islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ulamolar nazdida tabarruk masalasi

Islomning dastlabki asrlarida yashagan mutaqaddim ulamolarimiz – sahobalar, tobeinlar va ilk muhaddislar – tabarruk masalasida amaliy yondashuvni afzal ko‘rganlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayotlarida sahobalar u zotning soch tolasi, kiyimlari, hatto tupurgan joylarini tabarruk qilishgan. Buxoriy va Muslimda keltirilgan hadisda Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi:

عَنْ أَنَسٍ: رَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ ﷺ وَالْحَلَّاقُ يَحْلِقُهُ، وَأَطَافَ بِهِ أَصْحَابُهُ، فَمَا يُرِيدُونَ أَنْ تَقَعَ شَعَرَةٌ إِلَّا فِي يَدِ رَجُل

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qildilar: «Rasulullohning sochlarini sartarosh olayotganini ko‘rdim. Sahobalari u zotning atrofini o‘rab olishgandi. Biror tola yerga tushmasdan, albatta, bir sahobiy qo‘liga tushardi» (Sahih Muslim).

Said ibn Musayyab – tobeinlar orasidagi eng yirik faqihlardan biri. U kishining odatlaridan biri – har kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida, aynan u zot namoz o‘qigan joyda ibodat qilish va duo qilish edi.

U kishi aytganlar: “Bu yer – Rasululloh namoz o‘qigan va sajda qilgan joydir. Umid qilamanki, bu yerda duo qilishda baraka bor”.

Bu kabi rivoyatlar ulamolar tomonidan tabarrukni joiz deb bilishlariga dalil bo‘lib xizmat qilgan. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Molik kabi mutaqaddim ulamolar Rasulullohning osorlariga baraka niyati bilan teginishni inkor etmaganlar.

Islom ko’p joylarga yetgandan keyin aqidaviy ixtiloflar paydo bo‘lgan davrlarda, xususan mutaaxxir davr ulamolari orasida tabarruk masalasi muhokama ostiga olingan. Ba’zi ulamolar bu amaliyotni davom ettirishni ma’qullagan bo‘lsa, boshqalari uni noto‘g‘ri tushunchalar va bid’atlarga sabab bo‘lishi mumkinligi sababli ehtiyot bo‘lishga chaqirganlar. Masalan, Imom Ibn Taymiyya rahmatullohi alayh, tabarruk qilishni faqat Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayotlariga xos deb bilgan va ul zot vafot etganlaridan keyin bu amalni davom ettirish bid’at bo‘lishi mumkinligini aytgan. Biroq Imom Subkiy, Imom Suyutiy kabi boshqa mutaaxxir ulamolar esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan tabarruk qilishni ma’qul ko‘rganlar.

Tabarruk masalasida mutaqaddim va mutaaxxir ulamolar fikri o‘rtasida tafovut bo‘lsa-da, umumiy manzara shundan iboratki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning osorlariga bo‘lgan muhabbat va hurmat, Allohdan baraka talab qilish niyati bilan qilinsa, u diniy asosga ega bo‘lgan amal hisoblanadi. Biroq, ushbu amal aqidaviy xatoliklarga, bid’at va shirkga olib boruvchi shaklga aylanmasligi uchun har doim Qur’on va sunnat mezonlari asosida baholanishi lozim.

Nasrulloh OTAJONOV,

TII 4-kurs talabasi

447540cookie-checkUlamolar nazdida tabarruk masalasi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: