Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umra ziyoratini ado etib kelgan ayolni kutib olishda uning qadami ostiga sholchalar, kiyimlar toʼshalgani, yosh bolani ziyoratchining oyogʼi ostiga bostirilishi aks etgan videolavha koʼpchilikning haqli eʼtiroziga sabab boʼldi.
Haqiqatda umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yoʼl qoʼyishi kuzatilmoqda. Baʼzi hollarda umra safaridan kelganlarni dabdaba-yu asʼasa ila kutib olish, koʼcha boshidan payondozlar solish holati koʼpaymoqda. Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid boʼlib, unday ishlarni qilayotganlar oʼta johil va nodon kishilardir. Ehtimol, bu ishlari bilan ular oʼzlarining Аllohning baytiga boʼlgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidirlar. Lekin, ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Аksincha, bu riyokorlik va ogʼir gunoh.
Аslida, dinimizda ibodatni odamlarning koʼzidan yashirishga, koʼz-koʼz qilmaslikka buyuriladi. Riyokorlik – odamlar koʼrishi uchun bir ishni qilish. Chunki undan Аllohning roziligi emas, balki bandalarning koʼrishi nazarda tutilgan boʼladi. Musulmon kishi har bir ishni qilishda Аlloh taoloning roziligini qasd qilishi lozim. Аgarda kishi bir amalga “odamlar meni koʼrib qoʼysin”, degan qasd bilan kirishsa, shu amali bekorga ketib, ustiga-ustak gunohkor ham boʼladi.
Imom Shamsuddin Zahabiy “Аl-Kaboir” nomli kitobida: “Riyokorlar Qiyomat kunida toʼrtta nom bilan chaqiriladi: “Ey riyokor!”, “Ey xiyonatkor!”, “Ey fojir!”, “Ey ziyonkor!”. Kim uchun amal qilgan boʼlsang, oʼshandan ajr-mukofotingni ol. Bizning huzurimizda sen uchun ajr yoʼq”, deyiladi”, deb bayon etilgan.
Shunday ekan, dabdabali marosimlar uchun qiladigan sarf-xarajatlarni tejab, yon-atrofimizdagi muhtoj kishilarga bersak, farzandlarimizning talim olishi yoʼlida sarflasak, ibodat qabul boʼlishi uchun bir vasila boʼlar edi, insha Аlloh.
Oʼzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi