Dunyodagi hali hech bir insonga Rasululloh solallohu alayhi vasallamdek yaxshi ko‘rilib, U zotdek ko‘p maqtov bilan yod etilish baxti nasib etmagan. O‘zini mo‘min hisoblagan har bir musulmonning qalbida payg‘ambar ishqining da`vosi bor. Chunki odam zoti shunday yaratilgan-ki, u boshqalarning tabiati, kamoli va jamolidan ta`sirlanib, ularga muhabbat qo‘yadi. Alloh taolo suyukli nabiyi sollollohu alayhi va sallamga eng oliy kamolotlarni ato qilgan. Shuning uchun har bir mo‘min u zotni soxtaliklarsiz, chin dildan yaxshi ko‘radi. Ba’zan muhabbat insonga ozor berib, ko‘ngilsiz holatga solib qo‘yishi yoki dunyo-yu oxiratda foyda bermasligi mumkin. Lekin mahbub payg‘ambarimizga ishqimiz qanchalik ziyoda bo‘lsa, qalbimiz shyncha munavvar bo‘ladi. Hatto bu yaxshi ko‘rishimiz va u zotga ergashishimiz Allohning muhabbatiga sabab bo‘ladi. Bu haqida Qur`oni karimda bunday marhamat qilinadi:
قُلْ إِن كُنتُمْ تُحِبُّونَ ٱللَّهَ فَٱتَّبِعُونِى يُحْبِبْكُمُ ٱللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَٱللَّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
Sen «Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladi va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladi. Alloh mag‘firatli, rahmli Zotdir», deb ayt. (Oli Imron surasi, 31-oyat)
Shunday ekan, biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan har qanday go‘zal rishtalarni bog‘lab, qalbimizni hissiy va maʼnaviy, aqliy tomondan esa muborak siyratlarini o‘rganish va hadislarini yod olish, shu bilan birgalikda sunnatlariga ergashishimiz muhabbatimiz tasdig‘i bo‘ladi. Payg‘ambarimizni yaxshi ko‘rishning hukmi nima deyilsa, ulamolar quyida keladigan hadisga ko‘ra vojib, zaruriy ish deydilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “mo‘min bo‘la olmaydi” deganlaridan murod, komil imonli mo‘min bo‘la olmaydi, deganlaridir. Shu bilan birgalikda bu hadis musulmon kishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yish vojib ekanligiga dalolat qiladi. Shundagina, haqiqiy imon egasi, najot topuvchi kishiga aylanadi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa hadisda esa: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Ey, Allohning rasuli! Qiyomat qachon bo‘ladi?”, deb savol qildi. “Sen qiyomatga nimani hozirlab qo‘yding?”, dedilar Payg‘ambar alayhissalom. Savol bergan kishi: “Men Alloh va uning Rasulini muhabbatidan boshqa arzigulik hech narsa tayyorlamadim”, deb javob qildi. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, sen o‘zing yaxshi ko‘rganlar bilan birgasan, har kim o‘zi yaxshi ko‘rganlar bilan birga bo‘ladi”, deb marhamat qildilar. Anas roziyallohu anhu: “Biz islom kelgandan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlarini eshitganchalik xursand bo‘lmaganmiz”, dedi. Rasulullohni yaxshi ko‘rish bandani jannatga olib kirmasdan qo‘ymaydi. Alloh taolo Ahzob surasi 6-oyatda bunday degan:
النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ ..
“Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan ham haqliroqdir’’.
Imom Bag‘oviy bu oyatning tafsirida “Payg‘ambar hukmi ular (mo‘minlar) ustida o‘tuvchi va unga bo‘ysunish ular uchun vojibdir” deydi. Boshqalar esa bu oyat haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari boshqa barcha narsalarga qo‘ygan muhabbatdan ko‘ra ustunroq bo‘lmaguncha imonlari komil bo‘lmagay, deganidir deydilar. Rasulullohni yaqindan tanigan kishi bor-ki U zotni yaxshi ko‘rib qoladi, tarixning o‘zi guvoh bunday kishilar son-sanoqsiz bo‘lishgan. Shulardan, Muhammad ibn Sirin rohimahulloh insonlar bilan gaplashib, kulishib o‘tirardilar, agar suhbatlariga ko‘ra hadis kelib qolsa, xushuʼli bo‘lib qolardilar. Saʼid ibn Musayyab rohimahulloh betob bo‘lib, yonboshlab yotgan edilar. U kishidan bir hadis haqida so‘ralgandi darhol o‘tirib oldilar. Shunda: “O‘zingiz bemorsiz. Joningizni qiynamasangiz ham bo‘lardi-ku”, – deyishdi. U zot esa: “Yonboshlagan holda Rasulullohdan hadis aytishni istamadim”, – dedilar. Bir a’robiy Ali ibn Abu Tolib roziyollohu anhuning oldiga keldi va “Rasulullohga muhabbatingiz qanday bo‘lgan edi?”, deb so‘radi. Hazrati Ali bir entikib olgach: “Rasululloh bizlar uchun mol-dunyomiz, farzandlarimiz, ota-onalarimiz, tashna paytimizda ichadigan salqin suvimiz – hammasidan ko‘ra mahbubroq edilar”, deb javob berdi. Xuroson podshohlaridan bo‘lgan pahlavon Amr ibn Lays vafot etdi. Uning qalbidan Rasululloh solollohu alayhi vasallamning muhabbati joy olgandi. Vafotidan so‘ng uni tushda ko‘rishdi. U: “Alloh meni kechirdi”, dedi. “Nima sababdan?”, deb so‘radilar. U: “Bir kuni tog‘ tepasiga chiqdim. Askarlarni kuzatib, ularning ko‘pligini ko‘rib: “Qani endi Rasululloh sollollohu alayhi vasallam bilan bir davrda yashab, U zotga yordam bera olganimda!”, deb orzu qilgandim. Shu orzu sabab Alloh meni kechirdi”, dedi.
Dunyodagi eng oliy ne’mat iymon ne’mati bo‘lsa, Alloh va uning suyukli rasuliga muhabbat qo‘yish haqiqiy saodatdir. Ushbu muborak oylarda U zotning go‘zal siyratlarini o‘rganib, sunnatlarini hayotimizga tadbiq qilishimizni va sog‘ingan payg‘ambarimizga muhabbatimizni yanada ziyoda etishini so‘raymiz. Alloh taolo Rasulullohga salovat va salomlarimizni yetkazsin!
Madina TOSHBOYEVA,
TII 3-kurs talabasi