Yoki ilmli bo‘l, yoki ilmga tayanib ish tutadigan bo‘l, loaqal ilmni tinglab eshitadigan bo‘l,
ammo to‘rtinchisi bo‘lma, chunki kasodga uchrab halok bo‘lasan.
Imom az-Zamaxshariy
Xorazm o‘lkasiga islom dini kirib kelishidan avval fors tilida so‘zlashilgan, keyinchalik islom dini va madaniyati kirib kelishi munosabati bilan u yerdan yuzlab muxaddis, faqih, naxvshunoshlar, lug‘atshunoslar, shoirlar va mufassir olimlar yetishib chiqdi. Shu buyuk olimlardan biri, islom dini yo‘lida qalam tebratgan, ilm taxsil olish yulida katta zahmat chekkan, ko‘hna Xorazm zaminida tug‘ilib jahon madaniyati va rivojiga munosib hissa qo‘shgan, nahv, tafsir, ilmul bayon va undan boshqa ko‘plab fanlarning imomi abul -Qosim az-Zamaxshariydir.
Ismlari Abu Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar bo‘lib, kunyalari Abul-Qosim Jarulloh az-Zamaxshariydir.U kishi hijriy 467-yil rajab oyining 27-kuni (1075-yil 19-mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri — Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdilar. Otalari unchalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo‘lganlar va aksar vaqtini Qur’on tilovati va namoz o‘qish bilan o‘tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilganlar. Zamaxshariyning onalari ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan. Zamaxshariylar oilasi mu’taziliy ta’limotiga mansub bo‘lib, yosh Mahmudni dunyoqarashlari mana shu dindor, taqvodor otalari ta’sirida shakllandi va dastlabki bilimni ham o‘z otalaridan oldilar. Imom Zamaxshariy ilmga qattiq qiziqqanlari bois otalaridan Buxorodagi madrasalarda ta’lim olishga ruxsat so‘raydilar. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan qiziqishni ko‘rib otalari ham ruxsat berdilar. Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zo‘r iste’dodini namoyon qila boshladilar. U kishi madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyotini, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadilar. O‘sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallaydilar. Imom Zamaxshariyni tashqi qiyofalari borasida tarix kitoblarda shunday bayon qilinadi. “Imom az-Zamaxshariy bir oyog‘i kesilgani bois bir tayoq bog‘lab, ustilaridan uzun yaktak kiyib yurardi, ko‘rgan insonlar uni oyog‘i qiyshiq ekan deb o‘ylashardi. U kishi Bog‘dodda yurganliklarida Axmad ibn Ali ibn Xamid Abul- Hasan Damig‘oniy bir oyoqlarini kesilganligi haqida so‘radilar, shunda u kishi: “Bolaligimda chumchuqni o‘ynab yurib, oyog‘ini ip bilan kesib tashladim. Buni ko‘rgan onam qattiq jahllari chiqib: “Chumchuqni oyog‘ini kesganing kabi Alloh sening ham oyog‘ingni kessin”, deb qarg‘ab yubordilar.Ilm talabida Buxoroga ketyotganimda yo‘lda ulovimdan yiqilib oyog‘im sinib qoldi og‘riq qattiq bo‘lgani uchun kesib tashashga majbur bo‘lindi”- dedilar.
Imom Zamaxshariy bolalik yoshidan to oltmish olti yoshigacha ilm oladilar ko‘plab ilmlarni Buxoro ulamolaridan oldilar. Zero o‘sha vaqtda Buxoro ayni ilm maskani bo‘lib ulamolar adiblar mutafakkirlar jamlangan diyor hisoblangan. Imom Zamaxshariy naxv, lug‘at, mantiq, xadis, tafsir, adabiyot va boshqa fanlar bo‘yicha alloma bo‘lib yetishdilar. Zamaxshariyning o‘z davri ilmlarini to‘liq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo‘lgan. Mana shunday ustozlardan biri — til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir (1113 yili Marvda vafot etgan). Al-Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat yashagan.
Az-Zamaxshariy Bag‘dodda shayx ul-islom Abu Mansur Nasr al-Xorisiy, Abu Saad ash-Shaqqoniy, Abul Xattob ibn Abul Batar kabi mashhur olimlardan hadis ilmidan tahsil odilar. Makkada bo‘lganlarida esa nahv va fiqh bo‘yicha ilmlarni Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat ibn Muhammad ibn Abdulloh al-Yabiriy al-Andalusiy, Shayx as-Sadiyd al-Xayyatiy, lug‘at ilmini esa Abu Mansur Mavhub ibn al-Xadar al-Javoliqiy kabi mashhur olimlardan o‘rgandi.
Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Hijozda, ikki marta Makkada bo‘ldilar va bu zaminlarda ilmiy ishlarini davom ettirdilar, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rgandi. Shuningdek, o‘zi bo‘lgan mintaqalarning jug‘rofiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to‘pladilar. Adib ko‘p asarlarini Makkai mukarrama shahrida yozdilar. Makka shahrida besh yilga yaqin istiqomat qildilar.Shu boisdan u zot Jorulloh (Allohning qo‘shnisi) degan sharafli nomga sazovor bo‘ladilar. Arab tilshunosligi va grammatikasiga oid asarlari Zamaxshariy ijodida salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid «Al-Mufassal» (1121-yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytlarida, bir yarim yil davomida yozganlar. «Al-Mufassal» arab tili nahv sarfini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi. Ko‘pchilik olimlar o‘z ilmiy qimmati jihatidan az-Zamaxshariyning bu asari taniqli arab tilshunosi Sibavayhning (796 yili vafot etgan) arab grammatikasiga oid yozgan “Al-kitob”idan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, deb ta’kidlaganlar. O‘sha davrning o‘zidayoq arablar orasida ham bu asar katta e’tibor qozongan va arab tilini o‘rganishda asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida keng tarqalgan.
Zamaxshariyning g‘oyatda keng tanilgan «Al-Kashshof an haqoiq g‘ovamizi at-tanziyl va uyunul aqoviyl fi vujuhi at-ta’viyl» («Qur’on haqiqatlari va uni sharhlash orqali so‘zlar ko‘zlarini ochish») asari Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan. Zamaxshariyni Al-Kashshof asari haqidagi o‘zi yozgan baytlari kitobni qanchalik muhim ekanligini bayon qiladi.
إن التفاسير في الأرض بلا عدد وليس فيها لعمري مثل كشافي
إن كنت تبغي الهدى فالزم قراءته فالجهل كالداء والكشاف كالشافي.
Olamda tafsirlar son-sanoqsizdir,
Umrimga qasamki kashshofimga o‘xshashi yo‘qdir.
Agar hidoyat topishni istasang, uni o‘qish lozimdir,
Bilimsizlik kasallik kabidir kashshof shifodir
Ma’lumki, O‘rta asrlardan boshlab Qur’onni tafsir bilan o‘qish odat tusini olgan. Shu boisdan ham Qur’on nozil bo‘lgan davrdan boshlaboq unga bag‘ishlangan tafsirlar yozishga katta ehtiyoj sezilgan. Turmush taqozosi bilan shunday vaziyatda islom tarixida Qur’onga bag‘ishlangan ko‘pdan-ko‘p tafsirlar vujudga kelgan. Zamaxshariy ham tafsir yozishdan avval o‘zidan oldin yozib ketilgan Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan ko‘plab asarlarni qunt bilan o‘rganganlar. «Al-Kashshof» kitobi Zamaxshariy Makkada turgan paytlarida, uch yil davomida (1332— 1334) yozilgan. Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid o‘lmas asarlari hali u hayotlik paytidayoq u kishiga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan «Ustoz ul-arab va-l-ajam» («Arablar va arab bo‘lmaganlar ustozi»), «Faxru Xurazm» («Xorazm faxri») kabi sharafli nomlar bilan ataganlar.
Imom Zamaxshariy qarindosh-urug‘larining qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylanmaganlar. Ilmiy asarlar yozish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand o‘stirishdan a’lo deb hisoblagan. Imom Zamaxshariy qaysi shaharga borsalar ko‘plab kishilar u kishiga shogird tushib u kishidan ilm olishga jiddu-jahd qilgan, ulardan Abu Umar Omir ibn al-Hasan as-Samsar, Abul-Maxosin Ismoil ibn Aliy at-Tubla, Aliy ibn Iydo ibn Xamza ibn Vahhos ibn Abdul Muttolib.
Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib, Xorazmda bir necha yil yashaydilar va hijriy 538 yilda, arafa kechasi (1144-yil 14-aprel) vafot etadilar.
1333 yili Xorazmda sayohatda bo‘lgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304-1377) «Ar-Rihla» («Sayohatnoma») asarida Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganini yozadi. Imom Zamaxshariy vafotlaridan oldin qabrtoshlari ustiga quyidagi baytlarni yozishlikni vasiyat qiladilar.
إلهي قد أصبحت في ضيفك في الثرى وللضيف حق عند كل كريم
فهب لي ذنوبي في قراي فإنها. عظام لا يقري بغير عظيم
Alloh taolo Imom az-Zamaxshariyni oxiratlarini obod etsin, qiyomat kuni Firdavs jannati bilan mukofatlasin, bizga qoldirgan oltin meroslarini o‘qib manfaat olishimizni nasb etsin.
Toshkent islom instituti talabasi
Xasanov Husniddin