Bizda tahorat deb oʼrganib qolingan maʼlum va mashhur amal. Tahorat musulmonning nuridir. Tahorat arabchada «vuzuʼ» deyiladi. «Vuzuʼ» soʼzi lugʼatda «goʼzallik» va «yaltirash» maʼnolarini bildiradi. Shariatda esa Аllohga qurbat hosil qilish niyati bilan baʼzi aʼzolarni yuvish «vuzuʼ» deb aytiladi.
Tahorat eng avvalo, Аlloh taolo tomonidan amr qilingan ibodatdir. U musulmon insonning gunohlari magʼfirat qilinishiga sabab boʼladi. Tahorat poklik demakdir. U insonni goʼzal qiladi. Sogʼlom boʼlishini taʼminlaydi va yana boshqa koʼplab foydalar keltiradi.
Аlloh taolo musulmonlarni har bir ibodatga tahoratli holda kirishiga buyurgan. Tahoratsiz namoz qabul boʼlmaydi. Bir kunda besh vaqt namoz oʼqiydigan odam doimo tahorat bilan poklanib yurishi kerak.
Аlloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلاةِ فاغْسِلُواْ وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُواْ بِرُؤُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَينِ
«Ey iymon keltirganlar! Namozga tursangiz, yuzlaringizni va qoʼllaringizni chigʼanoqlari ila, boshlaringizga mash tortib, oyoqlaringizni toʼpiqlari ila yuvinglar» (Moida 6-oyat).
Ushbu oyati karimadan hanafiy mazhabi ulamolari tahoratda toʼrtta farz borligini olishgan. Bular quyidagilardan iborat:
Yuzni yuvish.
Qoʼllarni chigʼanoqlari bilan qoʼshib yuvish.
Boshga mash tortish.
Oyoqlarni toʼpiqlari bilan qoʼshib yuvish.
Ulamolarimiz tahorat borasida kelgan hamma hadis va manbalarni oʼrgangan holda ishlab chiqqan tahorat odoblariga, bu boradagi qoidalarga nazar soladigan boʼlsak, bu haqiqatni yana ham toʼlaroq tushunib yetamiz.
Tahorat odoblari quyidagilar:
Qiblaga qarab oʼtirib tahorat qilish zarur. Tahorat ibodat boʼlgani uchun uni qiblaga qarab qilish kerak boʼladi.
Baland joyda oʼtirib tahorat qilish lozim. Ishlatilgan suvlar badan yoki kiyimlarga sachramasligi uchun shunday va bundan boshqa qulayliklarga ega boʼlish talab etiladi. Misol uchun, sovuq oʼlkalarda oftobda tahorat qilish qulay boʼlsa, oʼta issiq oʼlkalarda oftobda tahorat qilish koʼp noqulaylik va qiyinchiliklar tugʼdiradi. Shuning uchun tahorat qiladigan joy va sharoitlar qulay qilib olinsa, yaxshi boʼladi.
Tahorat qilishda uzri boʼlmasa, birovning yordamidan foydalanmaslik kerak. Chunki Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam aksar hollarda shunday qilganlar. Ibodatda mutavozelik, hamma narsani oʼzi bajarishi afzal sanaladi.
Tahorat paytida gapirmaslik darkor. Balki Аllohning zikri va duo bilan mashgʼul boʼlish maqbuldir.
Uzugi bor odamlar uni bir qimirlatib ostiga suv yetkazishi lozim.
Ogʼziga va burniga oʼng qoʼl bilan suv olib, burunni esa chap qoʼl bilan tozalab qoqish kerak.
Shoshilib qolmaslik uchun namoz vaqti kirmasidan tahorat qilishni boshlash kerak.
Suvni isrof qilmaslik talab etiladi.
Ishlatish oson boʼlishi uchun tahorat suvi solingan idishni oʼng tomoniga qoʼyib olsa qulay boʼladi.
Qalbdagi niyat bilan tildagi gapni birlashtirish.
Har bir aʼzoni yuvganda «Bismillah»ni aytib, duo oʼqish.
Tahorat qilib boʼlgandan keyin «kalimai shahodat»ni va rivoyatda kelgan duoni oʼqish.
Tahorat qilib boʼlgach, ikki rakat namoz oʼqish.
Musulmon inson kundalik hayotida doimo badanining maʼlum qismlari pok holda yurishi uchun tahorat yetarlidir. Islomda tahoratning oʼzi bilan kifoyalanib qolinmaydi. Balki musulmon insonga butun badanini pok tutish uchun Аlloh taolo gʼuslni ham farz qilgan.
4-kurs talabasi Xolmurodov Hamidulloh