili Eriteriya, Chad va Isroil davlatlarida ikkinchi rasmiy tildir.
26.Arab tili turk, o‘zbek, fors, kurd, fransuz, ispan va boshqa ko‘plab tillarga ta’sir qilgan.
27.Arab tilining harflaridan boshqa tillar ham foydalanadi. Ular: fors, kurd, malay va eski turkiy tillardir.
28.Arab tili xattotligi dunyodagi eng go‘zal san’atlardan biridir.
Foydalangan elektron saytlar
1.w.w.w.mirarab.uz
2.w.w.w.mirarabmadrasa.uz
3.w.w.w.yuyborikalon.uz
4.w.w.w.oliymahad.uz
5.w.w.w.fledu.uz
“Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin YERNAZAROV






